Yer po‘stining harakatlari 

12 720

Relyef.
 Yer po‘stining gorizontal harakati natijasida yer qatlamlari bukilib, burmali tog‘larni, vodiylarni, chuqur okean botiqlarini hosil qiladi.
 Yer po‘stida yoriqlar vujudga keladi. Masalan, Farg‘ona vodiysi, Tyanshan tog‘lari shunday hosil bo‘lgan.
 Yer yuzasidagi barcha baland-pastliklar – tog‘lar, tekislik, qir, vodiy, soylar va boshqalar relyef deb ataladi.
 Yer po‘stida biror joy yorilsa, o‘sha hudud tagida bosim pasayib, chuqurdagi qaynoq moddalar suyuq jinslarga aylanadi. U magma deb ataladi.
Vulqonlar.
 Magma yer yoriqlaridan yuqoriga ko‘tariladi va yer yuziga chiqadi.Yer yuziga oqib chiqqan qaynoq suyuq modda lava deyiladi. Lava asta sovib, tepa va tog‘larni hosil qiladi. Bunday tepa va tog‘lar vulqonlar deb ataladi.
Vulqonlar otilganda yer qimirlaydi, portlashlar ro‘y beradi, qumburlagan ovozlar eshitiladi. Vulqon og‘zidan kullar, gazlar, toshlar otilib chiqadi.
Vulqonlar otilib turadigan o‘lkalarda va Yer po‘stida yoriqlar bor joylarda issiq buloqlar ham uchraydi. Ular hali sovib ulgurmagan lavalar orasidan va chuqur yoriqlardan chiqqani uchun qaynoq bo‘ladi. Ba'zi issiq buloqlarda suv vaqt-vaqti bilan favvora kabi otilib turadi. Bunday buloqlar geyzerlar deyiladi.
Yer po‘sti plitalari tutashgan, burmalanish, yorilish, uzilish bo‘layotgan joylarda tabiatning eng dahshatli hodisalaridan biri — yer qimirlashlar bo‘lib turadi. O‘zbekistonning ham kattagina qismi, ayniqsa sharqiy, janubiy tog‘li, tog‘ oldi qismlari yer qimirlaydigan zonaga kiradi.

Zilzilalar.
  Yer qimirlash Yer po‘stining chuqur qismida – tog‘ jinslari qatlamlarida to‘satdan ro‘y beradigan sinish, siljish, uzilish natijasida sodir bo‘ladi. Yer qimirlash boshlanadigan bu joy yer qimirlash o‘chog‘i — gipotsentr deyiladi. Yer qimirlash o‘chog‘i ustidagi joy yer qimirlash markazi — epitsentr deb yuritiladi. Yer qimirlash markazida eng ko‘p vayronagarchilik bo‘ladi.

  Yer qimirlash harakatlari juda sezuvchan asbob – seysmograflarda avtomatik ravishda yozib olinadi («seysmo» – yer qimirlash, «grafo» yozaman). Seysmogramma (yer qimirlash yozib olingan qog‘oz)larni tahlil qiluvchi olimlar yer qachon qimirlaganini, yer qimirlash o‘chog‘i qancha chuqurda ekanini, yer qimirlash markazida qanday kuch bilan qimirlaganini aniqlashadi.
  Olimlar yer qimirlash kuchuni uning binolar va relyefga ta'siriga qarab 12 ballda aniqlashadi. Masalan, 1 va 2 balli yer qimirlashni odamlar sezmaydi. 3, 4 va 5 balli kuchda bo‘lganda ancha sezilarli bo‘lsa ham imoratlarga zarar yetmaydi. 6 va 7 ball qimirlaganda uy devorlarida yoriqlar paydo bo‘ladi. 8 balda devorlar yorilib, ba'zi uylar buzilishi mumkin. 9 ball bo‘lganda esa devorlar qulaydi, tomlar bosib qoladi. 10 ball yer qimirlasa, imoratlar buzilib ketadi, yerda kengligi 1 m gacha yoriqlar paydo bo‘ladi. 11 va 12 ball bo‘lganda yer yuzasi relyefi o‘zgaradi. Yerda tik turgan narsa qolmaydi. Shuning uchun 11-12 ballni o‘ta dahshatli yer qimirlash deyiladi.
  Hozirgi vaqtda olimlar yer qimirlashni oldindan aytish ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishyapti.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.