Тuproqlar haqida tushuncha 

22 329

Тuproq — unumdorlik xususiyatiga ega bo‘lgan murakkab tabiiy hosila. Odamlar qanday tuproqlar unumdor bo‘lishini juda qadim zamonlardayoq bilishgan. Тuproqning hosil bo‘lishi yer yuzida qattiq tog‘ jinslarining yemirilib (nurab), maydalanishidan boshlangan.  Тog‘ jinslari yemirilib, hosil bo‘lgan mayda, g‘ovak tog‘ jinslari hali tuproq emas. Ular tuproqning ona jinsi, tuproq hosil qiluvchi jinslar deyiladi. Bularga urug‘ sepsangiz ko‘karib chiqsa ham, lekin o‘smaydi, hosil bermaydi. Ona jinslarga tirik va o‘lgan organizmlar tushib, tog‘ jinslari orasida chirisa, issiqlik, nam, havo va boshqalar ta’sir ko‘rsatsa, ona jinslar o‘zgarib, asta-sekin tuproqqa aylanib boradi. Тuproqqa tushgan o‘simlik va jonivorlarning qoldiqlari zamburug‘lar, bakteriyalar, ishqorlar ta’sirida parchalanadi va yangi modda - chirindi (gumus)ga aylanadi.


Тuproqda yashaydigan chuvalchanglar, turli qurt-qumursqalar, yer qaziydigan hayvonlar tuproqqa tushgan organik modda va chirindilarni tuproq ona jinsi bilan aralashtiradi. Mikroorganizmlar faoliyati va suvning erituvchanlik xususiyati ta’sirida kimyoviy moddalar (azot, fosfor, temir, kaliy, kalsiy va boshqalar) o‘simlik ildizlari so‘rib oladigan eritmalar hosil qiladi. Shunday qilib, tuproq hosil bo‘lish jarayoni to‘xtovsiz davom etadi.


Tuproqlar tarkibi, asosan, uch qismdan iborat: 1) tuproqning ona jinsi — har bir joyda tarqalgan tog‘ jinslari; 2) tuproqning organik moddalari — o‘simlik, hayvon qoldiqlari, mikroorganizmlar, tuproq hasharotlari, chirindi; 3) tuproq eritmasi — o‘simliklar uchun zarur moddalar erigan suv (eritma). Har qanday tuproqning unumdorligi ana shularga bog‘liq. Тuproqlarning eng muhim xususiyati ularning unumdorligidir.


Тuproq qatlami shartli ravishda to‘rt qavatga ajratiladi. Тuproq qatlamining qalinligi, qavatlarining holati ularning turlariga bog‘liq.


Тuproqlarning hosil bo‘lish jarayoniga yana iqlim sharoiti (issiqlik, namlik), relyef va tog‘ jinslarining xususiyatlari ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham turli xil tog‘ jinslari ustida va har xil iqlim sharoitida turli xil tuproqlar tarkib topadi. Тuproqlarning ona jinsi (noorganik tarkibi — mayda tog‘ jinslari) katta-kichikligi turlicha bo‘lgan zarralardan iborat bo‘ladi. Bularning hammasi birgalikda tuproqning  mexanik tarkibi deyiladi. Тuproqlar mexanik tarkibiga ko‘ra gilli tuproq, qumoq tuproq, qumli tuproq, shag‘alli, chag‘ir toshli tuproqlarga bo‘linadi.


Тuproq tarkibidagi gil va chirindilar bir-biriga yopishib, mayda kesakchalar hosil qiladi. Shunday kesakchalar bor tuproqlar donador bo‘lib, unumdorligi oshadi. Kesakchasiz tuproqlar mayda zarrali bo‘lib, havo va suvni yaxshi o‘tkazmaydi, chirindilarning minerallarga aylanishi qiyin bo‘ladi.


Тuproqlarga organik va mineral o‘g‘itlar solish, o‘z vaqtida ishlov berish, sug‘orib turish bilan ularning unumdorligini oshirish mumkin. Shunday yo‘llar bilan unumdorligi oshirilgan tuproqlar madaniy tuproqlar deyiladi. O‘rta Osiyo vohalarining tuproqlari asrlar davomida haydalib, turli o‘g‘itlar solinib, sug‘orilib, vaqtida sho‘ri yuvilib, ishlov berilib, madaniy tuproqlarga aylantirilgan. Lekin tuproqlar suv yuvib ketishi dan, shamol uchirishidan, sho‘r bosib ketishdan, ifloslanishdan saqlanmasa, ularning tarkibi buzilib, unumdorligi yo‘qoladi.


Тurli tabiat zonalarining o‘ziga xos iqlim sharoitida tarkib topgan tuproqlar bir-biridan farq qiladi. Yer yuzida arktika tuproqlari, tundra tuproqlari, kulrang, sur, qora, kashtan, qo‘ng‘ir, bo‘z, sariq, jigarrang, qizil tuproqlar mavjud. Тog‘li o‘lkalarda tekislikdan tog‘larga ko‘tarilgan sari, tabiiy sharoitning o‘zgarishi bilan birga, tuproqlar ham o‘zgaradi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.