Nauru 

8 615

  Rasmiy nomi — Nauru Respublikasi. Poytaxti — Yangor (Yaren). Hududi — 21 km.kv. Aholisi – 13 ming kishidan ortiq (2012). Davlat tili — nauru, ingliz. Dini — xristianlik. Pul birligi — Avstraliya dollari.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Tinch okeanning janubi g‘arbiy qismidagi Nauru orolida joylashgan Okeaniya davlati hisoblanadi. Sohil bo’ylab chegara uzunligi 30 km. Maijon orol oval shaklida bo‘lib, qumlik qirg‘oqlari bor. Orolning yuza qismi balandligi 65 m gacha bo‘lgan fosforitli ohaktosh yassitog‘liklardan iborat. Asosiy tabiiy resurslarii — fosforitlar.
Iqlimi — ekvatorial mussonli.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Nauru Buyuk Britaniya hamdo‘stligi davlatlari tarkibiga kiradi. Nauru 1968-yil 31- yanvarda mustaqillikka erishgan (oldingi nomi — Yoqimli orol — Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya birgalikda boshqargan). Davlat va hukumat boshlig‘i — prezident. Siyosiy partiyalari: Nauru partiyasi, Nauru demokratik partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Mamlakat iqtisodiyotining asosini fosfatlar qazib olish va uni eksport qilish tashkil etadi. Bu mahsulotni chetga eksport qilish katta daromad keltirganligi bois aholining yashash darajasi yetarlicha yuqori. Qishloq xo‘jaligi taraqqiy etmagan. Mamlakat hamma oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan chuchuk suvni ham chetdan keltiradi.
Asosiy savdo hamkorlari — Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya.
Temiryo‘llari yo‘q. Avtomobil yo‘llari — 27 km. Porti-Nauru.
Tarixi. Orol 1798-yili inglizlar tomonidan kashf etilgan bo‘lib, 1888-yili Germaniya tomonidan bosib olingan. 1914-yili Nauruni Avstraliya bosib oldi. 1920-yili esa Buyuk Britaniya orolni boshqarish huquqini beruvchi mandatni qo‘lga kiritdi. 1947-yili Nauru Avstraliya, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya davlat­lari tomonidan boshqariladigan BMT homiyligidagi hududga aylandi. 1968-yili mamlakat Buyuk Britaniya hamdo’stligi tarkibida mustaqillikni qo‘lga kiritdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.