Yuklanmoqda...

Amerigo Vespuchchi 

2721

 Amerigo Vespuchchi

 

(1454-1512)
  Amerikaning kashf etilishi deganda, tabiiyki, ko`z oldimizga beixtiyor buyuk sayyoh Xristofor Kolumb keladi, albatta. Ammo X.Kolumb Yevropadan G`arbda kashf etgan yerlarni Hindiston deb o`ylab, ularni biror bir asarida «Yangi dunyo» deb atamagan. Ammo bu vazifani X.Kolumbning zamondoshi, florensiyalik sayyoh Amerigo Vespuchchi  amalga oshirgan va yangi dunyo uning nomi bilan «Amerika», deb atalgan.
  Amerigo Vespuchchi 1454-yilning 9-martida Italiyaning Flo­rensiya shahrida notarius oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidanoq turli fanlardan yaxshi xabardor bo`lgan olim amakisi Jorjio Antonio Vespuchchi qo`lida tarbiya olib, lotin tili, fizika, matemati­ka, astronomiya va geografiya fanlarini chuqur o`zlashtirdi.
  1478-1480-yillarda Florensiyaning Parijdagi elchisi bo`lgan boshqa amakisi Gvido Antonio Vespuchchi bilan birga elchixonada ham faoliyat olib borgan. Fransiyaga turli mamlakatlardan kelgan elchilar bilan muloqotlar yosh Amerigoda uzoq o`lkalarga sayohat qilish orzusini o`ygotgan. 1483-yilda A.Vespuchchi savdogar sifatida Ispaniyaning Sevilya shahrida joylashgan florensiyalik J.Berardining savdo uyiga xizmatga kirdi. Ushbu savdo uyi X.Kolumbning 1493-yilgi ikkinchi ekspeditsiyasini mablag` bilan ta’minlaganini hisobga olsak, A.Vespuchchi X. Kolumb bilan shu vaqtdan buyon tanish bo`lgan, deyish mumkin.
  J.Berardining vafotidan keyin, ya’ni 1495-yilda A.Vespuch­chi savdo uyi rahbari vazifasini egalladi. Ispan hukumati 1495-yilda X.Kolumb bilan aloqalarini to`xtatganidan keyin A.Ves­puchchi Hindistonga tashkil etilishi lozim bo`lgan ekspeditsiyalar ta’minoti huquqini qo`lga kiritgan. Shu bilan birga savdo uyining muvaffaqiyatli rivoji A.Vespuchchida turli savdo ekspedisiyalarida bevosita qatnashish va yangi dunyoni o`z ko`zi bilan ko`rish ishtiyoqini kuchaytirdi.
  A.Vespuchchi dastlab, shturman sifatida admiral Alonso do Oxedaning birinchi ekspeditsiyasida ishtirok etgan. Sayyohning Is­paniya qiroli Ferdinand Argonskiy tomonidan ma’qullangan Yangi Dunyoga birinchi sayohati 1497-yilning 10-mayida boshlangan.
   Yetarli isbot va dalillar (xaritalar, kema kundaligi va boshqa) bo`lmaganligi bois, ushbu sayohat haqida juda kam narsa ma’lum. Ekspeditsiya Gviana qirg`oqlarigacha yetib borib, 1498-yilning 15-oktyabrida Ispaniyaga qaytib kelgan. Ammo keyin ko`pchilik bu sayohatning natijalariga, sayyohning umuman, Amerika qirg`oqlariga suzib borganiga shubha bilan qaray boshladi. Shu sabab, Amerikani yangi materik ekani haqida xabar berganiga qaramasdan, uni birinchi ochgan kishi sifatida baribir buyuk sayyoh Xristofor Kolumb e’tirof etilgan.
  1499-yil 20-mayda Amerigo Vespuchchi to`rtta kemada Kadis shahri yaqinidagi Puerto de-Santa-Mariya portidan yangi sayohatga jo`nagan. Ekspeditsiya 24 kunlik suzishdan keyin Surinam qirg`oqlariga yetib borib, 3° shimoliy kenglik bo`ylab uni o`rganib chiqdi. Ushbu yo`nalish X.Kolumb tomonidan 1498-yil oktyabrda tuzilgan yangi xarita asosida tanlangan edi.
 A.Vespuchchi Markaybo qo`ltig`ini o`rganayotib, suvda, yogoch ustunlar ustiga ko`rilgan qishloqlarni uchratdi va bu joyni Kichik Ve­netsiya, ya’ni Venesuela deb atadi. Shundan so`ng sayyoh, Pariya burnidan 200 mil g`arbga suzib, Vest-Indiya orollariga kirib, 1500-yilda Kadisga qaytdi.
  1500-yilning oxirida Portugaliya qiroli Manuel I taklifiga binoan ushbu davlatga yo`l oldi va ushbu mamlakat kemalarida Lissabon qirg`oqlaridan yangi dunyoga yana ikki bor uyushtirilgan sayohatlarda ishtirok etdi. Ushbu sayohatlarning birinchisi, 1501-yil maydan 1502-yil sentyabrgacha, ikkinchisi esa, 1503-yil maydan 1504-yil iyungacha davom etgan. 
  A.Vespuchchi o`z sayohatlarida ekspeditsiya boshlig`i bo`lib emas, balki ko`proq kosmograf, kartograf va kema boshqaruvchisi sifa­tida ishtirok etgan. Faqatgina, Braziliya qirg`oqlarining katta qismi o`rganilgan ikkinchi ekspeditsiya vaqtida u kichikrok kemaga qumondonlik qilgan.
  X.Kolumb tomonidan dengiz ishlari buyicha Portugaliya qiroli Manuel I ning eng ashaddiy raqibi hisoblangan ispan qiroli Ferdinand II ga A.Vespuchchi tavsiya etilgach, 1505-yilda yana Is­paniya qirolligining dengiz xizmatiga qaytgan. 1508-yil martda esa Hindistonga tashkil etiladigan sayohatlarda bosh kema boshqaruvchisi etib tayinlandi. A.Vespuchchi 1512-yilning 22-fevralida 58 yoshida Sevilyada vafot etgan.
  Amerigo Vespuchchining o`sha zamonda yashagan taniqli kishilarga yozgan do`stona xatlari buyuk sayyohdan qolgan yagona yozma esdaliklar hisoblanadi. Ana shunday kishilardan biri Lorensio di-Perfranchesko del-Medichi geografik kashfiyotlar ishqibozi bo`lgan Lotaringiya qiroli Rene II ga A.Vespuchchining sayohatlari haqida xabar bergan va o`limidan keyin sayyohning xatlari Florensiyada nashr etilgan.
 1507-yilda venetsiyalik kosmograf va kartograf A.Sorsining eng yangi geografik kashfiyotlarni, shu jumladan, A.Vespuchchining kundaliklarini o`z ichiga olgan «Yangi dunyo» deb nomlangan olti tomli to`plami chop etilgan. Ushbu asar 1508- yilda dastlab, Milanda lotin, so`ng nemis tilida va 1516-yilda fransuz tilida kitob bo`lib chiqdi.
 Ma’lumotlarga ko`ra, 1504-yildayoq yevroialik kitob savdosi bi­lan shug`ullanuvchi Iogann Ottmar «Uchinchi sayohat» kitobini chop etayotib «Yangi dunyo» nomini A. Vespuch­chi nomi bilan bog`lagan. 1506-yilda Fransiyada nashr etilgan geogra­fik atlasda esa Janubiy Amerika shimoliy qismining xaritasi chop etilgan va muallif bu yangi yerlarni «Amerigo yeri» deb nomlagan.
 Ammo «Yangi dunyo»ni A.Vespuchchi nomi bilan «Amerika», ya’ni «Amerigo mamlakati», deb atash taklifi birinchi marta lotaringiyalik kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi Martin Valdzeemyo`ller tomonidan ilgari surilgan.
 M.Valdzeemyo`ller 1507-yilda Gilakomila taxallusi bilan A.Vespuchchi sayohatlariga bag`ishlangan kitobni nashr etgan va ushbu asar ko`pchilikning e’tiborini o`ziga tortib, yana to`rt mar­ta qayta nashr etilgan. Uning «Yangi dunyo»ni A.Vespuchchi sharafiga «Amerika» deb atash taklifi tez orada ko`pchilik tomonidan qo`llab-quvvatlangan. Jumladan, ushbu nom 1520-yilda chop etilgan umumgeografik xaritada, shuningdek, 1522 va 1530-yillarda nashr qilingan xaritalarda ham aks etgandi.
 XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab bosib chiqarilgan geo­grafik xaritalarda kartograflar «Amerika» nomini Markaziy va Shimoliy Amerikaga nisbatan ham ishlata boshlashgan.
  Zamondoshlarining ta’rifiga ko`ra, A.Vespuchchi halol, juda zakovatli va kuzatuvchan kishi bo`lgan. X.Kolumb o`limidan oldin o`g`liga A.Vespuchchini halol va ishonchli shaxs sifatida ta’riflab, u bilan hamkorlik qilishni tavsiya etgan ekan. Shu bilan birga juda kamtar inson bo`lib, hech qachon amalga oshirgan sayohatlari orqali shon-sharaf qozonishga intilmagan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash