Solomon orollari 

4 325

  Rasmiy nomi — Solomon Orollari. Poytaxti — Xoniara. Hududi – 28,4 ming km.kv. Aholisi – 538 mingdan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini — xristianlik. Pul birligi — solomon orollari dollari.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Tinch okeanning janubiy qismida Solomon orollarida (Gvadalkanal, Nyu-Joqiya, Malayta, Santa-Izabel, Santa-Krus orollari va boshq.) joylashgan davlat. Ko‘pchilik orollarning relyefi tog‘li: Marjon atollarida tekisliklar bor. Asosiy tabiiy resurslari: baliq, yog‘och, oltin, qo‘rg’oshin, sink, nikel, fosforitlar.
   Iqlimi — uzoq davomli namlik mavsumi va issiq. Orollarning katta qismi noyob daraxt turlari mavjud bo’lgan o’rmonlar bilan qoplangan. Nisbatan quruq yerlarda savannalar, qirg’oq bo’ylarida mangro o‘simliklari bor. Orollarning hayvonot dunyosi ancha kambag‘al: xaltalilar, ko’rshapalaklar va kemiruvchilar uchraydi.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitusion monarxiya. Mamlakat 7 ta okrugga bo’lingan. Solomon orollari 1978-yil 7-iyulda mustaqil davlat bo’lgan (ilgari — Buyuk Britaniyaning protektorati edi). Davlat boshlig‘i — Britaniya monarxi (hozirgi vaqtda qirolicha Yelizaveta II), ijroiya hoki­miyat premyer-ministrga tegishli. Qonunchilik Milliy parlament tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalari: Xalq ittifoqi partiyasi, Solomon orollari birlashgan partiyasi, Solomon orollari liberal partiyasi, Solomon orollari leyboristlar partiyasi, Solomon orollari milliy harakati partiyasi.
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyotining asosini qishloq xo’jaligi, baliqchilik va o‘rmonchilik (YIMning 70%i) tashkil etadi. Asosiy eksport qilinadigan mahsulotlari — baliq, yog‘och, kopra, palma yog‘i. Sanoat mahsulotlarining katta qismi va neft mahsulotlarini chetdan keltiradi. Asosiy savdo hamkorlari — Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Tailand. Temiryo‘llari yo‘q, avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 1300 Ion. Porti — Xoniara.
  Tarixi. Solomon orollari 1568-yili ispan dengizchisi Mendonya de Neyra tomonidan kashf qilingan. Orollarning shimoliy qismi 1885-yili Germaniya protektorati deb e’lon qilingan, janubiy qismi esa Buyuk Britaniya mulklariga qo‘shildi. 1899-yili Germaniya Buganvil va Buka orollaridan boshqa hamma orollarni Buyuk Britaniyaga berdi. Buning evaziga inglizlar Germaniyaning G’arbiy Samoani bosib olish huquqini tan olishdi. 1914-yili Buganvil va Buka Avstraliya qo‘shinlari tomonidan bosib olindi va 1920-yili Avstraliya boshqaruvi ostiga o‘tdi. Ikkinchi jahon urushida orol­larning bir qismi yapon qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilindi, ikkinchi jahon urushidan keyin esa Solomon orollari yana Britaniya protektoratiga aylandi. 1978-yili Solomon orollarining mustaqilligi e’lon qilindi va Britan hamdo‘stligi davlatlari safiga kirdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.