Payoz Musayev 

4 232

 Musayev Payoz G`iyos qori o’g`li
(1935-2016) 

 Mustaqillik davri maktab geografiya ta’limini asoschisi, "Maktab geografiyasini qayta qurishning ilmiy uslubiy konsepsiyasi”, umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun geografiyadan Davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari, "Maktab geografiya darsliklarini yaratish mezonlari” kabi ilmiy ishlari muallifi Payoz Musayev endi oramizda yo’q. 

  «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi» G`iyos qori Musayev oilasida 1935-yil 20-oktyabrda dunyoga kelgan olim Toshkentdagi 111-o’rta maktabni bitirgach, 1958-1963-yillarda Toshkent Davlat kechki pedagogika institutida o’qib, kunduzi 33, 22-maktablarda geografiyadan dars bergan. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatgach, asosiy faoliyati  Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida kechgan. 1964-1967-yillarda institut aspiranturasida o’qigan.

Aspiranturaga qadar o’qituvchilik faoliyatida shakllanib, maqsadga aylangan ta’lim-tarbiyani milliylashtirishga oid qarashlarini geografiya fani misolida ilmiy asoslamoq uchun «O’zbek maktablarida iqtisodiy geografiyasi o’qitish xususiyatlari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlagan. Bu mavzu keyinchalik O’zbekiston maktablarida umumiy o’rta ta’limning mazmun va metodlarini modernizatsiyalashga turtki bo’lgan.

Olim boshchiligida 5-sinflar uchun "Tabiiyot” birikma kursi va darsligi yaratilgan, «Tabiiy geografiya», 6-sinflar uchun «Materiklar va okeanlar geografiyasi» darsliklari yangicha tarkibiy tuzilish, yangicha mazmunda nashr qilingan. «O’zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» darsligi birinchi marta mustaqil kurs maqomida ishlab chiqilgan.
 
Payoz Musayev ilmiy faoliyati natijasi nashr etilgan 3 ta monografiya, 4 ta darslik, 18 ta risola va 200 dan ortiqilmiy-metodik maqolalar pedagogik amaliyotga singib bormoqda. Darhaqiqat olim tadqiqotlarining asosiy qismi maktabda gegrafiya o’qitish muammolariga bag`ishlangan bo’lib, ular dastur, darslik va metodik qo’llanma tarzida ko’p adad bilan chop etilgan. Bosma nashrlar bilan bir qatorda uzluksiz ravishda televideniya va radio orqali ko’rsatuv hamda eshittirishlar olib borgan. Birgina "Geografiya” o’quv ko’rsatuvi uning muallif va boshlovchiligida 17 yil davomida efirga uzatilgan.

Faoliyati davomida ilmiy ishlari bilan bir qatorda o’qituvchilik va murabbiylikni kanda qilmadi. Maktab sohasidagi tadqiqotlarini samarali bo’lishi uchun umumta’lim maktablarida uzluksiz dars berib keldi. Shuningdek, turli viloyatlardagi xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish institutlarida, A.Avloniy nomidagi Rahbar xodimlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash markaziy institutida rahbar xodimlar va geografiya o’qituvchilariga muntazam ma’ruzalar o’qidi. 

U O’zbekiston Xalq ta’limi tizimida geografiya ta’limi bo’yicha ilmiy-metodik kengash (IMK) va olimpiada o’tkazuvchi respublika hay’atining jamoatchi a’zosi, rais o’rinbosari, rais lavozimlarida ish olib bordi.

1985-1991-yillarda "География в школе” (sobiq Pedagogika Fanlari akademiyasining jurnali)da maslahat hay’ati a’zosi, "O’zbekiston geografiya jamiyatining axboroti” yillik ilmiy-uslubiy to’plamining tahrir hay’at a’zosi bo’lib, 1993-yilda "Dunyo” fasliy majmuasi (jurnali) maslahat hay’atining "Dunyo mamlakatlari” bo’limiga rahbar qilib tayinlandi.
 
Payoz Musayev ilmiy rahbarligida 4 nafar tadqiqotchilar geografiya o’qitish metodikasi bo’yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

Ilmiy-pedagogik faoliyatining e’tirofi sifatida yuksak mukofotlar (3 medal, O’zbekiston Respublikasining faxriy yorlig`i va boshqa ko’plab yorliqlar, «Xalq ta’limi a’lochisi» ko’krak-nishoni) bilan taqdirlandi. Olimning pirovard maqsadi, muqaddas orzusi o’zbek milliy maktabi yaratildi. O’zbekona qadriyatlarga asoslangan maktab yaratish yo’lidagi umummilliy jarayonga izlanishlari bilan hissa qo’sha oldi.

Mustaqil O’zbekistonning birinchi Xalq ta’limi vaziri Jo’ra G`aniyevich Yo’ldoshev olim haqida shunday degan edi: "Istiqlolning tahlikali va o’ta ma’suliyatli dastlabki yillarida mustaqillik taqozosi o’laroq boshqaruvni isloh qilish barobarida sho’ro davrining ta’lim tizimi va mazmunini tubdan modernizatsiya qilish vazifasi qo’yildi. Bu murakkab ish Xalq ta’limi vazirligi, mamlakat intellektual salohiyati, hususan pedagog olimlar uchun o’ziga hos sinov bo’ldi. Fidoiy pedagog olimlar izlanishlari, sayi-harakatlari evaziga favqulotda qisqa muddatda O’zbekistonning o’ziga xos va mos ta’lim tizimi shakllandi. Shu davr ichida ta’lim mazmuni yangilandi. Har bir o’quv fani bo’yicha standartlar tuzildi. Dasturlar yangilandi. Darsliklarning yangi avlodlari yaratildi. Bu jarayonda Payoz Musayev samarali izlandi, ko’p va xo’p yozdi. "O’zbekistonning o’rta ta’lim maktabi konsepsiyasi”, "Davlat ta’lim standarti”, "Tayanch o’quv reja” kabi ustuvor me’yorlar yaralishida domla ko’rsatgan jonbozliklardan hamon zavqlanaman.” (P.Musayev "Ta’lim sarhadlari”, Toshkent 3-bet)

 Payoz Musayev izlanish zahmatining muhtasar xulosalari quyidagicha edi:
  • geografiya integrativ fan, zotan uni mukammal bilish qomusiy bilim sohibi bo’lish demak.
  • geografiya o’qitish metodikasini geografiya fanining ildizidan axtarmoq lozim.
  • Mashhur geograf Nikolay Baranskiy hayot bo’lganida "Har qanday sayohat kartadan boshlanib kartaga tugallanadi” iborasini "Har qanday sayohat internetdan boshlanib internetdan joy oladi” deb o’zgartirgan bo’lardi. 
Alisher Hojimatov,
          geografiya fanlari nomzodi, dotsent

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.