Tropik cho‘llar va subtropiklar 

9 920

Tropik cho‘llar tabiati. Tropik havo massalarining nihoyatda quruq ekanligi, havo bosimining yuqoriligi tropik chalacho‘l va cho‘llarning tarkib topishiga sabab bo‘lgan. Tropik cho‘llar materikning katta qismini (30 %) egallaydi va, asosan, shimoliy qismida joylashgan.
Sahroyi Kabir haqiqiy tropik cho‘llardan iborat. U dunyodagi cho‘llarning eng yirigi (maydoni 7,8 mln kv km). Yillik yog‘in miqdori 100 mm gacha. Ichki qismlarida bir necha yillar davomida yog‘in yog‘maydi. Qum, chang-to‘zonli quruq va issiq  samum shamoli kuchli esadi. 
Tropik cho‘llarda tun bilan kunlik harorat keskin o‘zgaradi. Masalan, kunduzi havo harorati 40-50°C bo‘lsa, kechasi 0°C ga pasayishi mumkin. Buning natijasida cho‘ldagi tog‘larda tog‘ jinslarida darz va yoriqlar paydo bo‘lib, kuchli parchalanishlar kuzatiladi. Bunday joylarda mahalliy aholi gamada deb ataydigan  toshloq sahrolar paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, tuproq va o‘simlik qoplamidan butunlay mahrum bo‘lgan barxan qumli cho‘llar katta maydonni egallaydi. Cho‘l markazida Tibesti (3 415 m), Darfur (3 088 m), Axaggar (2 918 m) kabi qoldiq tog‘lar bor.
Cho‘llarda chirindisiz qumoq cho‘l tuproqlari, pastlik joylarda sho‘rxok tuproqlar, vohalarda madaniy tuproqlar shakllangan. O‘simligi juda kam, pastlik joylarda sho‘ra, shuvoq, saksovul,  yulg‘un,  buta,  akatsiya, Namib cho‘lida noyob velvichiya  kabi o‘simliklar o‘sadi. Namib cho‘lining shimol va sharq tomonlarida chalacho‘llar boshlanadi. Bu yerlarda yostiqsimon o‘simliklar, molochay, aloe, yovvoyi  sersuv  tarvuzlar o‘sadi. Tarvuzlarni hayvonlar va aholi suv o‘rnida iste’mol qilishadi. Vohalarning asosiy o‘simligi xurmo hisoblanadi. Cho‘l sharoitiga moslashgan antilopa, giyena (chiрor sirtlon), tulki, chiyabo‘ri, tuya,  kaltakesak, echkemar, toshbaqa kabilar asosiy hayvonlardir.

Subtropiklar tabiati. Afrikaning shimoli-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismlarida qattiq bargli doimiy yashil o‘rmonlar va butazorlardan tashkil topgan subtropik zona joylashgan.
Shimoliy subtropikdagi Atlas tog‘larining 3 000 m dan tepa qismida qishda havo sovib (–10 –17°C gacha), qor yog‘adi. Ba’zi joylarda qorning qalinligi 2 m ga yetadi. Sohil va tog‘ yonbag‘irlarida  makvis,  zaytun, pakana palma, probka emani (dub) o‘rmonlari, yuqoriroqda yirik atlas kedri,  tis (butasimon daraxt), yana balandroqda (1 500-3 000 m) keng bargli o‘rmonlar, undan balandda alp o‘tloqlari joylashgan. Bu zonada hayvon turlari ko‘p. Kattaligi quyonday keladigan o‘txo‘r daman  tog‘larda to‘da bo‘lib yashaydi. Uni ovlashadi va go‘shtini iste’mol qilishadi. Yana turli kemiruvchilar, dumsiz makaka, yirtqichlardan chiyabo‘ri, yovvoyi mushuk, qoplon, sirtlon, sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilon, echkemar, toshbaqalar yashaydi. Ba’zan chigirtkalar bosqinidan qishloq xo‘jaligi ancha zarar ko‘radi.

Janubiy Afrika subtropik landshaftida kiрaris, kap zaytuni, kumush  daraxti, kedr, Afrika yong‘og‘i, kap kashtani, sariq daraxt  va turli o‘t o‘simliklar o‘sadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Комментарий - 1