Mikroneziya 

6 267

  Rasmiy nomi — Mikroneziya Federal Shtatlari. Poytaxti — Palikir. Hududi — 702 km.kv. Aholisi – 125 ming kishidan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini — protestantlik va katolik dini. Pul birligi — AQSH dollari.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Tinch okeanining g‘arbiy qismida Karolin orollarida joylashgan davlat. Sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 6112 km. Orollar geologik kelib chiqishiga ko‘ra bir xil emas: baland tog‘li orollardan to marjon atollargacha bor. Orollarning ayrimlarida vulqonlar faoliyati davom etmoqda. Asosiy tabiiy resurslari: dengiz mahsulotlari, yog‘och, fosforitlar.
  Iqlimi — arxipelagning g‘arbiy qismi ekvatorial va subekvatorial, sharqida tropik passat-mussonli. Vulqonli va marjon orollar faunasi bir-biridan farq qiladi. Vulqonli orollarning qirg‘oqlarida mangro butazorlari, kokos palmalari, bambuk o’sadi. Maijon orol­larida esa kokos palmalari ko‘p.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — federativ respublika. Mamlakat tarkibiga 4 ta shtat: Chuuk, Kosraye, Ponpey, Yaplar kiradi. Mikroneziya 1991-yil 17-sentabrda mustaqil bo‘lgan (ilgari — BMT tasarrufida, AQSH boshqaruvida bo‘lgan Tinch okean orollarining bir qismi bo‘lgan). Davlat va hukumat boshlig‘i — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Milliy Kongress tomonidan amalga oshiriladi.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyotining asosiy sektorlaridan biri — baliqchilik. Bundan tashqari, Mikroneziya qirg‘oqbo‘yi ekvatoriyasida baliq ovlash huquqini beruvchi litsenziyalar sotishdan sezilarli daromad oladi. Turizmning rivojlanishi orollarning bir-biridan uzoqda joylashganligi va zaruriy infrastrukturaning yo‘qligidan orqada qolmoqda. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH, Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya. Temir yo‘llari yo‘q, asosiy orollarda 39 km asfaltlangan yo‘llar bor. Mamlakat portlari: Kolonia, Okak, Truk, Teketik.
   Tarixi. XVII asrda ispanlar tomonidan ochilgan Karolin orollari 1899-yili Germaniyaga sotilgan edi. 1919-yildan 1945-yilga qadar orollar mandat asosida Yaponiya tomonidan idora qilindi. 1947-yildan hozirgi Mikroneziya BMT tasarrufida bo‘lgan AQSH boshqaruvidagi Tinch okean orollari tarkibiga kirdi. 1986-yili AQSHdan ozod assotsiatsiya maqomini olgan Mikro­neziya 1991-yili o‘z mustaqilligini e’lon qildi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.