Yuklanmoqda...

Janubiy Amerika iqlimi va ichki suvlari


Iqlimi. Janubiy Amerika iqlimining tarkib topishida Quyosh radiatsiyasi, Yer relyefi, havo massalari, okean oqimlari muhim rol o‘ynaydi.
 

Materikning markaziy va shimoliy qismlari ekvatorial va tropik havo massalarining ta'sirida bo‘ladi. Janubiy qismlarida esa mo'tadil havo massalari hukmronlik qiladi. Ushbu havo massalari Janubiy Amerika iqlimining shakllanishida yetakchi omillardan hisoblanadi.

Janubiy Amerika eng nam materikdir. Unga Atlantika okeanidan esadigan nam havo massalari juda ko‘p yog‘in keltiradi. Bunda Gviana va Braziliya iliq oqimlarining hissasi katta. Aksincha, Peru va Folklend sovuq oqimlari materikning g‘arbiy va janubi-sharqiy sohillariga yog‘inlarni olib kelmaydi.

Materik oltita iqlim mintaqasida joylashgan. Ular shimoldan janubga quyidagi tartibda almashinadi: subekvatorial (2 ta), ekvatorial, tropik, subtropik va mo‘'tadil. Tog‘larida balandlik iqlim mintaqalari mavjud.

Ekvatorial iqlim mintaqasi Afrikadagidek juda sernam. Yog‘inlar miqdori 3500 mm dan ko‘p. Yil davomida havo harorati 24-25°C atrofida. Subekvatorial iqlim mintaqasida ikkita fasl aniq ifodalanadi. Yozda yog‘in ko‘p yog‘adi (1000-2000 mm), o‘rtacha oylik harorat +25°C dan oshadi. Qishda bir necha oylab yog‘in yog‘maydi. Bu faslda havo harorati +20°C atrofida bo‘ladi.

Tropik mintaqaning sharqiy qismlari passat shamollarining ta'sirida bo‘ladi.Shuning uchun Braziliya yassitog‘ligining sharqiy qismlariga 1500-2000 mm atrofida yog‘in yog‘adi. Bu yerlarda yilning asosiy qismida havo nam va issiq bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati +25°C, iyulda esa +17 +19°C ni tashkil etadi. Lekin g‘arbga tomon borgan sari havodagi namlik kamaya borib, And tog‘lariga yaqin joylarga 250-500 mm yog‘in tushadi.

Tropik mintaqaning Tinch okean sohillariga Peru sovuq oqimi yog‘in keltirmaydi va deyarli yog‘in yog‘maydi. Natijada, shudring Afrikadagi Namib cho‘li kabi Atakama cho‘li namligining yagona manbai hisoblanadi.

Subtropik iqlim mintaqasi materikning 30° va 40° j.k. oralig‘idagi hududlarni egallaydi. Mintaqaning sharqida namgarchilik ko‘p (1000-2000 mm), yanvarda havo harorati +25°C, iyulda +10°C +15°C atrofida bo‘ladi. Materikning ichkarisi tomon namgarchilik kamayib boradi (500-300 mm). Tinch okean sohillarida sernam o‘rtadengiz iqlimi tarkib topgan.

Mo'tadil iqlim mintaqasi materikning janubiy qismini egallaydi. Tinch okean sohilida yil davomida ko‘p yog‘in yog‘adi (2000-3000 mm), qishi yumshoq, yozi salqin keladi. Mintaqaning sharqida mo‘'tadil-kontinental iqlim tarkib topgan bo‘lib, yog‘in 300-400 mm, qishi sovuq, qorli. Yozda Antarktida tomondan qorli bo‘ronlar esib turadi.

And tog‘larida balandlik iqlim mintaqalari tarkib topgan.
 
Ichki suvlari. Janubiy Amerika eng sersuv materik. Uning eng katta va eng sersuv Amazonka daryosi 500 dan ortiq irmoqqa ega. Keyingi yillarda uning uzunligi Ukayali irmog‘i bilan birga 6 992 km ekanligi aytilmoqda. Uning o‘rta oqimidagi kengligi 5 km, quyi oqimida 80 km, quyilish joyida 320 km ga boradi. Amazonka daryo suvining „teskari oqish" hodisasi 1 400 km yuqori oqimgacha kuzatiladi. Bunga okeandagi qalqish hodisasi sababchidir.
 
 
 Iguasu sharsharasi

Parana daryosi sersuvligi va uzunligi jihatidan materikda ikkinchi o‘rinda turadi. Bu daryoda dunyodagi eng keng (kengligi 2 700 m, balandligi 72 m) Iguasu sharsharasi hosil bo‘lgan.
 
 
Anxel sharsharasi 

Orinoko daryosida dunyodagi eng baland (1 054 m) Anxel sharsharasi vujudga kelgan.

Materikda ko‘llar kam. Eng yirik ko‘li - Marakaybo materikning shimolida joylashgan. Ulaguna ko‘llari ning tipik vakilidir. And tog‘laridagi Titikaka ko‘li Yer sharidagi eng balandda joylashgan katta va chuchuk ko‘ldir. U dengiz sathidan 3810 m balandlikda joylashgan.

Janubiy Amerikaning tekislik qismlari yer osti suvlariga boy. Amazonka, Parana, Orinoko, Paragvay havzaiarida yer osti suvlari zaxiralari mavjud. Tog‘lar va yassitog‘liklarda buloq suvlari, qor va muzliklar ko‘p.   

Внимание! Если Вы нашли ошибку в тексте, выделите её и нажмите Ctrl+Enter для уведомления администрации.

Комментарии