Идет загрузка...
Идет загрузка...

Ko‘llar va muzliklar. Yer osti suvlari 

12 728

Ko‘llar.
 Quruqlik yuzasida yer ustidagi va yer osti suvlari oqib tushadigan chuqurliklar ko‘p. Ana shunday tabiiy chuqurliklarda to‘planib qolgan suvga ko‘l deyiladi. Ko‘llar dengizlardan farq qilib, okeanlar bilan tutashmagan bo‘ladi. Ko‘llarda suv daryolardagidek o‘zanda oqmaydi.
  Yer yuzida ko‘llar juda ko‘p. Eng katta ko‘l – Kaspiy ko‘li. Butun maydoni 376 ming km kv ni tashkil qiladi. Eng chuqur ko‘l – Baykal. Chuqurligi 1620 m, O‘rta Osiyodagi eng katta ko‘l — Orol dengizi. Hozirgi vaqtda Orol dengizi suvi qurib, maydoni juda kichrayib qolgan.
  Ko‘l suvi to‘ldirgan chuqurliklar har xil yo‘l bilan, ko‘pincha Yer po‘stining asta-sekin pasayishidan hosil bo‘ladi. Yer po‘stining yorilishidan ham ko‘pincha uzun cho‘zilgan chuqurliklar vujudga keladi. Bunday chuqurliklar suvga to‘lib hosil bo‘lgan ko‘llar tektonik ko‘llar deyiladi. Kaspiy, Orol, Baykal ko‘llari shunday ko‘llardir.
  Tog‘ daryolari vodiylarida chuqur to‘g‘on ko‘llar uchraydi. Ular tog‘lar qulab, vodiyni to‘sib qolishidan vujudga keladi. Pomir tog‘laridagi Sarez ko‘li shunday hosil bo‘lgan. Tekislikdagi daryolar ilonizi o‘zanlarda oqadigan joylarda eski o‘zanlar suvga to‘lib qolib o‘zan ko‘llar paydo bo‘ladi.
  Agar ko‘llarga daryolar quyilsayu bironta ham daryo oqib chiqmasa, bunday ko‘l oqmas ko‘l deyiladi. Kaspiy, Orol ko‘llari shunday ko‘llar. Agar ko‘llardan daryo oqib chiqsa, u oqar ko‘l deyiladi. Baykal ko‘liga 300 dan ortiq kichik daryo quyiladi va undan bitta katta daryo – Angara daryosi oqib chiqadi. Baykal – oqar ko‘l.
  Odatda iqlimi issiq o‘lkalardagi oqmas ko‘llar suvi sho‘r bo‘ladi. Chunki, qo‘shilgan suv bug‘lanib ketib, suvda erigan tuzlar qoladi. Dunyodagi eng sho‘r ko‘l Arabiston yarimorolidagi O‘lik dengiz. Uning 1 litr suvida 270 gr tuz bor. 
Muzliklar.
 Quruqlikda qor to‘planib, hosil bo‘lgan ko‘p yillik muzlar muzliklar deyiladi. Ular daryo va ko‘llarni qoplab yotgan muzlardan farq qiladi. Sovuq o‘lkalarda va baland tog‘larda yoqqan qor erib ulgurmay to‘planadi va zichlashib muzga aylanadi. Tyanshan va Pomir tog‘laridagi muzliklar 3500 m dan balandda hosil bo‘ladi.
  Qor yig‘iladigan va muzlik hosil bo‘ladigan balandlikning quyi chegarasi qor chizig‘i deyiladi. Qor chizig‘i qutbiy o‘lkalarda dengiz sathigacha pasayadi. Shuning uchun qutbiy o‘lkalarda – Antarktida materigi va Shimoliy Muz okeanidagi orollar da dengiz bo‘yidagi yerlar ham muzlik bilan qoplanib yotadi.
  Tog‘lardagi muzliklar erib daryolarga suv beradi. Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari ko‘p suvini shunday muzliklardan oladi.
  Sovuq o‘lkalarda muzliklar butun yer yuzini qoplab yotadi. Antarktida materigi, dunyodagi eng katta orol – Grenlandiya shunday muzliklar bilan qoplangan. Qalinligi esa 4 ming metrga yetadi.
  Muzliklar ham asta-sekin siljib borib, dengiz va okeanlar bo‘yiga kelib qoladi. Bunda muzlik yorilib, bo‘linib, suvga tushadi va suvda suzib yuruvchi katta muz palaxsalarini hosil qiladi. Bular aysberglar deyiladi (Gollandcha iys - muz, nemischa berg – tog‘). Ba'zi aysberglar juda katta bo‘ladi.
Play tuglasini bosib, rasmga e`tibor bering?
 Antarktida qirg‘oqlari yonida kuzatilgan bir aysbergning uzunligi 170 km, eni 45 km va qalinligi 200 m bo‘lgan. Aysbergning katta qismi suv tagida bo‘ladi. Aysberglar dengiz va okeanlardagi kemalar qatnovi uchun juda xavfli.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив