David Livingston 

8 545

David Livingston                                           

(1813-1873)
 
  Buyuk geografik kashfiyotlar davrida aksariyat sayohatlar yangi mustamlakalarni ochish maqsadida uyushtirilgani bois, Yer sharining yevropaliklarga noma’lum bo`lgan qismlaridagi mahalliy aholi sayyohlarga birmuncha shubha bilan qarashgan. Ammo no­ma’lum yerlarni ochgan sayyohlarning ko`pchiligi o`zlari kashf etgan joylardagi yerli aholining ahvolini yaxshilash borasida birmuncha xayrli ishlarni amalga oshirishgan. Ana shunday sayyohlardan biri Afrika qit`asining markaziy va janubiy qismlarini chuqur o`rgangan va bu materikni birinchi bo`lib kesib o`tishga muvaffaq bo`lgan shotlandiyalik tadqiqotchi David Livingstondir.
 D.Livingston 1813-yilda Glazgo shahri yaqinidagi Blantayr shaharchasida tug`ilgan. 10 yoshidan to`qimachilik fabrikasida ishlab, turli fanlarni mustaqil o`rgandi. 23 yoshida kollejni, so`ng Glazgo universitetini tugatib, vrach mutaxassisligini olgan. Keyin Angliya missionerlar jamiyatiga murojaat qilib, o`zini Janubiy Afrikaga yuborishlarini so`ragan.
  D.Livingston 1840-yilda Kalaxari cho`li janubidagi Kuruman shahriga yetib keldi va yetti yil davomida bechuanlar mamlakatida istiqomat qilib, turli sayohatlarni amalga oshirdi. O`sha davrlarda sayyohda Janubiy Afrikadagi barcha daryolarni tadqiq qilish g`oyasi tug`ilgan. Aytish kerakki, sayyoh butun umri davomida Afrika qit`asining ichki qismlariga tabiiy suv yo`laklari orqali borish yo`llarini qidirgan. Shu bois ham Afrikani kashf qilish tarixida D.Livingston nomi haqli ravishda «daryolarni izlovchi sayyoh» sifatida qolgan.
  1849-yilda D.Livingston Kalaxari cho`lini janubdan shimolga kesib o`tib, birinchi bo`lib uning landshaftlariga ta’rif bergan. 1851-yilda uyushtirilgan sayohat o`sha paytgacha yevropaliklarga noma’lum bo`lgan Zambezi daryosining kashf etilishiga sabab bo`ldi. Keyingi besh yil davomida bir necha bor tashkil etilgan ekspeditsiyalarda ushbu daryo har tomonlama o`rganildi.  D.Livingston rahbarligida Atlantika okeani qirg`oqlaridan boshlangan eks­peditsiya Zambezi daryosining Hind okeaniga quyilish joyigacha bo`lgan hududlarni tadqiq etib, daryoning kemachilik nuqtai-nazaridan imkoniyatlarini o`rgangan.
  D.Livingston yevropaliklardan birinchi bo`lib mahalliy mako-lolo qabilasi «Mozi-oa-tunya», ya’ni «gumburlovchi tutun», deb ataydigan sharsharani kashf etishga muvaffaq bo`lib, unga o`sha paytdagi ingliz qirolichasi sharafiga «Viktoriya sharsharasi», deb nom bergan. Haqiqatan ham, balandligi - 120, eni - 1800 metr bo`lgan ushbu sharshara dunyodagi eng yirik sharsharalardan biri bo`lib, shovqini uzoq-uzoqlardan eshitilib turadi. Sharshara Afrikaning Zambiya va Zimbabve davlatlari o`rtasida joylashgan. Sharshara dunyo noyob tabiiy obidalari ruyxatiga kiritilgan. Mazkur hududda turli sayohat yo`nalishlari tashkil etilgan va ular butun dunyodan tashrif buyuradigan sayyohlar bilan gavjum.
  1856-yil may oyida D.Livingston ekspeditsiyasi Hind okeani qirg`oqlariga yetib kelgan va sayyoh, yevropaliklardan birinchi bo`lib, Afrika qit`asini kesib o`tgan. Afrikaga sayohatlarining natijasi sifatida D.Livingston 1857-yilda «Tadqiqotchi va missionerning Janubiy Afrikaga sayohati» asarini yozgan va bu kitob uning yevropalik olimlar o`rtasida tuzukkina tanilishiga sabab bo`ldi. Bundan tashqari, Afrikani tadqiq etishdagi xizmatlari uchun Bri­taniya Qirollik Geografiya jamiyati sayyohni oltin medal bilan takdirlagan.
 1858-1864-yillarda D.Livingston Afrikaga bir necha bor eks­peditsiya uyushtirib, Zambezi va Liambe daryolarining bitta daryo xavzasiga tegishli ekanini isbot qilgan hamda Nyasa ko`li, Shirve daryosi va boshqa bir qator ko`llarini kashf etib, xaritaga tushirgan. 1865-1871-yillar davomida sayyoh Markaziy Afrikadagi bir qator gidrografik tizimlarni, jumladan, Tanganika va Nya­sa ko`llarini, Kongo va Nil daryolarining boshlanish qismlarini tadqiq etib, bu boradagi yevropalik olimlar o`rtasida o`sha paytda mavjud bo`lgan ba’zi bir noto`g`ri tasavvurlarga chek qo`ygan.
 1871-yilda D.Livingston Tanganika ko`lining shimoliy qism­larini o`rganib, o`zidan oldingi sayyohlar bergan ma’lumotlar noto`g`ri ekanini va ushbu ko`l Nil daryosining boshlanish qismi emasligini isbot qildi.
  D.Livingstonni «sher og`zidan kutulib qolgan sayyoh,» ham deyishadi. Bunga sabab shuki, Namibiyaning Kuruman shahri yonida sher oviga chiqqanda, unga sher hamla qilgan. Sayyoh shunchalik qo`rqib ketadiki, natijada tovushi chikmay, joyida qotib qolgan. Qo`rquv bi­lan bog`lik o`ziga xos falajlik holati sayyohni muqarrar o`limdan saqlab qolgan, deyish mumkin. Chunki o`lik jonzotlar go`shtini tanovul qilmaydigan hayvonlar podshosi qimirlamay qolgan sayyohni hidlab ko`rgach, o`lgan, deb o`ylab, chetlangan. Bu holat D.Li­vingstonni ko`zatib kelayotgan yerli aborigenlarning unga nisbatan bo`lgan hurmatining yanada oshishiga olib kelgan va sayyoh ularning nazdida «Muqaddas kishi»ga aylangan.
  D.Livingston 1873-yilning 1-mayida Bangveulu ko`li yaqinidagi Chitambo qishlog`ida vafot etgan. Britaniya hukumati sayyohni hurmat-ehtirom bilan Londonda dafn etishini ma’lum qildi. Ammo Livingstonga mehri baland bo`lgan Afrikaliklar uning jasadini inglizlarga berishdan bosh tortishgan. Uzoq muzokaralardan so`ng afrikaliklar sayyohning yuragini olib, Bangveulu ko`li atrofiga dafn etdilar. Bu harakatlarini afrikaliklar «inglizlar sayyohning tanasini olib ketishsa-da, uning yuragi Afrika bilan abadiy koladi», deya izohlashgan.
  Sayyohning tanasini esa af­rikaliklar tuzlab, quritib, 9 oy davomida 1500 km masofani bosib o`tib, Sharqiy Afrikadagi Bagamoyo bandargohiga olib keldilar va dengiz orqali Londonga jo`natdilar. Sayyoh Vest­minster abbatligidagi qirollar va mashhur kishilar mavzoleyida dafn etildi. Sayyoh umrining oxirgi yillaridagi kundaliklari asosida yaratilgan «David Livingstonning so`nggi sayohati» asari 1874-yilda Londonda chop etilgan.  
  D. Livingston o`z xayotining asosiy qismini Afrikani o`rganishga bag`ishlagan va ushbu qit`a bo`ylab 50 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o`tgan. U qora tanli afrikaliklarni himoya qilishni yoqlab chiqqan yuqori tabaqali birinchi yevropalik edi. Sayyoh, Afrikada o`sha paytlarda avj olgan ko`l va odam savdosiga keskin qarshi chiqqan va ushbu qit`a bilan teng hamkorlik qilish tarafdori bo`lgan.
  Shuning uchun afrikaliklar D.Livingstonni juda hurmat qilishar va sayohatlari davomida unga har tomonlama yordam berishar edi. Afrikaliklar sayyohni hozirga qadar ham chuqur hurmat bi­lan esga oladilar. Malavidagi Livingstoniya shahri, Zambiyadagi Livingston (Maramba) shahri, Kongo daryosining quyi oqimidagi sharsharalar, Nyasa ko`li qirg`oqlaridagi tog`larning sayyoh nomi bilan atalganligi afrikaliklarning D.Livingstonga bo`lgan yuksak ehtiromidan darak beradi. Shuningdek, Viktoriya sharsharasining etagida D. Livingston haykali o`rnatilgan bo`lib, Malavi davlatidagi eng yirik shahar Blantayr, ya’ni sayyoh tug`ilgan joy nomi bilan atalgan.
 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.