Tabiiy geografik o‘lkalari 

8 147

Hozirgi paytda Afrika tabiiy sharoitiga ko‘ra to‘rtta yirik tabiiy geografik o‘lkaga ajratiladi. Ular Shimoliy, Markaziy, Sharqiy va Janubiy Afrika deb nomlangan.

Shimoliy Afrika janubda mavsumiy nam o‘rmonlar zonasidan shimolda O‘rta dengizgacha, g‘arbda Atlantika okeani sohillaridan sharqda Efiopiya tog‘larining etaklarigacha bo‘lgan hududlarni egallaydi. Savannali Sudan (arabcha qoralar o‘lkasi), Sahroyi Kabir va Atlas tog‘lari shu o‘lkada joylashgan.

Shimoliy Afrika o‘lkasi tarkibida bir-biridan farq qiladigan uchta tabiat komplekslari bor. Bular: 1) qattiq bargli doimiy yashil o‘rmonlar va butazorlar zonasi, 2) qumli va toshloq cho‘lli Sahroyi Kabir va 3) o‘t o‘simlikka boy savannali Sudan yoki Saxel hududlaridir.

Markaziy Afrika Gvineya qo‘ltig‘i sohillari va Kongo havzasini qamrab oladi. Bu o‘lkada doimiy yashil nam ekvatorial o‘rmonlar va mavsumiy nam o‘rmonlar zonalarining noyob landshaftlari tarkib topgan. O‘lkada qimmatbaho mebellar ishlanadigan  qizil daraxt, yog‘ olinadigan palma, seyba va muskat daraxtlari, kauchuk olinadigan daraxtlar o‘sadi. Mitti pigmey qabilasi — o‘rmon odamlari, bahaybat gorilla,  setse pashshasi,  mitti bug‘ucha, okapi va boshqalar faqat shu hududlarda yashaydi.

Sharqiy Afrika materikning baland tog‘li qismini egallaydi. Bu o‘lkada quruqlikdagi eng katta yer yorig‘i — Buyuk Afrika yer yorig‘i joylashgan. Shu sababli o‘lkada tektonik ko‘llar ko‘p.

Afrikaning eng baland nuqtasi — Kilimanjaro vulqoni (5895 m) shu yerda joylashgan. Sharqiy Afrikani ba’zan „Afrika materigining tomi" deb atashadi. O‘lka, asosan, Efiopiya tog‘ligi va Sharqiy Afrika yassi tog‘ligidan iborat. Relyefi va iqlim xususiyatlariga bog‘liq holda o‘simlik va hayvonot olami tarkib topgan. Balandlik mintaqalanishi aniq namoyon bo‘lgan.

O‘lka tabiati xilma-xil. Tabiatni asrash maqsadida qo‘riqxona va milliy bog‘lar tashkil etilgan. „Serengeti", „Rungva", „Nyasa", „Ngorongoro" shular jumlasidandir.

Janubiy Afrika o‘lkasi Kongo — Zambezi daryolari suvayirg‘ichidan janubdagi hududlarni egallaydi. Bu o‘lkani kichik Afrika deb ham atashadi. Sababi kichik hududda iqlimiga bog‘liq holda tabiati kenglik va uzoqlik bo‘yicha almashib keladi. Tog‘larida balandlik mintaqalanishi mavjud. Madagaskar — paydo bo‘lishiga ko‘ra yirik materik oroli. Tabiatiga okean ta’siri katta. Tropik o‘rmon va savannalar ko‘p.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.