Osiyo mamlakatlari 

26 875

Umumiy tavsifi va tabiiy resurslari 
  Jahonning eng yirik qit’asining Osiyo deb atalishi uning joylashgan geografik o‘rni bilan bog'langan. Qadimiy assuriyaliklar (Mesopotamiya pasttekisngining shimoliy qismi) tilida u «sharq» ma’nosini beradi. Tabiiyki, bu qadimiy davlatdan sharqda joylashgan keng hududlar «Osiyo» deb nom olgan.
 Osiyoning umumiy maydoni 44 mln. km.kv (Rossiyaning Osiyo qismidagi hududini hisoblamaganda 31 mln. km.kv)ni tashkil qiladi, aholisi esa 4,175 mlrd. kishi. Hozirgi vaqtda uning siyosiy xaritasida 49 dan ortiq mustaqil mamlakatlar bor. Ularning ko‘pchiligi jahonning eng ko'hna va eng yirik davlatlari hisoblanadi. Insoniyatning taraqqiyotida Osiyoning o'rni beqiyosdir. Uning cheksiz kengliklarida bir qator qadimiy yuksak moddiy va ma’naviy sivilizatsiya o'choqlari yuzaga kelgan. Birgina yer yuzining 4 ta buyuk «daryobo‘yi» madaniyatlaridan uchtasining (Xitoy, Hindiston va Iroqdagi daryo vodiylari) joylashganligi uning ulug`vorligini tasdiqlaydi.
  Osiyo jahonning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham muhim o'rin tutadi. Garchi unda, asosan, rivojlanayotgan davlatlar ko'pchilikni tashkil qilsa-da, yaqin kelgusida ularning jahon ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o’rnining kuchayishi kutiladi. Osiyoda 5 ta subregion yaqqol ajralib turadi. Bular O'rta, Janubi-g'arbiy, Janubiy, Janubi-sharqiy va Sharqiy Osiyodir.
  Iqtisodiy-geografik o'rnining ikki muhim tomoni yaqqol ko'zga tashlanadi. Birinchi - aksariyat mamlakatlarning bevosita dengiz bo'ylarida joylashganligi. Bu holat ularning dengiz savdo yo'llariga to'g'ridan to'g'ri chiqishiga imkon beradi. Osiyo davlatlarining bir qismi serqatnov dengiz yo'llari, bo'g'izlar ustida (Turkiya, Malayziya, Singapur, Koreya Respublikasi kabilar) joylashgani ularning iqtisodiy taraqqiyotida juda katta omil bo'lib xizmat qiladi.
   Ikkinchisi, qit’a mamlakatlaridan 12 tasi quruqlik ichkarisida joylashganligi va dengiz savdo yo'llariga bevosita chiqish imkomyatidan mahrumligi.
  Osiyoning tabiiy resurslari ham ancha boy va xilma-xil. U mineral tabiiy boyliklar bilan, ayniqsa, yaxshi ta’minlangan. Jahon neft zaxiralarining 70 foizi, gazining 80 foizdan ko'pi, ko'mirining 54 foizi uning hissasiga to'g'ri keladi. Neft va tabiiy gazga Fors qo'ltiqbo'yi mamlakatlari, Rossiyaning Sibir hududlari, O'rta Osiyoning g'arbiy tekisliklari, Hindi-Xitoy yarim orolining dengiz sayozliklari ancha boy. Xitoy, Hindiston platformalari, Qozog`istonning qadimiy tog'li o'lkalari bo'ylab asosiy toshko'mir, marganes, qora va rangdor metall konlari, Tinch okeanbo'yi hududlari (Xitoy, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari) bo'ylab mashhur «qalayi belbog'i» joylashgan. Jahonning eng yirik qalayi konlari Osiyoning ana shu hududlarida uchraydi. Osiyoda boshqa turdagi tabiiy resurslar (suv, tuproq o'rmon, rekreatsiya kabilar) tarqalishida ham katta tafovutlar bor. Jumladan, bir tomondan oqar suv bilan yaxshi ta`minlangan hududlarning bo'lishi (Janubi-sharqiy Osiyo) bilan birga, ikkinchi tomondan keng qurg'oqchil cho'llar ham borki, ularda suv haqiqiy hayot muammosidir. Bu holat qadimdan sharq mamlakatlarida har tomchi suvdan unumli foydalanishga undagan, Osiyoni sun’iy sug'orish dehqonchiligining beshigiga aylantirgan. Haqiqatan ham, tarixiy ma’lumotlar O'rta, Janubiy va Janubi-g arbiy Osiyoda obikor dehqonchilik bilan 4-5 ming yillardan buyon faol shug`ullanib kelinayotganini tasdiqlaydi. Kо`plab qadimiy sug'orish inshootlari Eron, Iroq, O'zbekiston va boshqalarda yuzlab yillar davomida saqlanib kelmoqda.
   O'rmon boyliklari bilan Sibir va Janubi-sharqiy Osiyo mintaqalari yaxshi ta’minlangan. Ikkinchi tomondan esa tabiiy sharoiti tufayli ulkan cho`l va chalacho'l maydonlar о`simlik qoplamiga juda kambag'al. Xuddi shunga о`xshash katta tafovutlar tuproq, tabiiy namlik, ishlov beriladigan (haydaladigan) yerlar, rekreatsiya kabi resurslarning taqsimlanishida ham ko`zga tashlanadi Bularning bari ulardan foydalanishda ikki jihatni e’tiborga olishni talab etadi.
  Birinchisi, tirikchilikning asosiy manbai hisoblanadigan yer resurslari, avvalo ekin ekiladigan maydonlar yetishmaydi Asosiy maydonlari katta-katta tog' massivlari, qurg'oqchil cho'llar, cheksiz qumli va toshli hududlardan iborat bo'lganligi uchun ishlov beriladigan maydonlar ancha cheklangan. Bu muammo Osiyoning ko'pchilik mamlakatlaridagi eng dolzarb muammolardan hisoblanadi.
   Ikkinchisi, bir-biriga teskari xususiyatli agroiqlim imkoniyatlari. Osiyo hududining katta qismida quyosh tafti, uning issiqlik imkoniyatlari o'simliklarning vegetatsiya mavsumining davomli, hatto yil bo‘yi davom etishiga imkon beradi. Ammo tabiiy namlik unda nihoyatda notekis taqsimlangan. Shu sababli ko'pchilik qishloq xo'jalik mintaqalarida dehqonchilik, asosan, sug'orish asosida (musson iqlimli rayonlarda qishda, boshqa qurg'oqchil rayonlarda yozda) olib boriladi. Osiyoda dehqonchilik ishlari, asosan, sug'orish asosida olib boriladi. Yer yuzasidagi barcha sug'oriladigan yerlarning 3/4 qismi uning hissasiga to'g'ri keladi. Sug'oriladigan yerlarning kattaligiga ko`ra jahonda Xitoy birinchi, Hindiston ikkinchi o'rinda turadi.
 
Osiyo mamlakatlari aholisi
   Mintaqada jahon aholisining 60 foizidan ko`prog`i yashaydi. Osiyo aholisi ancha tez o'smoqda. Ammo aholisining ko'payish sur’ati davlatlar o'rtasida turlicha. Yaponiya, Gruziya, Isroil, Kipr, Xitoy kabi ayrim mamlakatlarni hisobga olmaganda, aksariyat davlatlarda tug'ilish va tabiiy o'sish ko'rsatkichlari ancha yuqori. Har 1000 kishi hisobiga Afg'oniston, Yaman, Kambodja davlatlarida yiliga o'rtacha 50 tagacha tug'ilish to'g'ri keladi. U dunyo davlatlari orasidagi eng yuqori ko'rsatkichlardan hisoblanadi.
  Urbanizatsiya darajasiga ko'ra Osiyo alohida xususiyatga ega. Bu jihatdan uni «dunyo qishlog'i» deyishardi.  Hozir shahar aholisining soni salkam 1,9 mlrd kishi, salmog`I (46,2%) ancha pastdir. Osiyoning urbanizatsiya jarayoniga xos yana bir xususiyati: unda yirik shaharlar, ayniqsa, «millioner» shaharlar soni ancha tez o`smoqda. Bu jarayon, ayniqsa, aholisi zich rivojlanayotgan mamlakatlarda kuchayib bormoqda.
     Ammo Osiyo ko'hna shaharlar o'lkasi hamdir. Unda qadimiy shaharlar bundan 3-4 ming yillar oldindan paydo bo'lgan. Qadimiy shaharlar orasida eng dastlab Vavilon (Bobil) miloddan avvalgi VII asrdayoq «millioner» bo'lgan. Hozirgi paytda Qadimgi Troya (Turkiya), Palmira (Suriya), Baalbek (Livan), Maxenjo-Daro (Pokiston), Varaxsha (O'zbekiston) kabi mashhur shaharlardan vayronalar ayrim qoldiq tarixiy yodgorliklar sifatidagina saqlanib qolgan. Bu «o'lik» shaharlar hozirgi kunda «tirik», ayni chog'da juda ko'hna hisoblanadigan Pekin, Dehli, Istanbul, Iyerusalim (Quddus), Bag'dod kabi shaharlar bilan birgalikda, Osiyoning turistlarni ko’plab o‘ziga jalb qiluvchi asosiy ziyoratgohlari hisoblanadi.
     Aholi zich yashaydigan hududlarda qishloq ham deyarli bir-birlariga tutash, zich joylashgan. Ammo aholisi siyrak o`lkalar (Mongoliya, Afg'oniston, ko'pchilik arab mamlakatlarining qurg'oqchil hududlari) hamon kо`chmanchi hayot tarzi saqlanib qolgan. Bunday o'lkalarda aholi, asosan, yig'ma o'tov uylarda yashaydilar. Muqim joylashgan qishloqlarni ham uchratish qiyin.
 
Osiyo mamlakatlari xo`jaligi
  Garchi Osiyoning jahon xo'jaligidagi mavqeyi so'nggi davrlarda tinimsiz o'sib borayotgan bo‘lsa-da, ko'pchilik davlatlarning iqtisodi qoloq holdadir. Osiyo davlatlari sanoatining rivojlanganligi holatiga ko'ra olti guruhga bo'linadilar.
  Birinchisi - Yaponiya bo'lib, tipik Osiyo davlatlaridan biri bo'lishiga qaramay, so'nggi YMD, ishlab chiqarish hajmiga ko'ra jahonning to`rtinchi davlati hisoblanadi. Shu bilan birga u mintaqadagi «Katta sakkizlik»ga kiruvchi yagona davlat, ijtimoiy taraqqiyot borasida ko'plab rivojlanayotgan davlatlar uchun namuna hamdir.
  Ikkinchisi - Xitoy va Hindistondir. Ular oldingi qoloq, mustamlaka davlatdan so'nggi yillarda iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlatlarga aylandilar. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlari hajmiga ko'ra ular jahonning eng yirik birinchi o'nlik davlatlari qatorida turadilar. Hozirgi vaqtda Xitoy YIM hajmiga ko`ra dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi, Hindiston esa uchinchi o`rinni egallaydi. Ammo aholisi jon boshiga mahsulotlarning to'g'ri kelish ko'rsatkichlari esa hali ancha pastligicha qolmoqda.
  Uchinchisi - Osiyoning yangi industrial davlatlari. Ular Koreya Respublikasi, Tayvan, Singapur, Xitoyning Syangani bo'lib, so'nggi o'n besh-yigirma yil ichida. omilkorlik bilan amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar tufayli taraqqiyotda keskin yuksalishlarga erishdilar. Shu tufayli ular G'arbda «Osiyo yo'lbarslari» yoki «Osiyo ajdarholari» deb ham nom oldilar. XX asr oxirlariga kelib bu toifa davlatlarga Malayziya va Tailand ham qo’shildi.
  Osiyoning ilg`or davlatlaridan Isroil, Kipr va Turkiya o'z taraqqiyot yo'lini belgilashda G'arb mamlakatlari tajribasini dastur qilib olgan bo'lsa, Sharqida joylashgan yangi industrial davlatlar esa Yaponiya rivojlanish modelmi namuna qilib olganligi bilan ajralib turadi.
  Jumladan, 60-yillargacha qoloq bo'lgan Koreya Respublikasi 90-yillar boshlariga kelib jahonda AES larda ishlab chiqarilayotgan elektr energiya hajmiga ko'ra 9-o'ringa, po'lat eritish bo'yicha 8-o'ringa, dengiz kemalari ishlab chiqarishda 2-o'ringa, kimyoviy tolalar ishlab chiqarishda 5-o'ringa, elektron sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda 6-о`ringa chiqib oldi. Shunga o'xshash keskin iqtisodiy o'sishlar Singapur, Tayvan va boshqalarda ham yuz berdi.
 To'rtinchisi, Fors qo‘ltig`idagi neft qazib chiqaruvchi mamlakatlar.Bu mamlakatlarning ko'pchiligi hozirgi vaqtda aholi jon boshiga YMD ishlab chiqarish darajasiga ko'ra salkam jahondagi yetuk rivojlangan davlatlar qatorida turadi. Buning asosiy sababi, neftni ko'plab qazib chiqarish va ularni eksport qilish hisobiga tushadigan katta miqdordagi «neft-dollar”dir. Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklarida mamlakat eksportining 95%ini neft tashkil qiladi. Natijada Fors qo‘ltiqbo‘yi mamlakatlarida neft va tabiiy gaz chiqarish, neft kimyosi, qayta erituvchi metallurgiya kabi sanoat tarmoqlari yuzaga keldi.
 Beshinchisi, sanoati bir tomonlama, sust rivojlanayotgan mamlakatlar. Bular Mongoliya, Pokiston, Vyetnam, Bangladesh, lordaniya, Shri-Lanka kabi mamlakatlar bo'lib, asosan, tog‘-kon yoki yengil oziq-ovqat sanoatlarigina ma’lum darajada rivojlanishga erishgan.
  Oltinchisi - iqtisodiyoti eng qoloq mamlakatlar. Ular Afg'oniston, Nepal, Yaman, Laos, Butan kabi mamlakatlardir. Ularda sanoatning biron tarmog'i yetarli rivojlanmagan, qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi juda past darajadadir.
  Davlatlar orasida qishloq xo'jaligi ixtisoslashuvida ham muhim farqlar mavjud. Shu sababli, Osiyoda turli qishloq xo'jaligi rayonlari shakllangan.
Bularning asosiylari:
  Birinchisi, sholikor rayon. Bunga Janubiy, Janubi-sharqiy va Sharqiy Osiyoning musson iqlimli hududlari kiradi. Shimolda Yaponiya, Koreyadan tortib janubda Yava, Shri-Lanka orollarigacha ekin maydonlarining mutlaq katta qismida har yili qayta-qayta sholi ekib hosil olinadi. Gang, Braxmaputra, Iravadi, Menam, Mekong, Xongxa (qizil), Yanszi, Siszyan kabi darvolarning unumdor qayir va deltalarida, okean va dengizbo'yi pasttekisliklari hamda son-sanoqsiz orollar ekinzorlaridan olinadigan mo‘l sholi hosili yuz millionlab aholining asosiy tirikchilik vositasi bo'lib kelmoqda. Sholikor maydonlardan birmuncha balandroq qir, adirlar, tog' yon bag'irlarida, ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Shri-Lanka, Indoneziya davlatlarida o'ziga xos maftunkor choy landshaftlari o'zini ko'z-ko'z qiladi. Ular orasida esa subtropik va tropik mevazor bog'lar, xushbo'y dorivor dehqonchilik maydonlari yastanib yotadi.
  Ikkinchisi, subtropik dehqonchilik rayoni. U O'rta dengizbo'yi hududlarida tarkib topgan. Unda subtropik dehqonchilik (sitrus bog'dorchiligi va uzumchilik) mahsuldor donchilik va ayrim chorvachilik sohalari rivojlangan.
  Uchinchisi, Janubi-g'arbiy Osiyoning cho‘l qismi qishloq xo'jaligi. Unda asosan sug'orish asosida tarkib topgan voha va vodiy dehqonchiligi (donchilik, paxtachilik, xurmo yetishtirish) va cho'l chorvachiligi (qo'ychilik, echkichilik, tuyachilik) tarmoqlari ahamiyatlidir.
  To`rtinchisi, Osiyoning o'rta kengliklari qishloq xo‘jaligi. Unga Markaziy Osiyo subregionidan to Shimoli-sharqiy Xitoyning Tinch okean bo'yigacha bo'lgan kengliklari kiradi. Unda, asosan, tabiiy nam asosida tarkib topgan donchilik, sug'orishga asoslangan paxtachilik va boshqa texnik ekinlar dehqonchiligi yaylov chorvachiligi (qoramolchilik, qo'ychilik, yilqichilik) bilan «omuxta» holda rivojlangan.
  Shuningdek, Osiyoning shimoliy o`rmon va tundra mintaqalarida shakllangan bug‘uchilik, ovchilik bilan baland tog' mintaqalarida shug`ullanadigan tog'-yaylov chorvachiligi (echkichilik, qo‘toschilik), ovchilik hamda onda-sonda tarkib topgan dehqonchilikdan iborat qishloq xo‘jaligi hududlari ham mavjud. 
 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.