Ob-havo va iqlim 

46 709

Ob-havo.
 Ob-havoning asosiy elementlari – harorat, namlik va havo bosimidir. Troposferada ob-havo elementlariga bog‘liq ravishda shamol va bulutlar hosil bo‘ladi, yog‘inlar yog‘adi.
 Ob-havo deb troposfera ning biror joydagi ayni paytdagi yoki ma'lum bir vaqtdagi (sutka, hafta, oy, fasldagi) holatiga aytiladi.
 Ob-havoning barcha elementlari va hodisalari o‘zaro bog‘langan. Biror elementning o‘zgarishi boshqa elementlarning va butun ob-havoning o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, bahorda erta bilan Quyosh chiqishi oldidan havo salqin, shamolsiz bo‘ladi. Quyosh ko‘tarilishi bilan Yer yuzasidagi havo isib yuqoriga ko‘tariladi, bug‘lanish kuchayadi. Iliq havo yuqoriga ko‘tarilib soviydi. To‘p-to‘p va yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar hosil bo‘ladi. Ba'zan yomg‘ir ham yog‘ib o‘tadi. Agar ob-havo bir necha kun o‘zgarmay bir xilda tursa, u barqaror ob-havo deyiladi.

  Inson hayoti va mehnat faoliyati uchun ob-havoning qanday bo‘lishini oldindan bilish juda zarur. (Nima uchun zarur?) Ob-havoni oldindan aytish uchun troposferaning holati haqidagi ma'lumotlar kerak bo‘ladi. Bunday ma'lumotlar meteorologik stansiyalarda to‘planadi. Ma'lumotlar Yerdagi kuzatishdan tashqari, kosmik yo‘ldoshlar va stansiyalardan ham olinadi. Meteorologik markazlarda ob-havo xaritalari tuziladi va shunday xaritalar yordamida ob-havoning qanday bo‘lishi oldindan e'lon qilinadi.
Iqlim.
  Ob-havoning biror joyga xos bo‘lgan ko‘p yillik rejimi (holati) shu joyning iqlimi deyiladi. Iqlimning ta'rifiga harorat va yog‘in miqdori, shamollar, havo massalari, ob-havoning holati haqidagi ko‘p yillik o‘rtacha ma'lumotlar kiradi. Iqlim ta'rifiga yana eng yuqori va eng past harorat, yillik yog‘inning eng ko‘p va eng kam miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham kiritiladi.
  Iqlim haqidagi ma'lumotlar nima uchun kerak? Iqlim har bir joyning tabiatiga, relyef, daryo va ko‘llar, o‘simlik hamda hayvonot dunyosiga ta'sir ko‘rsatadi. Iqlim haqida bilimga ega bo‘lmasdan turib shahar qurilishi, yo‘l o‘tkazish, to‘g‘on, suv ombori bunyod etish uchun joy tanlash mumkin emas. Qishloq xo‘jaligi esa butunlay iqlimga bog‘liq.
  Har bir joyning iqlimi nimalarga bog‘liq? Iqlim avvalo joyning geografik kenligiga bog‘liq. Ekvatorga yaqin yerlar Quyoshdan eng ko‘p issiqlik oladi. Qutblarga yaqin o‘lkalarni esa Quyosh eng kam isitadi. Buning oqibatida Yer yuzida issiqlik mintaqalari vujudga keladi. Bular tropik, ikkita mo‘tadil va ikkita sovuq mintaqalar.
  Okeanlarning uzoq-yaqinligi ham joy iqlimiga ta'sir ko‘rsatadi. Yevropadagi Ispaniya va Gretsiya davlatlari O‘zbekiston bilan bir xil geografik kenglikda joylashgan. Lekin Ispaniya va Gretsiyada qishda havo harorati O‘zbekistondadagidan ancha yuqori bo‘ladi, yog‘in ham ko‘p yog‘adi. Bunga sabab iliq Atlantika okeanidan Ispaniya va Gretsiyaga iliq, sernam havo kelib turadi. O‘zbekiston okeandan uzoqda joylashgani sababli yog‘in kam, qishda sovuq va yozda juda issiq bo‘ladi.
  Qishda iliq, yozda salqin va yog‘in ko‘p yog‘adigan, dengizga yaqin joylar iqlimi dengiz iqlimi deyiladi. Qish sovuq, yoz issiq va yog‘in kam yog‘adigan iqlim kontinental iqlim deb yuritiladi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.