Fernando Magellan
Fernando Magellan
(1480-1521)
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixiga portugaliyalik mashhur sayyoh
Fernando Magellan Yerning sharsimon ekanligini tasdiqlagan va sayyoramiz
atrofi bo`ylab birinchi aylanma dengiz sayohatini amalga oshirgan kishi
sifatida kiritilgan.
XVI asr boshlarida
Yerning sharsimonligi haqidagi dalillarning yetarli emasligi sababli bunga bor-yo`g`i
bir faraz sifatida qaralardi. Ta’kidlash joizki, Magellan sayohatining
muvaffaqiyatli tugashiga ishonmagan. Ammo sayohat muvaffaqiyatli yakunlanib,
Yerning sharsimonligi isbot qilindi. Ushbu sayohatdan vataniga qaytish uning o`ziga
nasib etmagan bo`lsa-da, o`limi oldidan o`z maqsadiga erishganidan xabar
topgan.
Fernando Magellan 1480-yilda Portugaliyaning Traz-uj-Montish
provinsiyasidagi Sabroza shahrida tug`ilgan. Saresh burnida joylashgan dengiz
maktabida ta’lim olgan. Voyaga yetgach, portugal flotida oddiy dengizchi
bo`lib xizmat qildi. 1509-1512-yillarda Hind okeaniga tashkil etilgan portugal
ekspeditsiyalarida ishtirok etgan va Malakka yarimoroligacha suzib borgan.
Magellan ushbu sayohatlar davomida dengiz ishida juda o`lkan tajriba orttirdi.
Manbalarda keltirilishicha, Magellan bir qancha vaqt Mozambik va
Hindistonda yashagan. 1512-yilda esa Lissabonga qaytib kelgan. 1517-yilda esa
sayyoh Ispaniyaga kelib, qirol Karl (V) ning xizmatiga kirdi. 1493-yilda qabul
qilingan Tordesilyas shartnomasiga muvofiq, 1494-yilda o`rnatilgan demarkatsiya
chizig`idan g`arbda ochiladigan yerlar, ya’ni Yashil Burun orollaridan 1770 km
uzoqdikdagi meridiandan g`arbdagi yerlar Ispaniyaga, Sharqdagilari esa
Portugaliyaga tegishli bo`lishi kerak edi. O`sha vaqtlarda Yerning hajmi haqida
aniq ma’lumotlar yetarli bo`lmay, uzoqlikni aniq o`lchay oladigan olimlar juda
kam topilardi. Shuning uchun ko`pchilik kartograflar Janubi-Sharqiy Osiyodagi
Molukk orollarini (Spice Islands) Ispaniyaga
tegishli, deb hisoblashgan.
Hozirgi zamon hisob-kitoblari shuni ko`rsatadiki, haqiqatda Tordesilyas
shartnomasiga ko`ra o`tkazilgan demarkatsiya
chizig`i 49°33' g`arbiy va 130°27' Sharqiy uzoqlik meridianlari orqali o`tadi,
ya’ni Molukk orollari O`sha vaqtda Portugaliyaga tegishli bo`lishi lozim edi.
Manbalarga ko`ra, mohir dengizchi buni bilsa-da, o`zini bilmaganga olgan. Ispan
hukumati esa Magellanga Molukk orollari demarkatsiya chizig`idan g`arbda
joylashgani va aslida Ispaniyaga tegishli ekanini isbotlashni topshirdi.
1518-yilning 22-martida sayohat rejasi Ispan qiroli tomonidan ma’qullanib,
unga Magellan rahbar etib tayinlandi. Fernando agar Atlantika orqali g`arbga
suzilsa, Janubiy dengizga chiqish va «Qattiq yer» orqali o`tgan bo`g`izni
(hozirgi Magellan bo`g`izi nazarda tutilgan bo`lsa kerak) topish mumkinligiga
ishonardi. Bundan kuzlangan asosiy maqsad, O`sha vaqtda portugallar tomonidan
nazorat qilinadigan va Ispan dengizchilari uchun birmuncha xavfli bo`lgan
Yaxshi umid burni orqali emas, balki Yevropadan g`arbga qarab suzib, Sharqqa,
ya’ni Janubi-Sharqiy Osiyoga borishning muqobil yo`lini topish edi.
Ekspeditsiya uchun Sevilya shahrida beshta kema - «Trinidad»
(Magellanning flagman kemasi) «San Antonio», «Konsepson», «Viktoriya» va
«Santyago» tayyorlangan. 1519-yilning 20-sentyabrida 265 kishilik ekipajdan
iborat beshta kemani o`z ichiga olgan ekspeditsiya Gvadalkvivir daryosining
quyilish qismidagi Sanlukar- de-Barrameda bandargohidan chiqib, g`arbga tomon jo`nadi.
Tarjimon sifatida Magellan malayyalik xizmatkori Enrikeni olgandi. Bundan
tashqari, flotiliyaning bir necha ofitseri ham Braziliya va Tinch okeanida
yashaydigan mahalliy aholi tilini bilishgan.
1519-yil 26-sentyabrda dengizchilar Kanar orollaridagi Tenerife
oroliga yetib kelib, 3-oktyabrda Braziliyaga yo`l oldilar. O`sha yili 29-noyabrda
sayyohlar Sant- Avgustin burnidan janubi-g`arbga suzib, 13-dekabrda
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga yetib kelishgan. 1520-yilda San-Xulian
bandargohiga yetib kelgan ekspeditsiya, janubiy yarimsharda qish boshlanishi
munosabati bilan shu yerda qishlab qoldi.Ekspeditsiya to`xtagan joyda sayyohlar
Ispanlarga nisbatan bo`yi birmuncha baland va katta oyoqlarga ega maxalliy
Hindular yashashiga guvox bo`ldilar. Shuning uchun ham bu yerni Magellan
Patagoniya, ya’ni «Katta oyoqlilar yeri», deb atagan. Bugungi kunda Chilining
Magellan bo`g`izida joylashgan Punta-Arenas shahridagi markaziy maydonda buyuk
sayyoh sharafiga o`rnatilgan me’moriy majmuaning pastki qismida katta oyoqli
patagoniyalikning o`tirgan holdagi haykali mavjud.
Pasxa bayramini nishonlash chog`ida ekspeditsiyada ishtirok etgan portugal va
ispan kapitanlari o`rtasida orqaga qaytish lozimligi masalasida nizo chiqqan.
Magellan kapitanlardan birini unvonidan mahrum etib, qirg`oqqa tushirib
qoldirishni buyurgan. Ekspeditsiya 1520-yil 24-avgustda Sant-Xulianni tark
etdi.
1520-yilning sentyabrida ekspeditsiya to`rtta kemada (ulardan biri
«Santyago» halokatga uchradi) okeanga chiqib, janub tomon suza boshladi.
Oktyabr oyi oxirida kemalar keyinchalik sayyoh nomi berilgan Magellan
bo`g`iziga yetib keldi.
Notanish bo`lgan bo`g`iz orqali suzish juda qiyin kechgan. Buning ustiga
eng oldinda borayotgan yana bir kema «San-Antonio» bir oz shikastlangan. Shu
sababli kema bo`g`izdan chiqibok, Olovli Yer oroli janubini aylanib o`tib,
Ispaniyaga qaytib ketdi. Qolgan uch kemada Magellan bo`g`izini suzib o`tish
uchun ekspeditsiyaga 38 kun kerak bo`lgan.
1520-yilning 28-noyabrida «Trinidad», «Konsepson» va «Viktoriya»
kemalari bo`g`izni suzib o`tib, Janubiy dengiz hududiga kirib borishgan.
Ekspeditsiya kemalarining bu hududni nisbatan tinch suzib o`tgani bois
Magellan bu yerlarni Tinch okean, deb ataydi. Chuchuk suv va oziq-ovqat
zaxiralari tugab borayotgan bir sharoitda, 1520-yilning 18-dekabriga qadar
Magellan kemalari Chili yaqinidagi qirg`oq bo`ylab suzib, keyinchalik shimoli-Sharqqa
yo`l olgan. 1521-yilning 24-yanvarida ekspeditsiya a’zolari Tuamotu
arxipelagi orqali suzib, 6-martda Tinch okean shimolidagi Mariana orollari
qirg`oqlariga tushishgan. Dengizchilar 99 kunlik suzishdan keyin birinchi marta
oyoqlari ostida yerni his etib, toza meva-sabzavot va oziq-ovqatdan bahramand
bo`ldilar.
Magellan Mariana orollarida uch kun turib, 1521-yilning 9-martida
janubi-g`arb-g`arbga, keyinchalik Filippin, deb atalgan orollarga qarab suzdi.
Mazkur orollardagi ikki qabila boshliqlari mojarosiga aralashib qolgan sayyoh
1521-yil 21-aprelda Lapu-Lapu qabilasi
sardori tomonidan o`ldirilgan.
Yer shari bo`ylab aylanma sayohatga chiqqan Magellan ekspedisiyasining
beshta kemasidan faqatgina bittasi «Viktoriya» 1522-yilning 6-sentyabrida
bor-yug`i 18 nafar ekipaj a’zosi bilan Ispaniyaning Sevilya shahriga qaytib
kelgan.
Sayyohning xotirasi
qator geografik ob’ektlarda abadiylashtirilgan. Jumladan, Olovli yer orolini
Janubiy Amerikadan ajratib turuvchi bo`g`iz, atmosferadagi bulutlar, kosmik
apparat, pingvinlarning bir turi va Marshall orollari yaqinidagi Tinch
okeanidagi suv osti tog`lari Magellan nomi bilan atalgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.