Ko’klam hadyalari 

3 705

Navro’z bayrami dasturxonini dorivor ko’katlardan tayyorlangan taomlar, go’ja oshi, halim, sumalaksiz tasavvur qilish qiyin, deb yozadi O’zA muxbiri Shahnoza Mamaturolova. Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino bahorda tananing holsizlanishini yengish uchun undirilgan don mahsulotlari, turli ko’kat, sabzavotlar, ulardan tayyorlangan xilma-xil taomlardan iste’mol kilishni tavsiya etgan. Momolarimiz "ilik uzildi” davrida bu ne’matlardan ko’k somsa, chuchvara, sumalak, halim, yupqa kabi tansiq taomlar tayyorlagan. Ular mahalla-ko’y bilan baham ko’rilgan. 

– Bahorda ko’pchilikda horg`inlik, darmonsizlik kuzatiladi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi birinchi klinikasi diyetologi Karima Jabborova. – Bahorgi o’simliklar ishtaha ochadi, ovqat hazmini yaxshilaydi, qon bosimini me’yorlashtiradi. Jumladan, ismaloq, jag`-jag`, yalpiz kabi o’simliklar tanaga quvvat bag`ishlaydi. Ismaloq tarkibidagi S1, V1, V3, V6, RR, K, Ye vitaminlari, temir, yod, fosfor, kalsiy, magniy kabi ma’danlar immunitetni ko’taradi. 

Yalpiz tarkibida efir moylari, organik kislotalar, flavonoidlar, karotin, ramnoza, glyukoza, rutin, vitamin S, mineral tuzlar va yana bir qator foydali moddalar mavjud. Yalpizdan tayyorlangan somsa, chuchvara inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Jag`-jag` tarkibida S, K vitaminlari, tanin, tiramin, inozit, karotin, saponin, efir moylari, glyukoza va diosmin asoslar bor. Jag`-jag` qon bosimini tushirib, ichak faoliyatini me’yorga keltiradi. Shu bois xalqimiz uning ko’katidan taomlar tayyorlaydi. 


Milliy taomlarimizdan bo’lmish halim tayyorlashda ishlatiladigan mahsulot – bug`doy, yog`, go’sht hisoblanib, ular oqsilga juda boydir. Xalq tabobatida halim tarkibidagi ekstraktiv moddalar me’da-ichak faoliyatini yaxshilashi, markaziy asab tizimiga ijobiy ta’sir qilishi, miya, yurak funksiyasini faollashtirishga yordam berishi isbotlangan. 

Navro’z bayramida xalq sayllarining to’yimli va to’q tutuvchi taomlaridan biri go’ja Markaziy Osiyo xalqlari taomnomasida yetakchi o’rin tutgan. Bu taom asosan, oq va sariq jo’xori, maxsus bug`doyni uzoq qaynatib tayyorlangan. Go’ja ichib katta bo’lgan bolaning iligi to’q bo’lishi ham bor gap. Jo’xori, bug`doy yumshab pishganidan so’ng u sovutilgan va qatiq aralashtirib ichish urf bo’lgan. Ba’zi joylarda go’ja oshi tarkibiga qo’y va mol go’shtiga qo’shilib no’xat, loviya, bug`doy, arpa, mosh kabi dukkakli mahsulotlar solingan. Go’ja oshini to’yib ichgan kishi kun bo’yi to’q va tetik yuradi. 

Har bir faslning o’ziga yarasha taomlari bor. Shunday ekan, ayni bahor kezlari vitaminlarga boy shifobaxsh ko’katlardan tayyorlangan taomlar dasturxonimizdan ko’proq joy olsin. 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.