Qaysi mamlakat aholisi qanday choy ichishni xush ko’radi? 

3 695


Euromonitor International tomonidan "Choy yoki qahva? Qaysi mamlakatlarda bu ichimliklarga xohish bor?” mavzuida so’rov o’tkazilgani, tadqiqot natijalariga qaraganda, O’zbekiston aholisining 99,6 foizi choy iste’mol qilishga moyil ekanligi borasida ma’lumot bergan edik. Endi esa dunyoning ayrim mamlakatlaridagi choyxo’rlik haqida so’z yuritamiz.

Choy — avvaliga bemorlarni davolashaa dori sifatida ishlatilgan. Ommaviy tarzda is’te’mol qilish esa Tan sulolasi davrida boshlangan. Xitoyda choyning bir necha turi bor. Xitoyliklar, asosan, ko’k, sariq va ulun deb nomlangan choyni xush ko’rishadi. Qora choy ham sevib iste’mol qilinadi, ammo ko’proq eksportga chiqariladi. "Osmon osti mamlakati”da choy issiq holda ichiladi. Choyga shakar va boshqa mahsulotlar qo’shilmaydi. Chunki qo’shilgan boshqa mahsulotlar choy ta’mini buzar ekan. Xitoyliklar uchun choy kundalik iste’mol qilinadigan ichimlik sifatida ko’riladi. Bundan tashqari choy bilan bog`liq bir qator an’analar mavjud. Ularga ko’ra, xitoyliklarda choy kichiklar tomonidan piyolalarga quyilib, kattalarga uzatiladi. Oilalarda uch litrgacha choy qaynatilib, chinni idishlarga damlanadi. Xitoyda turli ko’rinishlarda choynak va piyolalar tayyorlanadi.

Yaponlar, asosan, ko’k choy ichishadi. Ayrim hollarda sariq choy ham ichib turadilar. Sariq choy xitoyliklar usuli bilan ikki daqiqagacha damlanadi. Yaponlar choyni sekin-astalik bilan xo’plab ichishadi. Yaponiyada choy ovqatdan avval, ovqat vaqtida va ovqatdan keyin ham ichiladi. Xitoyliklardan farqli ravishda yaponlar choyni issiq holda emas, balki sovutib ham ichishadi.

Tibetda, asosan, ko’k choy ichadilar. Bir litr suvga 50-75 gramm choy solinadi. Tibet choyi insonni tetik qilishi aytilgan. Tibetliklar an’anasiga ko’ra, sutli choy bilan mehmon hilish mehmonnavozlikning oliy ko’rinishi ekan.

Tailandliklar achchiq qizil choyi bilan nom qozongan. Ular choyga sut va boshqa mahsulotlarni qo’shishni yaxshi ko’rishadi.

Hindiston va Shri-Lankaga choy yetishtirishni inglizlar yo’lga qo’ygani aytiladi. Buyuk Britaniya choy masalasida Xitoyga qaramlikdan qutilish maqsadida Hindiston hududlarida choy yetishtirishga qaror qiladi. Unga qadar Hindistonda faqat buddaviy monaxlargina choy ichishgan. Bugungi kunda bu ikki mamlakat ahli choy ichish bo’yicha yigirmata mamlakat safiga ham qo’shila olmagan. Hindistonda, asosan, shimolda istiqomat qiluvchi aholi choy ichadi. Janubliklar esa, asosan, qahva ichishni afzal ko’rishadi. Hindiston va Shri-Lankada choyga, albatta, shakar va sut qo’shiladi.

Shimoliy Afrika va Arabistonda yalpiz choy ichiladi. Mag`rib mamlakatlarida choy damlash ijtimoiy hayotning muhim ko’rinishlaridan biri hisoblanadi. Oshxona ishlari bilan faqat ayollar band bo’lsa, choyni erkaklargina damlashadi. Oila rahbari shaxsan o’zi choy damlab, mehmonlarga uzatadi. O’z navbatida, mehmonlar uch piyoladan ortiq choy ichishmaydi.

G`arbiy Afrikada "Senegal choyi” deb atalmish choy juda ham mashhur. Attaya deb nomlanuvchi mazkur choy ko’k va qora navdan damlanadi. Buning uchun metall choynakdan foydalaniladi. Choynakka katta miqdorda choy, shakar, yalpiz bargi va sovuq suv solinib olovga qo’yiladi. Qaynab chiqqunga qadar kutiladi. Shundan so’ng shisha stakanlarga quyiladi. O’zbeklarda choy uch marta qaytarilsa, G`arbiy Afrikada choy stakandan stakanga bir necha bor  solinadi.

AQShda choy qahvaga nisbatan 25 barobar kam ichiladi. Choy, asosan, Sharqiy sohil bo’yidagi shtatlarda ist’emol qilinadi. Shunda ham hora choy afzal ko’riladi. Kaliforniya ham choyxo’rligi bilan mashhur. Bu shtatda Xitoy va Yaponiyadan xarid qilingan ko’k choy ichiladi. Janubiy sohillarda muz va limon solingan sovuq choy ichiladi. Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarida choy keng tarqalmagan. Mazkur mintaqalarda choyni eslatuvchi mate o’simligining bargi ancha mashhur. Choy deganda Lotin Amerikasida sovuq ichimlik tushuniladi.

Avvallari Ozarbayjonda qora choy ko’p ichilgan bo’lsa, bugungi kunda choyning rangi deyarli ajratilmaydi. Ham ko’k, ham qora choy ichilaveradi. Ozarbayjon choyxonasi Markaziy Osiyo choyxonasidan butunlay farqlanadi. Ozarbayjon choyxonalarida ovqat tortilmaydi, faqat choy ichiladi va shirinlik yeyiladi, xolos. Agar sovchilarga shirin choy berilsa, bu hizlarini berishga rozi ekanliklari anglashiladi. Choy alohida, shakar alohida qo’yilsa, bu rad javobidir.

Yevropa qit’asida choy kam ichiladi. Yevropaga choy Xitoydan XVII asr o’rtalarida portugal, golland va inglizlar tomonidan olib kelina boshlandi. Avvaliga Yevropada ham davolash maqsadlarida qo’llanilgan. Oradan yillar o’tib, choy ichish odatiy  holatga aylandi. Biroq avvalboshidanoq choy Yevropada qarshiliklarga uchraganini aytib o’tish kerak. "Ko’hna qit’a”da ko’proq qahva ichiladi. Shu sababli ham bu o’lkalarda choy tayyorlash borasida milliy urf-odatlar deyarli yo’q, desak ham bo’ladi. Faqat  inglizlar choyni milliy ichimlik sifatida ko’rishadi. Inglizlar uzoq yillar davomida eng ko’p choy ichadigan millat sifatida tan olib kelingan. Bu mamlakatda bir kishi o’rtacha 2530 gramm choy ichadi. Inglizlar bir kunda uch marta choy ichadi. Ular choyga sut qo’shadilar. Lekin avval choyga sut qo’shish kerakmi yoki sutga choy qo’shish kerakmi, degan savolga hamon javob topilmagan.

Shvetsiyada qora choy, meva va gullar aralashmasidan tayyorlangan syoder choyi mashhur. Bu choy 1979-yilda kashf qilingan. Shveysariya qadoqlangan sovuq choyning vatani hisoblanadi. Shveysariya sovuq choy iste’moli bo’yicha Yevropada birinchi o’rinda turadi. Fransuzlar choy haqida 1636-yilda bilishgan. Germaniyada choy esa ilk bor 1650-yilda ma’lumotlar paydo bo’ldi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.