Aleksandr Gumbol`dt
Aleksandr GUMBOLDT
(1769-1859)
Nemis tabiatshunosi, geografi va sayyohi Aleksandr Gumboldt ilmiy qarashlarining nihoyatda kengligi bilan zamondoshlarini hayron qoldirgani bois «XIX asrning Aristoteli» degan nomga sazovor bo`lgan edi. Serqirra olim Yevropa, Markaziy va Janubiy Amerikadagi turli mamlakatlar tabiatini chuqur o`rgangan. A.Gumboldt o`z asarlari bilan Yer qobigidagi Qattiq, suyuk va havo qobiqlari o`rtasidagi qonuniyatlarni o`rganishga qaratilgan tabiiy geografiyaga asos solgan desak, xato bo`lmaydi. O`simliklar
geografiyasi fani va hayot shakllari haqidagi ta’limot asoschilaridan biri
bo`lgan. A.Gumboldt vertikal zonallik g`oyasini ilmiy isbotlab bergan, Umumiy
Yer bilimi, iqlimshunoslik kabi fanlarning rivoji uchun asos yaratgan.
Fridrix
Genrix Aleksandr fon Gumbol`dt 1769-yilning 14-sentyabrida Berlinda tug`ilgan.
Berlinda yashab, xususiy tarbiyachilar qo`lida turli fanlardan bilim olgach,
1787-yilda akasi Vilgelm bilan Oderdagi Frankfurt shahriga ko`chib o`tdi va
shu yerdagi universitetga o`qishga kirdi. Oderda bir yil o`qigach, yana
Berlinga qaytib, Gettingem universitetida grek tili, texnologiyalar va botanikani
o`rgangan. Shu bilan birga mustaqil ravishda klassik adabiyot, tarix,
tabiatshunoslik va matematika fanlari bilan qiziqqan.
A.Gumboldt
1790-yilning mart oyida Reyn daryosi bo`ylab dastlab Gollandiyaga, so`ng u
yerdan Fransiya va Britaniyaga sayohat qildi. Geologiya fani sirlari bilan
yaqindan tanishish va Freyberg akademiyasining shuhrati olimni Germaniyaning
Freyberg shahriga yetakladi va bu yerda geologiya va mineralogiya fanlarini
chuqur o`rgandi. Olim 23 yoshidayoq geologiya, botanika va fiziologiya fanlari bo`yicha
keng bilimlarga ega bo`lib, bu sohillardagi o`zining qator izlanishlarini chop
ettirgan ham.
A.Gumboldt
1799-yilda Markaziy va Janubiy Amerika bo`ylab uzoq muddatli sayohatga chiqib,
besh yildan so`ng, ya’ni 1804-yilda Yevropaga qaytib kelgan. Mazkur sayohatga
qadar Janubiy Amerikaning ichki mintakalaridagi faqat bitta shahar - Kito aniq
geografik koordinatalarga ega edi va ushbu materik geologiyasi haqida esa
yevropaliklarga deyarli hech narsa ma’lum emas edi.
Sayohatlari
davomida A.Gumboldt Janubiy Amerikadagi qator aholi punktlarining geografik
koordinatalarini, 700 dan ortiq tepalik va tog` cho`qqilarining gipsometriyasini
aniqladi. Hududni geografik, geologik va orografik nuqtai-nazardan tadqiq etdi,
uning iqlimiga oid qimmatli ma’lumotlarni to`pladi va o`ziga xos tomonlarini ko`rsatib berdi.
Shuningdek, olim to`rt ming turdan ortiq, shu jumladan, 1800 ga yaqini fan
uchun yangi bo`lgan o`simliklarni o`z ichiga olgan yirik botanik kolleksiya
yig`ishga muvaffaq bo`lgan ham.
Germaniyalik
olim tomonidan Amazonka va Orinoko daryolari tizimining o`zaro bog`liqligi
isbot qilinib, qator daryolar, tog` tizmalarining yo`nalishlari, Janubiy
Amerikaning g`arbiy qirg`oqlaridagi dengiz oqimi xaritaga tushirilgan. Janubiy
Amerika mamlakatlari aholisi, etnografiyasi, arxeologiyasi, tarixi va siyosiy
ahvoli ham A.Gumboldt nazaridan chetda qolmagan va olim bu borada katta
hajmdagi qimmatli ma’lumotlar to`plaganini ta’kidlash lozim.
Gumboldt va uning shogirdlari tomonidan
Amerika sayohati natijasida yig`ilgan ma’lumotlarni umumlashtirish va chop
etish uchun 26 yil vaqt sarf qilingan. «Amerika sayohati» asarining 1-jildi
1807-yilda va so`nggi 30-jildi 1833-yilda chop etilgan va jami 1425 ta jadvalni
o`z ichiga oladi.
1827-yil
noyabrdan 1828-yil aprelgacha Berlinda davom etgan ilmiy munozaralarda «dunyo
tabiatining tasviri haqida» qilgan ma’ruzalari uchun A.Gumboldt Quyosh tasviri
tushirilgan va «Dunyoni yorqin nurlar bilan yoritayotgan shaxs», degan yozuv
tushirilgan medalga sazovor bo`lgan.
Rus
imperatori Nikolay II «mamlakat va fan manfaati» uchun Rossiyaning Sharqiga
sayohat uyushtirishni taklif etgach, A.Gumboldt 1829-yilda Peterburg shahriga
keldi. Sayyoh dastlab Mosk- vaga, keyin Nijniy Novgorodga borib, u yerdan Volga
daryosi orqali Qozon shahriga, keyin Perm
va Yekaterinburg shaharlariga sayohat qildi. Quyi va o`rta Ural tog`larini bir
necha hafta davomida geologik jihatdan o`rganib, Sibir kengliklarini tadqiq
qilgan.
Olimning
Rossiyadagi sayohati davomida ilmiy jihatdan o`rgangan so`nggi joy Astraxan
shahri va Kaspiy dengizi bo`lgan, chunki u o`z asarlaridan birida «Kaspiy
dengizini ko`rmasdan o`lishni hecham xohlamas edim», deb yozgan edi.
Gumboldtning Rossiyaga safari natijalari uch jildli kitob bo`lib «Markaziy
Osiyo» nomi bilan bosilib chiqqan.
Fan oldidagi xizmatlari uchun 1842-yilda
A.Gumboldt Fridrix II tomonidan ta’sis etilgan harbiy orden bilan
taqdirlangan. Fridrix Vilgelm IV esa uni Germaniya va Yevropadagi fan, san’at
va adabiyotning buyuk vakillariga beriladigan orden bilan mukofotlagan. Bundan
tashqari, olim dunyoning turli mamlakatlari, hukumatlari va ilmiy tashkilotlarining
ko`p sonli mukofotlariga ham sazovor bo`lgan. Uning nomi qator geografik, botanik
va zoologik adabiyotlarda abadiylashtirilgan, turli geografik ob’ektlar,
daryolar, tog`lar va dengiz oqimlariga uning nomi berilgan.
Aleksandr
Gumbol`dt faoliyatining ilmiy-ommabop tomoni yozilishi 1796-yildayoq
rejalashtirilgan «Koinot» nomli asarida o`z aksini topgan. Ushbu asarning
birinchi jildi 1845-yilda «Koinot: tabiiy olamni tasvirlash rejasi» nomi bilan
nashr etilgan. Uning muqaddimasida Gumboldt shunday yozgan: «Ijodiy hayotimning
yuksaklik davrida qariyb yarim asr qalbimda olib yo`rgan asarimni nemis
ommasiga taqdim etaman». «Koinot» asari XIX asrning birinchi yarmidagi ilmiy
bilimlarning jamlanmasi hisoblanadi. Kitobning ko`pchilik qismlarida yoritilgan
bilimlar hozirgi zamon nuqtai-nazaridan bir oz eskirgan bo`lsa-da, ammo u o`z
davrining bilimlari darajasini aks ettiruvchi yorqin asar bo`lib qolaveradi.
A.Gumboldt 1859-yilda 90 yoshida vafot etgan. Zamondoshlarining
so`zlariga ko`ra, tabiat olimga beqiyos kuch-g`ayrat ato etgan va u 90 yoshida
ham tetik va sog`lom bo`lib, «Koinot» asarining 5-jildi ustida ish olib
borayotgan edi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.