Agrosanoat majmuasi 

9 649

 O'zbekiston iqtisodiyotida agrosanoat majmuasi tarmoqlararo majmualarning eng asosiysi - yetakchisidir. ASMda qishloq xo'jaligi markaziy o'rin egallaydi. Zero, qishloq xo'jaligida yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlaydigan yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ham ASM tarkibidadir. Bulardan tashqari, qishloq xo'jaligida foydalaniladigan mexanizmlarni ishlab chiqaradigan va ularni ta'mirlaydigan korxonalar, mineral o'g'it hamda o'simlik zararkunandalariga qarshi qo'llanadigan moddalar ishlab chiqaradigan kimyo sanoati tarmoqlari ham ASMga kiradi. Bu tarmoqlar aslida og'ir sanoatga tegishli bo'lsa-da, ammo ular ASMda birinchi guruhni, qishloq xo'jaligi esa ikkinchi guruhni va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi tarmoqlar uchinchi guruhni tashkil etadi. 
 Mamlakat ishchi kuchlarining asosiy qismi ASM tarmoqlarida mehnat qiladi. Shuningdek, chakana savdoning asosiy qismini qishloq xo'jaligi mahsulotlari yoki qishloq xo'jaligi mahsulotlaridan qayta ishlab tayyorlangan tovarlar savdosi tashkil etadi. Xullas, xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to'kinligi, yana ham muhimi, aholining ish bilan bandligi ASM holatiga bog'liq. Ammo qishloq xo'jaligi, jumladan, unga bog'liq tarmoqlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xalqimiz talabini qondira oladigan darajada emas. Oqibatda sanoat mollari qatori ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham chetdan keltirilmoqda. Yaqin-yaqingacha paxta yetishtirish hajmi bo'yicha jahonda ikkinchi o'rinni egallab kelgan O'zbekistonda ASM imkoniyatlarining bunday zamon talabida emasligi qishloq xo'jaligini tashkil etish va boshqarishdagi nomaqbul yo'l - ma'muriy buyruqbozlik usulining oqibatidir. Sho'rolar boshqaruv usuli dehqonlarni yerga egalikdan butkul mahrum etdi. Natijada moddiy manfaatdorlik, ayniqsa, tadbirkorlik zavol ko'rib, qishloq xo'jaligida ishlashga ishtiyoq ancha susaydi. Bunday salbiy holatlarni tuzatish maqsadida mustaqillikning dastlabki yilidanoq boshqaruvning bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o'tila boshlandi. Natijada qishloq xo'jaligida dehqon xo'jaligi, fermer xo'jaligi, shirkat xo'jaligi singari mulkchilikning xilma-xil shakllari qaror topib takomillashmoqda. Endilikda qishloq xo'jaligida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi fermer va dehqon xo'jaliklari hissasiga to'g'ri kelmoqda. Ammo sanoatsiz qishloq xo'jaligini rivojlantirib bo'lmaydi. Qishloq xo'jaligi sanoatdan boshlanib (ishlab chiqarish vositalari, ma'danli o'g'itlar ishlab chiqarish), sanoat bilan tugallanadi (yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash). Bu ikki tarmoq o'rtasidagi aloqa agrosanoat integratsiyasi atalib, u tobora chuqurlashib boraveradi. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.