Havo harorati va bosimi 

31 173

                 Havo harorati
  Havoning harorati termometr yordamida o‘lchanadi. Termometr yer yuzidan 2 m balandga, Quyosh nuri tushmaydigan soya joyga o‘rnatiladi. Meteorologik stansiyalarda termometr maxsus meteorologik quti ichiga qo‘yiladi. Quti ichiga havo erkin kirib-chiqib turadigan qilib ishlanadi. Qutining eshigi shimol tomonda bo‘ladi. Shunda quti eshigi ochilganda Quyosh nuri termometrga tushmaydi.
  Dunyodagi ko‘pchilik meteorologik stansiyalarda ob-havo holati, shu jumladan, havo harorati har 3 soatda kuzatib turiladi. So‘ngra o‘rtacha harorat aniqlanadi. Buning uchun sutka davomidagi barcha kuzatish natijalari qo‘shilib, necha marta kuzatilgan bo‘lsa, shunchaga bo‘linadi. Toshkentda 10 apreldagi bir sutkalik kuzatish natijalari quyidagicha deylik: kechasi soat 1 da +6°C, soat 4 da +4°C, ertalab soat 7 da +5°C, soat 10 da +10°C, kunduzi soat 13 da +14°C, soat 16 da +16° C , kechqurun soat 19 da +10°C, soat 20 da +7°C.Haroratlar yig‘indisi 72°C:8=9°C. Sutkalik o‘rtacha harorat +9°C ekan.
  Oylik o‘rtacha haroratni topish uchun oydagi kunlik o‘rtacha haroratlar qo‘shilib, oyning kunlari soniga bo‘linadi. Yillik o‘rtacha haroratni topish uchun hamma oylar o‘rtacha harorati qo‘shilib, 12 ga taqsimlanadi.
Havo haroratini kuzatish uning sutka va yil davomida ancha o‘zgarib turishini ko‘rsatadi. Havoning harorati kunduz kuni soat 14 va 15 larda eng yuqori va erta bilan Quyosh chiqishi oldidan eng past bo‘lishi kuzatiladi. Sutkalik havo haroratining eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlari orasidagi farq havo haroratining sutkalik amplitudasi deb ataladi. Yil davomidagi eng yuqori harorat bilan eng past harorat orasidagi tafovut esa havo haroratining yillik amplitudasi deyiladi.
  Turli iqlim mintaqalarida havo haroratining sutkalik va yillik amplitudalari har xil bo‘ladi. Haroratining sutkalik o‘zgarishi okean va dengizlar ustida 1-2°C bo‘lsa, dasht va cho‘llarda 15-20°C gacha boradi. Yillik amplituda esa ekvator atroflarida 5-10°C dan oshmaydi. Ekvatordan qutblarga tomon yillik amplituda kattalashib boradi. Masalan, Toshkentda u 28°C ga teng.
Havo bosimi. Havo juda yengilga o‘xshaydi, lekin uning ham og‘irligi bor. Masalan, dengiz bo‘yida 1 m kb havoning og‘irligi 1 kg 330 gr. Havo qobig‘i yer yuziga katta kuch: 1 sm kv yuzaga 1 kg kuch bilan bosadi.
Havo bosimi.
  Havoning Yer yuzasiga va undagi barcha narsalarga bosib turadigan kuchi havo bosimi deyiladi. Odam bu bosimni sezmaydi, chunki havo bosimi odam tanasidagi ichki bosim bilan bir xil, ya'ni muvozanatlashgan. Yuqoriga ko‘tarilgan odamga havo bosimining kamayishi seziladi. Agar tog‘da 3000 m balandga ko‘tarilsa, nafas qisiladi, bosh aylanadi, 4000-5000 m balandda burun qonashi, tomirlar yorilishi mumkin.
  Havo bosimi barometr asbobi bilan o‘lchanadi (baros – og‘irlik, bosim, metr – o‘lchash). Barometr ikki xil bo‘ladi: simobli barometr va metall barometr — aneroid barometr.
  Simobli barometr asosan uzunligi 1 m va kengligi 1 sm bo‘lgan shisha naychadan iborat. Naychaning bir uchi berkitilgan bo‘ladi. Shisha naycha millimetrlarga bo‘lingan. Shisha naychani simobga to‘ldirib, simob solingan idishga ochiq tomoni bilan botirib tik qo‘yiladi.
  Dengiz bo‘yida havo harorati 0° bo‘lganda barometr naychasidagi simob 760 millimetr (mm) ni ko‘rsatadi. Shunda havo bosimi 760 mm simob ustuni og‘irlig‘iga teng bo‘ladi. Bunday bosim normal (me'yordagi) bosim deyiladi. Dengiz bo‘yidan balandlikka ko‘tariladigan bo‘lsa, har 100 m ko‘tarilganda barometrdagi simob 10 mm pasayadi (yoki har 10 m da 1 mm pasayadi). 
 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.