Okean suvining xususiyatlari 

12 132

 Suv harorati va yorug‘ligi.
  Dengiz va okeanlarning yuza qismidagi suv harorati iqlimga bog‘liq. Issiq iqlimli o‘lkalarda +25°-30°C. Ammo qutbiy o‘lkalarda suv harorati -1-1,5°C gacha pasayadi. Biroq suv sho‘r bo‘lgani sababli muzlab qolmaydi. Lekin chuqurga tushgan sari harorat kamayadi. Okeanlarning chuqur qismida +1, -1°C atrofida bo‘ladi.
  Quyosh nuri dengiz va okeanlarda 200 m chuqurlikkacha tushadi. Undan chuqurda g‘ira-shira yorug‘ bo‘ladi. 500 m dan keyingi chuqurlikni qorong‘ulik qoplagan. Shining uchun o‘simliklar 200 m gacha bo‘lgan chuqurliklarda uchraydi. Hayvonlar suvning chuqur qismlarida juda kam yashaydi.
Suvning sho‘rligi.
  Dengiz va okeanlar suvi juda taxir-sho‘r bo‘ladi. Bunday suvni umuman ichib bo‘lmaydi. Dengiz suvining har 1 litrida o‘rta hisobda 35 gramm tuz bo‘ladi. Uning asosiy qismini osh tuzi tashkil qiladi.
  Ichki dengizlar suvining sho‘rligi okean suvining o‘rtacha sho‘rligidan farq qiladi. Issiq o‘lkalardagi ichki dengizlarda suv ko‘p bug‘lanadi. Shuning uchun ularning suvi sho‘rroq bo‘ladi. Qizil dengizni cho‘llar o‘ragan. Suv harorati +30°C dan oshadi, suvdagi tuz miqdori 1 litrda 41 gr yetadi. Lekin suv kam bug‘lanadigan va daryolar ko‘p miqdorda chuchuk suv keltirib quyadigan dengizlarda suv sho‘rligi kamroq bo‘ladi. Masalan, Qora dengizdagi tuz miqdori 1 litr suvda 17-22 gr dan iborat.
To‘lqinlar.
  Okeanlarda suv hech qachon tinch turmaydi. Dengiz va okean qirg‘oqlariga borib kuzatsangiz, to‘lqinning qirg‘oqqa kelib urilayotgani va yana qaytib ketayotganini ko‘rasiz. To‘lqinlar qirg‘oqda, suv tagida yer qimirlashdan ham hosil bo‘ladi.
Dengiz oqimlari.
  Radio ixtiro qilinmagan qadimgi zamonlarda falokatga uchragan kemalardagi dengizchilar halokat joyi ko‘rsatilgan xat yozib, shishalarga solib, dengizga tashlab yuborishgan. Dengiz bo‘yida yashaydigan odamlar bunday shishalarni juda ko‘p tutib olishgan. Ichidagi xatlar ochib o‘qilganda Afrika qirg‘oqlari yonidan tashlangan shishalar Amerika qirg‘oqlariga borib qolgani va aksincha Shimoliy Amerikaning janubiy qirg‘oqlari yaqinidan tashlangan shishalar Yevropa qirg‘oqlari yoniga kelib qolgani ma'lum bo‘lgan. Nima uchun shunday bo‘lgani hozirgi vaqtda aniq. Okeanlarda suvlar ma'lum yo‘nalishda katta oqim ko‘rinishida harakat qilar ekan. Okeanlardagi suvning bunday harakati dengiz oqimlari deyiladi.
  Oqimlar qanday hosil bo‘ladi? Dengizdagi oqimlarning asosiy sababchisi doimiy esuvchi shamollardir. Shamollar suvni haydab ketib, oqimlarni vujudga keltiradi. G‘arbiy shamollar oqimi , Passat oqimlari shunday yo‘l bilan hosil bo‘lgan. G‘arbiy shamollar oqimi Antarktida atrofini aylanib oqadi. Uzunligi 30 ming km dan ortiq.

  Okeanlardagi oqimlar keltiradigan suvining haroratiga qarab, iliq va sovuq oqimlarga bo‘linadi. Xaritalarda iliq oqimlar odatda qizil rangli, sovuq oqimlar esa ko‘k rangli strelkalar bilan ko‘rsatiladi.
Dunyo okeani boyliklari.
 Okeanlarda o‘simlik va hayvon turlari juda ko‘p va xilma-xildir. Ulardan turli oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat uchun esa qimmatli xom ashyo olinadi.
 Eng kichik o‘simlik hamda jonivor hisoblangan plankton okeanlarda juda ko‘p miqdorda uchraydi va u dengiz hayvonlari uchun eng to‘yimli ozuqa hisoblanadi. Okeanlardagi eng katta hayvon kit ham plankton bilan oziqlanadi. Katta kitning uzunligi 30 m ga, og‘irligi 150 tonnaga yetadi. Bundan tashqari okeanda xilma-xil baliqlar, morjlar, tyulenlar yashaydi. Okeanlarda mineral boyliklar ham juda ko‘p. Dengiz ostidan neft va gaz qazib olinmoqda. 
 Okean boyliklari har qancha ko‘p bo‘lsa ham ularni muhofaza qilish kerak. Chunki, ayrim hayvonlar, masalan, kit ko‘p ovlanib kamayib ketgan. Suvning ifloslanishi dengiz o‘simliklari va hayvonlarning qirilib ketishiga sabab bo‘ladi.
  Dengiz va okeanlarning chuqur joylari maxsus qurilma batiskaflar – katta chuqurlikda ishlovchi suv osti apparati yordamida o‘rganiladi.
  Shveytsariyalik olim Jak Pikar maxsus «Triyest» batiskafida I960-yilda Mariana botig‘ida 11000 m chuqurlikka tushgan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.