Daryolar 

14 423

  O‘zan deb ataluvchi chuqurlikda oqayotgan suv oqimi daryo deb ataladi. O‘zan – daryo vodiy sining suv oqadigan chuqur qismi.
  Odatda daryolar doim oqib turadi. Lekin iqlimi quruq o‘lkalarda issiq, yog‘in kam vaqtlarda goho qurib qoladigan daryolar ham bor. Ularga vaqtincha qurib qoladigan daryolar deyiladi.
  Har bir daryoning boshi va quyar joyi bo‘ladi. Daryo boshlanadigan joy uning manbai deb ataladi. Sirdaryo va Amudaryo baland tog‘lardagi qor va muzliklardan boshlanadi. Volga daryosi tekislikda ko‘ldan boshlanadi. Daryolar qayerdan boshlanmasin, ularning irmoqlari bo‘lsa, katta sersuv daryolarga aylanadi. Irmoqlar deb daryoga yon tomondan kelib quyiladigan kichikroq daryolarga aytiladi.
  Ko‘pchilik daryolar okean, dengiz, ko‘l yoki boshqa daryolarga kelib quyiladi.Daryoning okean, dengiz, ko‘l yoki boshqa daryoga quyiladigan joyi daryoning mansabi deyiladi (O‘rta Osiyoning tabiiy xaritasidan Sirdaryoning manbaini, mansabini, Chirchiq va Qoradaryo irmoqlarini toping).
Bosh daryo o‘zining barcha irmoqlari bilan birga daryo sistemasini hosil qiladi.
Daryo havzasi va suvayirg‘ich
  Yerga shimilishga ulgurmagan va bug‘lanib ketmagan hamma suv daryolarga oqib tushadi. Barcha suvi bir daryoga oqib tushadigan quruqlik maydoni daryo havzasi deb ataladi.
  Hamma daryolarning, hatto eng kichik daryolarning ham o‘z havzasi bo‘ladi. Amazonka havzasi eng katta daryo havzasi bo‘lib, maydoni 7 mln km.kv dan iborat.
 Qo‘shni daryolar havzalarini bir-biridan ajratib turadigan chegara suvayirg‘ichdeyiladi. Suvayirg‘ichlar tog‘larning qirralariga, tekisliklarda esa balandroq joylarga to‘g‘ri keladi.
Tog‘ va tekislik daryolari
 Tog‘ daryolari tekislik daryolariga qaraganda juda tez oqadi. Vodiylari tor va chuqur bo‘ladi. Ko‘p daryolar tog‘lardan boshlanib, tekislikka oqib chiqadi va tekislik daryosiga aylanadi. Bunday daryolarga Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshon daryolarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Sirdaryo Tyanshan tog‘larida 6000 m balandlikdan boshlanadi. Tog‘lar orasidagi chuqur daralarda hayqirib oqadi. Tekislikka chiqqanidan keyin keng o‘zanda yoyilib, sekin oqadi. Daryolar tog‘larda yemirib oqizib kelgan tog‘ jinslari tekislikda cho‘kib, cho‘kindi jinslarni hosil qiladi. Daryolar suvidan cho‘kindi jinslarning cho‘kish qonuniyatini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy aniqlagan.
Sharsharalar.
  Daryolar suvi baland joylardan otilib tushib, sharsharalar hosil qiladi. Dunyodagi eng baland sharshara Janubiy Amerikada Orinoko daryosidagi Anxel sharsharasi. Uning balandligi 1054 m. Lekin suvi ko‘p emas. 

 
 Eng sersuv sharsharalardan biri – Shimoliy Amerikadagi Niagara sharsharasidir. Bu sharshara 51 m balandlikdan otilib tushadi.

 Yana bir katta sharshara – Afrikadagi Viktoriya sharsharasi. Unda suv 120 m balanddan otilib tushadi.Daryolarga suv qayerdan keladi? Daryolar yomg‘ir, qor, muz suvlari, buloqlar suvlaridan to‘yinadi.
 Baland tog‘lardan boshlanadigan daryolar tog‘lardagi muzliklar suvi bilan to‘yinadi. Ular yozda sersuv bo‘ladi (Nega?). Amudaryo bilan Zarafshon daryosi ana shunday daryolar hisoblanadi. Ba'zi daryolarga yomg‘ir suvi ham, qor suvi ham, yer osti suvlari ham tushadi. Bunday daryolarga aralash to‘yinuvchi daryolar deyiladi. Sirdaryo shunday daryolar sirasiga kiradi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.