O‘rta Osiyo tabiiy o`lkasining geografik o`rni, chegaralari va o`ziga xos xususiyatlari 

3 170

O‘rta Osiyo Yevrosiyo materigining o‘rtasida joylashgan. O‘lkaning eng shimoliy nuqtasi 53,8° shimoliy kenglikda, Ayirtov yaqinida, eng janubiy nuqtasi Hindukush tog‘larining g‘arbiy tarmog‘i bo‘lgan Safedko‘h tog‘ tizmasi bilan Nishopur tog‘lari tutashgan joyda (34° shimoliy kenglik), g‘arbiy nuqtasi Kaspiy dengizining Mang‘ishloq yarimorolidagi Tubqarag‘ay burnida (50,3° sharqiy uzunlik) va sharqiy nuqtasi Savir tog‘ larining etagidagi Qora Irtish daryosi vodiysida (85,6° sharqiy uzunlik) joylashgan. Shimoldan janubga 2200 km va g‘arbdan sharqqa 2750 km.ga yaqin masofaga cho‘zilgan.

O‘rta Osiyo o‘lkasining geografik kengligi Janubiy Yevropa o‘lkasi, Afrikadagi Atlas tog‘lari geografik kengligiga to‘g‘ri keladi. U yerlardagi mamlakatlar iliq mo‘tadil va subtropik tabiatli mamlakatlardir. O‘rta Osiyo yirik materikning o‘rtasida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashganligi sababli juda qurg‘oqchil o‘lkadir.

O‘lkaning chegarasi juda murakkab. Janub va sharq tomonlarida chegara tog‘larning suvayirg‘ichidan o‘tkaziladi. Chunki bu tog‘lar iqlimiy va gidrografik chegaralar hisoblanadi. Lekin shimoli-g‘arbiy, shimoliy va shimoli-sharqiy chegaralarni aniqlash ancha murakkab. Bu yerda iqlimiy chegaralar yo‘q desa ham bo‘ladi. Shuning uchun bu yerda tektonik chegaralar asos qilib olinadi. Shunday qilib, O‘rta Osiyo o‘lkasi chegaralarini quyidagicha belgilash mumkin. 

G‘arb tomonda Kaspiy dengizi qirg‘oqlari chegara bo‘ladi. Shimoli-g‘arbiy chegara Emba daryosining quyar joyidan janubroqdan boshlanib, Ustyurt platosi shimoliy chinklari bo‘ylab o‘tadi va Mug‘ojar tog‘larining janubiy etaklarigacha boradi. Bu chegara Sharqiy Yevropa platformasi bilan yosh Turon platformasi chegarasiga to‘g‘ri keladi. Chegara 58° sharqiy uzunlik va 48° shimoliy kenglikka yetgandan keyin shimolga, shimoli sharqqa burilib Qustonoygacha davom etadi va undan Ayirtovga boradi. So‘ngra chegara sharq va janubi sharqqa tomon Qozog‘iston past tog‘larining shimoliy etaklari bo‘ylab davom etib, Qozog‘iston - Xitoy chegarasida Savir tog‘larining shimoliy etagiga keladi.

Sharqiy chegara Savir, O‘rkashar, Moylitog‘, Jung‘oriya, Boroxoro, Iren-Xabirga tizmalari, Adenkur dovoni, Qarat, Xoliqtog‘ tizmalari suvayirg‘ichi orqali o‘tib, Xontangri tog‘ tuguniga keladi. Undan so‘ng Ko‘kshag‘al, Otboshi tizmalari suvayirg‘ichi orqali o‘tib, Farg‘ona tizmasiga tutashadi, so‘ngra Oloy tog‘larining sharqiy qismi va Sariko‘l tizmasi bo‘ylab o‘tib, Hindukush tog‘lariga tutashadi.

Janubiy chegara Hindukush, Safedko‘h, Nishopur tog‘ tizmalari suvayirg‘ichi bo‘ylab o‘tib, Kaspiy dengizi qirg‘og‘i bilan tutashadi.

O‘rta Osiyoni alohida tabiiy geografik o‘lka sifatida ajratishga asos bo‘ladigan tabiiy xususiyatlari quyidagilar:

1. O‘rta Osiyo okeanlardan uzoqda, materikning o‘rtasida joylashgan. Eng yaqin okean — Hind okeanigacha bo‘lgan masofa 1000 km dan ortiq.

2. Iqlimi - qishi ancha sovuq, yozi issiq, yog‘in kam bo‘lgan keskin kontinental iqlim.

3. Suvlari tashqariga chiqib ketmaydigan, gidrografik jihatdan yaxlit berk o‘lka (shimoli-sharqiy kichik qismidan tashqari).

4. Tabiatida o‘ziga xos keskinliklar mavjud, ya’ni bu yerda dengiz sathidan 132 m past bo‘lgan Qoragiyo botig‘i bilan birga, balandligi 7000 m dan oshadigan tog‘lar bor. Cho‘llarda yog‘in miqdori 70-80 mm dan, tog‘larda 1000 mm gacha boradi. Qishda shimoli-sharqiy qismida –50°C li sovuq, yozda janubida +50°C li jazirama issiq kunlar kuzatiladi. 

5. Janub va sharq tomonlari baland tog‘lar bilan o‘ralgan. Shimol va shimoli g‘arb tomonlari tekisliklardan iborat. G‘arbdan iliq shamollar, shimoldan sovuq, quruq shamollar bemalol kirib kela oladi. G‘arbiy shamollar tog‘larning g‘arbiy yonbag‘irlariga anchagina yog‘in keltiradi. Baland tog‘larda qor, muz to‘planib, yoz davomida daryolarga suv berib turadi.

6. Bu yerda o‘simliksiz ko‘chma qumlar ham, o‘tish qiyin bo‘lgan chakalakzorlar ham, ekinzor va bog‘lardan iborat obod vohalar ham mavjud.

7. O‘rta Osiyoning gidrografik berk o‘lka ekanligi va sharq, janub tomonlardan baland tog‘lar bilan o‘ralganligi ekologik jihatdan noqulay vaziyat tarkib topishiga sabab bo‘ladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.