Yevrosiyoning issiq iqlim mintaqalari 

12 341

Yevrosiyoning issiq iqlim mintaqalari subtropik, tropik, subekvatorial (2 tadan) va ekvatorial iqlim mintaqalaridan iborat.
 
Subtropik iqlim mintaqasi materikning g‘arbidagi Pireney yarimorolidan to Tinch okean sohiligacha bo‘lgan qismini egallaydi. Yozda tropik havo, qishda esa mo‘tadil havo massalari hukmronlik qiladi. Materik ichkarisida yozda tropik havo massalari ta’sirida harorat +30 +35°C gacha ko‘tariladi, havo ochiq bo‘ladi, yomg‘ir juda kam yog‘adi. O‘rta dengiz sohillarida qish iliq bo‘ladi. Yomg‘ir tez-tez yog‘ib turadi, havoning o‘rtacha harorati hamma joyda 0°C dan yuqori. Shuning uchun o‘simliklar vegetatsiyasi (o‘sishi) yil davomida to‘xtamaydi. Yomg‘irni Atlantika okeanidan esadigan g‘arbiy nam shamollar keltiradi. Bu subtropik iqlim tiрi O‘rta dengizbo‘yi iqlimidir. Gruziyaning Qora dengiz sohillarida ham nam subtropik iqlim tarkib topgan.
 
G‘arbdan sharqqa, materik ichkarisi tomon borgan sari havoning namligi kamayib, kontinentalligi orta boradi. Natijada subtropik mintaqaning o‘rta qismida subtropik kontinental iqlim tarkib topadi. Bu yerda yoz juda issiq va quruq, qish esa ancha sovuq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kam, 100-150 mm atrofida yog‘adi. O‘rta Osiyoning janubiy qismlari iqlimi ana shunday iqlimga to‘g‘ri keladi. Ozarbayjonning Kaspiybo‘yi tekisliklari, Turkmaniston, O‘zbekistonning janubi quruq subtropik hududga kiradi.
 
Materikning sharqiy — Tinch okean sohilidagi subtropik mintaqada mavsumiy shamollar ta’sirida subtropik musson iqlimi vujudga keladi.
 
Tropik iqlim mintaqasi Arabiston yarimoroli, Eron tog‘ligi va Hind daryosi havzasini egallaydi. Mintaqaning janubida yil davomida quruq va issiq kontinental tropik havo massalari tarkib topadi. Yozi juda issiq (+30 +35°C), qishi iliq (+18 +24°C) bo‘lib, 500-1000 mm atrofida yog‘in yog‘adi.
 
Subekvatorial iqlim mintaqasi Hindiston yarimorolining markaziy va sharqiy qismidan Tinch okeanga qadar davom etadi. Xitoyning janubiy qismi (25° sh.k. gacha), Filiрpin orollari ham shu mintaqaga kiradi. Bu hududlarga musson iqlim tiрi xos. Yog‘in ko‘p yog‘adi. Yer sharining eng ko‘p yog‘in yog‘adigan joyi bo‘lgan Cherrapunjada yillik yog‘in 12 000 mm dan oshadi.
 
Ekvatorial iqlim mintaqasi Shri-Lanka oroli bilan Malakka yarimorolining janubiy qismlari hamda Osiyoning janubi sharqidagi orollarni qamrab oladi. Bu mintaqada yil davomida harorat yuqori (+24 °C), yog‘in mo‘l (3 000 mm dan ko‘p) bo‘ladi.
 
Janubiy subekvatorial mintaqaga Yava orolining yarmi va undan sharqdagi orollar, Yangi Gvineya orolining janubi g‘arbi kiradi. Iqlimi ekvatorial mintaqa iqlimiga o‘xshash. Faqat yog‘inlar miqdori biroz kam (1 000-2 500 mm). Demak, Yevrosiyoda beshta issiq iqlim mintaqasi shakllangan bo‘lib, subtropik mintaqa nisbatan eng ko‘p maydonni egallasa, janubiy subekvatorial mintaqa Osiyoda kam maydonda shakllangan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.