Koreya Respublikasi 

19 837

Rasmiy nomi — Koreya Respublikasi. Poytaxti — Seul. Hududi – 99,3 ming km.kv.  Davlat tili — koreys. Dini — xristianlik (48%), buddaviylik (47%). Pul birligi — vona.

Geografik joylashuvi va tabiati. Sharqiy Osiyoda, Koreya yarimorolining janubidagi davlat. Shimolda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan chegaradosh (chegaraning uzunligi — 238 km). Janubiy Koreya g’arbda Sariq dengiz, Sharqda Yapon dengizi bilan tutashib ketgan. Janubi sharqda mamlakatni Yaponiyadan Koreys bo’g’ozi ajratib turadi. Sohilining uzunligi — 2413 km. Mamlakat relyefi asosan qir va tog’lardan iborat. Asosiy tog’ tizmasi sharqiy sohilga parallel joylashgan Sharqiy Koreya tog’laridir. Mamlakatning eng baland nuqtasi Chejuda orolida joylash­gan Xala-san tog’i hisoblanadi. Janubiy va g’arbiy sohillar tekisliklardan iborat. Asosiy daryolari — Nextongan va Xangan. Asosiy qazilma boyliklari: volfram, temir, marganes, mis, oltin, kumush. Haydaladigan yerlar hududning 21% ini egallaydi. Iqlimi — mo’tadil musson. Eman, bambuk, archa, qarag’ay, terak, qayrag’och, oqqarag’ay o’sadi. Hayvonot olamida yo’lbars, qoplon, silovsin, ayiqni uchratish mumkin.

Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 9 provinsiyaga bo’lingan. Seul va Pusan shaharlari alohida ma’muriy maqomga ega. Koreya Respublikasi 1948-yilning 15-avgustida mustaqil deb e’lon qilingan. Milliy bayrami — Mustaqillik kuni. Ijro etuvchi hokimiyat-prezident (davlat boshlig’i) va Bosh vazir rahbarligidagi Davlat Kengashiga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Milliy Majlis tomonidan amalga oshiriladi. Yirik siyosiy partiyalari: Demokratik liberal partiya, Demokratik partiya, Birlashgan xalq partiyasi.

Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Janubiy Koreyaning so’nggi o’n yillikdagi iqtisodiy o’sishi jahondagi yuqori o’rinlardan birini egallaydi. Sanoati elektrotexnika, to’qimachilik, oziq-ovqat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Asosiy qishloq xo’jaligi (YIMning 11% ini) mahsulotlari — sholi, arpa, batat, soya. O’rmon xo’jaligi va baliqchilik ham rivojlangan. Asosiy savdo sheriklari: AQSH, Yaponiya. Temiryo’llarining umumiy uzunligi — 6763 km, avtomobil yo’llari — 63200 km, ichki suv yo’llari — 1609 km. Asosiy portlari: Pusan, Mokpxo.

Tarixi. M. a. II-I asrlarda hozirgi Koreya hududi Xitoy mustamlakasi bo’lgan. Miloddan avvalgi 37-yilda Koreya yarimorolining shimoliy qismida Kogur davlati vujudga keladi. Janubiy qismi esa Pekchi va Silla qirolliklariga bo`linadi. X asrning oxirida koreys davlati Koryo sulolasi hokimiyati ostida birlashtiriladi. 1321-yilda Koreyani mo’g’ullar bosib olishadi. Li sulolasi hukmronligi davrida (1392-1910) mamlakatga yaponlar (XVI asr) va manchjurlar (XVIII asr) bostirib kirishadi. XIX asrda esa Koreya Xitoy, Yaponiya, Rossiya o’rtasidagi mojaroli hududga aylanadi. 1910-yilda Yaponiya tomonidan bosib olingan Koreya, yaponlarga qarshi kurashni 1938-yilda boshlaydi va 1943-yilda mustaqillikka erishadi. Lekin 38-parallel bo’ylab mamlakat ikki qismga — sovet va amerika qo’shinlarining okkupatsion hududlariga aylanadi. 1948-yilda Koreya ikki davlatga — shimolda KXDR, janubda Koreya Respublikasiga bo’linadi. 1950-1953-yillarda ikki koreys davlati o’rtasida urush harakatlari sodir bo’ladi. Janubiy Koreya 1965-1972-yillarda Vetnam bilan bo’lgan harbiy voqealarga aralashadi. 1980-yilda general Chon Du Xvan mamlakatda o’z diktaturasini o’rnatadi. 1988-yilda diktatura tugatilib, birinchi de­mokratik saylovlarda Ro De U prezidentlikka saylanadi. Prezidentlikdan ketgandan so’ng Ro De U va uning maslakdoshlari korrupsiya va moliyaviy tovlamachilikda ayblanadilar. 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.