Muxriddin Avezov 

4 862

 
 
Geografiya fanining ijtimoiy nufuzini, o’quvchilarning mazkur fanga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish, zamonaviy geografik bilimlarni targ`ib etishning eng yaxshi va samarali usullari – bu fan bo’yicha yangi Davlat ta’lim standartlari va o’quv dasturlari, darsliklar, o’quv hamda o’quv-uslubiy qo’llanmalar tayyorlab, chop etishdir. Respublikamizda bugungi kunda geografik bilimlarni keng kitobxonlar ommasiga yetkazish, geografiya va uni o’qitish metodikasiga oid ana shunday betakror qo’llanmalar muallifi Muxriddin Avezovdir. 
 
M.Avezov 1994-yil 26-iyulda Buxoro viloyati Qorako’l shahrida tug`ilgan. 2000-yilda Qorako’l tumanidagi 20-umumiy o’rta ta’lim maktabining birinchi sinfiga qabul qilingan. Maktabda o’qish davrida M.Avezov ta’lim jarayonidagi namunali xulqi va a’lo o’qishi tufayli maktab ma’muriyati va Qorako’l tuman XTBning 10 dan ortiq maqtov yorliqlari bilan mukofotlangan. Shu bilan birgalikda, 2008 yilda «Siz qonunni bilasizmi?» respublika ko’rik-tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida o’zi tahsil olgan maktab sharafini munosib himoya qilgan. 2008-2009 o’quv yilida maktab o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan fan olimpiadasida «Geografiya» fani bo’yicha qatnashib, olimpiadaning 1- va 2-bosqichlarida 1-o’rinni, 3-viloyat bosqichida esa faxrli 2-o’rinni qo’lga kiritgan. 
 
M.Avezov 2009 yilda maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tugatgach, Qorako’l maishiy xizmat kasb-hunar kollejida o’qishini davom ettirdi. 2009-2010 o’quv yilida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan respublika fan olimpiadasining «Geografiya» yo’nalishi bo’yicha 1-, 2- va 3-bosqichlarida faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritdi. 2010-2011 o’quv yilida viloyat hokimi stipendianti bo’ldi. 2010-yilda «Yosh iste’molchi» respublika ko’rik-tanlovining 1- va 2-bosqichlarida g`oliblikni qo’lga kiritib, 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2011-yilda O’zLiDeP tomonidan ta’sis etilgan «Ishbilarmon o’quvchi – 2011» ko’rik-tanlovida 2-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2010-2011-o’quv yilida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan respublika fan olimpiadasida «Geografiya» fani bo’yicha qatnashib, 1-, 2- va 3-bosqichlarda faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritgan va 2011-2012 o’quv yilida to’g`ridan-to’g`ri fan olimpiadasining 3-viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo’llanmani qo’lga kiritgan. Xuddi shu yili «Kelajak ovozi – 2011» respublika ko’rik tanlovining «Amaliy san’at» yo’nalishida qatnashib, 1- va 2-bosqichlarda 1-o’rin, 3-bosqichda esa 3-o’rin sohibi bo’lgan. M.Avezov 2011-2012 o’quv yilida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan respublika fan olimpiadasida «Geografiya» fani bo’yicha qatnashib, 1-, 2- va 3-bosqichlarda faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritgan va yakuniy 4- (respublika) bosqichda faol ishtirok etgan. A’lo o’qishi va namunali xulqi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun bir necha bor kollej ma’muriyati tomonidan maqtov yorliqlari, diplom hamda esdalik sovg`alari bilan mukofotlangan. 2011-2012-o’quv yilida kollej o’qituvchi-murabbiylari o’rtasida o’tkazilgan so’rovnoma natijalariga ko’ra «Eng bilimdon yigit» va «Yilning eng jamoatchi o’quvchisi» nominatsiyalarida g`olib deb topilgan.
 
2012-yilda kollejni «a’lo» baholarga tugatgan Muhriddin o’z hujjatlarini Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakultetiga topshiradi hamda shu fakultetning 5440600–«Geografiya» ta’lim yo’nalishiga davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi. M.Avezov 2012-2013-o’quv yilida oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida o’tkazilgan respublika fan olimpiadasining 1-bosqichida «Geografiya» fani bo’yicha qatnashib, faxrli 3-o’rinni qo’lga kiritgan. 2013-2014-o’quv yilida oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida o’tkazilgan respublika fan olimpiadasining 1-bosqichida «Geografiya» fani bo’yicha qatnashib, faxrli 1-o’ringa, yakuniy 2-bosqichda ham 1-o’ringa sazovor bo’lgan hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 1-darajali diplomi bilan taqdirlangan. M.Avezov 2013-yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O’zbekiston Milliy universiteti buyurtmasiga binoan suratga olingan «Katta hayot ostonasida» nomli qisqa metrajli filmda bosh rolni ijro etgan. Shu bilan birgalikda u respublika Milliy teleradiokompaniyasi teleradiokanallarida efirga uzatiladigan bir nechta loyihalarda o’z chiqishlari bilan faol ishtirok etib keladi. Jumladan, 2014-2016-yillarda haftaning har juma kuni FM 87,9 «Toshkent radiosi» orqali soat 11:05 hamda 19:05 da efirga uzatiladigan «Joy nomlari – tarix ko’zgusi» sahifasining doimiy ishtirokchisi. M.Avezov 2014-yilda Respublika miqyosida o’tkazilgan «Globallshuv jarayonida geografiya: muammo va yechimlar» mavzuidagi, 2015-yilda esa «Zamonaviy geografiya va O’zbekiston tabiiy-resurs potensialini baholash» mavzuidagi iqtidorli talabalar va yosh olimlarning ilmiy-amaliy konferensiyalarida eng yaxshi maqola muallifi deb topilgan hamda universitet faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. 2015-yil 20-mayda esa Nizomiy nomidagi TDPU da bo’lib o’tgan «Geografiya fani va ta’limining zamonaviy muammolari» mavzuidagi iqtidorli talabalar va yosh olimlarning ilmiy-amaliy konferensiyasidagi faol ishtiroki va dolzarb mavzudagi ma’ruzasi uchun sertifikat bilan taqdirlangan. M.Avezov Respublika va xalqaro miqyosda o’tkazilgan 25 ga yaqin konferensiyalarda o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
 
Muxriddin Avezov 2016-yilda universitetni imtiyozli diplom bilan tugallab, yo’llanma asosida o’z pedagogik faoliyatini Toshkent shahridagi 278-DIUMda olib bordi. Shu bilan birgalikda u O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika Ta’lim markazi tomonidan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standarti va o’quv dasturini yaratish bo’yicha shakllantirilgan ishchi guruh hamda Respublika Ta’lim markazining Ilmiy-metodik Kengashida a’zo sifatida munosib ishtirok etdi. Bu borada ko’rsatgan xizmatlari uchun M.Avezov Xalq ta’limi vazirligi va Respublika Ta’lim markazining faxriy yorliq hamda tashakkurnomalari bilan taqdirlangan. U 2017-yilda Toshkent shahar Olmazor tumani xalq ta’limi bo’limi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida ta’lim sifatini yuqori darajaga ko’tarishga, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, mustahkam irodali qilib tarbiyalashga qo’shayotgan munosib hissasi va fidokorona mehnati uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan. M.Avezov joriy 2017-yilda nashr etilgan 6-, 7- va 10-sinf «Geografiya» darsliklarining taqrizchisi va ular uchun tayyorlangan metodik qo’llanma hamda multimedia ilovalarining hammuallifidir.
 
 
Hozirda u Geologiya va geografiya fakulteti 5A140602-»Geografiya (o’rganish obyektlari bo’yicha)» yo’nalishi magistranti. Mana 4 yildirki fakultetning Geografiya kafedrasi qoshida tashkil etilgan «Geograf-o’lkashunos» to’garagi sardori. Bugungi kunga qadar M.Avezovning 60 ga yaqin ilmiy ishlari, jumladan, «Geografiya: 2500 savolga 2500 javob» (2014), «Tabiiy geografiyadan amaliy mashg‘ulotlar» (2015), «Geografiyadan fan bellashuvlariga tayyormisiz?» (2016), «Geografiyadan savol-javoblar to‘plami (1-kitob)» (2017), «Vobkent tumani toponimlari» (2017) nomli monografiya, o’quv va o’quv-uslubiy qo’llanmalari hamda xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari to’plamlari va ilmiy jurnallarda 55 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy maqolalari chop etilgan. M.Avezov 2016-yildan buyon «Maktabda geografiya» jurnali tahrir hay’ati a’zosi. 
 
Muxriddin Avezov hozirda ustozi – geografiya fanlari nomzodi, dotsent, O’zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Mirali Mirakmalovning ilmiy rahbarligida «Arid iqlimli hududlar toponimlari va ularning shakllanishida tabiiy geografik terminlarning roli (Buxoro viloyati misolida)» mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
 
 
 
 
 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.