Fernando Magellan 

2938

Fernando Magellan 
Fernando Magellan
(1480-1521)
 Buyuk geografik kashfiyotlar tarixiga portugaliyalik mashhur sayyoh Fernando Ma­gellan Yerning sharsimon ekanligini tasdiqlagan va sayyoramiz atrofi bo`ylab birinchi aylanma dengiz sayohatini amalga oshirgan kishi sifatida kiritilgan.  
 XVI asr boshlarida Yerning sharsimonligi haqidagi dalillarning yetarli emasligi sababli bunga bor-yo`g`i bir faraz sifatida qaralardi. Ta’kidlash joizki, Magellan sayohatining muvaffaqiyatli tugashiga ishonmagan. Ammo sayohat muvaffaqiyatli yakunlanib, Yerning sharsimonligi isbot qilindi. Ushbu sayohatdan vataniga qaytish uning o`ziga nasib etmagan bo`lsa-da, o`limi oldidan o`z maqsadiga erishganidan xabar topgan.
  Fernando Magellan 1480-yilda Portugaliyaning Traz-uj-Montish provinsiyasidagi Sabroza shahrida tug`ilgan. Saresh burnida joylashgan dengiz maktabida ta’lim olgan. Voyaga yetgach, portugal flotida oddiy dengizchi bo`lib xizmat qildi. 1509-1512-yillarda Hind okeaniga tashkil etilgan portugal ekspeditsiyalarida ishtirok etgan va Malakka yarimoroligacha suzib borgan. Magellan ushbu sayohatlar davomida dengiz ishida juda o`lkan tajriba orttirdi.
 Manbalarda keltirilishicha, Magellan bir qancha vaqt Mozambik va Hindistonda yashagan. 1512-yilda esa Lissabonga qaytib kelgan. 1517-yilda esa sayyoh Ispaniyaga kelib, qirol Karl (V) ning xizmatiga kirdi. 1493-yilda qabul qilingan Tordesilyas shartnomasiga muvofiq, 1494-yilda o`rnatilgan demarkatsiya chizig`idan g`arbda ochiladigan yerlar, ya’ni Yashil Burun orollaridan 1770 km uzoqdikdagi meridiandan g`arbdagi yerlar Ispaniyaga, Sharqdagilari esa Portugaliyaga tegishli bo`lishi kerak edi. O`sha vaqtlarda Yerning hajmi haqida aniq ma’lumotlar yetarli bo`lmay, uzoqlikni aniq o`lchay oladigan olimlar juda kam topilardi. Shuning uchun ko`pchilik kartograflar Janubi-Sharqiy Osiyodagi Molukk orollarini (Spice Islands) Ispaniyaga tegishli, deb hisoblashgan.
  Hozirgi zamon hisob-kitoblari shuni ko`rsatadiki, haqiqatda Tordesilyas shartnomasiga ko`ra o`tkazilgan demarkatsiya chizig`i 49°33' g`arbiy va 130°27' Sharqiy uzoqlik meridianlari orqali o`tadi, ya’ni Molukk orollari O`sha vaqtda Portugaliyaga tegishli bo`lishi lozim edi. Manbalarga ko`ra, mohir dengizchi buni bilsa-da, o`zini bilmaganga olgan. Ispan hukumati esa Magellanga Mo­lukk orollari demarkatsiya chizig`idan g`arbda joylashgani va aslida Ispaniyaga tegishli ekanini isbotlashni topshirdi.
 1518-yilning 22-martida sayohat rejasi Ispan qiroli tomonidan ma’qullanib, unga Magellan rahbar etib tayinlandi. Fernan­do agar Atlantika orqali g`arbga suzilsa, Janubiy dengizga chiqish va «Qattiq yer» orqali o`tgan bo`g`izni (hozirgi Magellan bo`g`izi nazarda tutilgan bo`lsa kerak) topish mumkinligiga ishonardi. Bundan kuzlangan asosiy maqsad, O`sha vaqtda portugallar tomonidan nazorat qilinadigan va Ispan dengizchilari uchun birmuncha xavfli bo`lgan Yaxshi umid burni orqali emas, balki Yevropadan g`arbga qarab suzib, Sharqqa, ya’ni Janubi-Sharqiy Osiyoga borishning muqobil yo`lini topish edi.
  Ekspeditsiya uchun Sevilya shahrida beshta kema - «Trinidad» (Magellanning flagman kemasi) «San Antonio», «Konsepson», «Viktoriya» va «Santyago» tayyorlangan. 1519-yilning 20-sentyabrida 265 kishilik ekipajdan iborat beshta kemani o`z ichiga olgan eks­peditsiya Gvadalkvivir daryosining quyilish qismidagi Sanlukar- de-Barrameda bandargohidan chiqib, g`arbga tomon jo`nadi. Tarjimon sifatida Magellan malayyalik xizmatkori Enrikeni olgandi. Bundan tashqari, flotiliyaning bir necha ofitseri ham Braziliya va Tinch okeanida yashaydigan mahalliy aholi tilini bilishgan.
  1519-yil 26-sentyabrda dengizchilar Kanar orollaridagi Tene­rife oroliga yetib kelib, 3-oktyabrda Braziliyaga yo`l oldilar. O`sha yili 29-noyabrda sayyohlar Sant- Avgustin burnidan janubi-g`arbga suzib, 13-dekabrda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga yetib kelishgan. 1520-yilda San-Xulian bandargohiga yetib kelgan ekspeditsiya, janubiy yarimsharda qish boshlanishi munosabati bilan shu yerda qishlab qoldi.Ekspeditsiya to`xtagan joyda sayyohlar Ispanlarga nisbatan bo`yi birmuncha baland va katta oyoqlarga ega maxalliy Hindular yashashiga guvox bo`ldilar. Shuning uchun ham bu yerni Magellan Patagoniya, ya’ni «Katta oyoqlilar yeri», deb atagan. Bugungi kunda Chilining Magellan bo`g`izida joylashgan Punta-Arenas shahridagi markaziy maydonda buyuk sayyoh sharafiga o`rnatilgan me’moriy majmuaning pastki qismida katta oyoqli patagoniyalikning o`tirgan holdagi haykali mavjud.
  Pasxa bayramini nishonlash chog`ida ekspeditsiyada ishtirok etgan portugal va ispan kapitanlari o`rtasida orqaga qaytish lozimligi masalasida nizo chiqqan. Magellan kapitanlardan birini unvonidan mahrum etib, qirg`oqqa tushirib qoldirishni buyurgan. Ekspeditsiya 1520-yil 24-avgustda Sant-Xulianni tark etdi.
 1520-yilning sentyabrida ekspeditsiya to`rtta kemada (ulardan biri «Santyago» halokatga uchradi) okeanga chiqib, janub tomon suza boshladi. Oktyabr oyi oxirida kemalar keyinchalik sayyoh nomi berilgan Magellan bo`g`iziga yetib keldi.
  Notanish bo`lgan bo`g`iz orqali suzish juda qiyin kechgan. Buning ustiga eng oldinda borayotgan yana bir kema «San-Antonio» bir oz shikastlangan. Shu sababli kema bo`g`izdan chiqibok, Olovli Yer oroli janubini aylanib o`tib, Ispaniyaga qaytib ketdi. Qolgan uch kemada Magellan bo`g`izini suzib o`tish uchun ekspeditsiyaga 38 kun kerak bo`lgan.
  1520-yilning 28-noyabrida «Tri­nidad», «Konsepson» va «Vikto­riya» kemalari bo`g`izni suzib o`tib, Janubiy dengiz hududiga kirib borishgan. Ekspeditsiya kemalarining bu hududni nisbatan tinch su­zib o`tgani bois Magellan bu yerlarni Tinch okean, deb ataydi. Chuchuk suv va oziq-ovqat zaxiralari tugab borayotgan bir sharoitda, 1520-yil­ning 18-dekabriga qadar Magellan kemalari Chili yaqinidagi qirg`oq bo`ylab suzib, keyinchalik shimoli-Sharqqa yo`l olgan. 1521-yilning   24-yanvarida ekspeditsiya a’zolari Tuamotu arxipelagi orqali suzib, 6-martda Tinch okean shimolidagi Mariana orollari qirg`oqlariga tushishgan. Dengizchilar 99 kunlik suzishdan keyin birinchi marta oyoqlari ostida yerni his etib, toza meva-sabzavot va oziq-ovqatdan bahramand bo`ldilar.
  Magellan Mariana orollarida uch kun turib, 1521-yilning 9-martida janubi-g`arb-g`arbga, keyinchalik Filippin, deb atalgan orollarga qarab suzdi. Mazkur orollardagi ikki qabila boshliqlari mojarosiga aralashib qolgan sayyoh 1521-yil   21-aprelda Lapu-Lapu qabilasi sardori tomonidan o`ldirilgan.
 Yer shari bo`ylab aylanma sayohatga chiqqan Magellan ekspedisiyasining beshta kemasidan faqatgina bittasi «Viktoriya» 1522-yilning 6-sentyabrida bor-yug`i 18 nafar ekipaj a’zosi bilan Ispaniyaning Sevilya shahriga qaytib kelgan.
Sayyohning xotirasi qator geografik ob’ektlarda abadiylashtirilgan. Jumladan, Olovli yer orolini Janubiy Amerikadan ajratib turuvchi bo`g`iz, atmosferadagi bulutlar, kosmik apparat, pingvinlarning bir turi va Marshall orollari yaqinidagi Tinch okeanidagi suv osti tog`lari Magellan nomi bilan atalgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash