Behidan 14 ta foydali resept 

10 222

Kuzda g`arq pishib-etiladigan xushta`m meva — behini barchamiz sevib iste`mol qilamiz. Undan tayyorlanadigan murabboyu sharbatlar qishda zaiflashgan organizm uchun darmondori bo`lishini aytmaysizmi?! Bilsangiz, bu ajoyib mevadan xalq tabobati va kosmetologiyada ham foydalanish mumkin.

Yo`tal tutganida...

Bitta behini ikkiga bo`lib, urug`idan ajrating. Alohida idishda 100-150 gr. suv bilan aralashtirib, olovga qo`ying. O`rtacha olovda quyuqroq bo`lgunicha qaynating. So`ng olovdan olib, iliq holatda 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ovqatdan avval ichishingiz mumkin. Har kuni damlama yangidan tayyorlanadi. U quruq yo`tal hamda bronxlar shamollashida tavsiya etiladi.

Kamqonlikka qarshi

O`rtacha kattalikdagi behini urug`idan tozalab, ichini 2 choy qoshiq asal bilan to`ldiring. So`ng 15 daqiqa gaz pechiga qo`yib, yumshatib pishiring. Asalli behini bir kunda bir marotaba iste`mol qilish kifoya. U kamqonlik va hazm qilish faoliyati bilan bog`liq muammolarda asqotadi.

Buyrak bezovta qilsa...

Behi mevasining 1 osh qoshiq quritilgan bargi va shuncha miqdordagi tozalangan urug`ini 200 ml. qaynagan suvga damlab, olovga qo`ying. 5-6 daqiqa o`rta olovda qaynagach, tagini o`chiring-da, biroz sovuting. Ta`bga ko`ra, asal bilan  aralashtirib, 1 osh qoshiqdan kuniga 3-4 mahal iste`mol qiling. Bu damlama peshob haydovchi xususiyatga ega.

Immunitet  pasaydimi?

3 ta behi mevasini to`g`rab, sharbat siqqichdan o`tkazing. Ta`bga ko`ra, asal bilan aralashtirib, oz-ozdan kun davomida qabul qiling. Asal qo`shilgan behi sharbati qabziyatning oldini oladi va immunitetni mustahkamlaydi.

Sistitda davo bo`ladi

Agar sizni sistit qiynayotgan bo`lsa, kuniga 50-80 gr. yangi siqilgan behi sharbatini iste`mol qiling. Sharbat tarkibidagi foydali moddalar peshob ajralishini yaxshilasa, bakteriyalarga qarshi xususiyati kasallikka qarshi kurashishda ko`makchi vositadir.

Agar asabiylashsangiz...

Bir hafta davomida mana bu usulga rioya qilishingiz mumkin: har tanovvuldan so`ng asal bilan bug`da tayyorlangan yarimta behi bo`lagini iste`mol qiling. Agar asalga allergiyangiz bo`lsa, 1 osh qoshiq behi murabbosi bilan almashtirish mumkin. Meva tarkibidagi foydali xususiyatlarga ko`ra, asabni tinchlantiradi.

Bolajonning ishtahasi yo`q!

Kunora yarimta  behi mevasini ozroq sariyog` va ta`bga ko`ra asal bilan bug`da tayyorlab, asosiy tanovvuldan so`ng desert sifatida farzandingizga bering. U ishtahani yaxshilab, shirinlik o`rnini bosa oladi.

Gripp profilaktikasi

Agar oila a`zolaringizdan biri shamollagan bo`lsa, uning yotog`iga po`sti archilgan va urug`idan tozalangan ikki bo`lak behi mevasini qo`ying. Meva tarkibidagi efir moddalari antidepressiv xususiyatga ega bo`lib, bemorning tinchlanishiga va uyqusi tinch bo`lishiga ko`mak beradi.

Diqqat qiling!

Behi mevasi tarkibida oshlovchi moddalar bo`lgani bois, ich ketishi hamda tez-tez ich buzilishiga moyilligi borlar, shuningdek, kichik yoshdagi bolalar xomligicha eyishi tavsiya etilmaydi. Yaxshisi, uni ozroq asal yoki sariyog` bilan bug`da yoxud gaz pechida pishirib, oz-ozdan iste`mol qilish kerak.

Kosmetlogiyada...

  • Behining bir bo`lagini qirg`ichdan o`tkazib, hosil bo`lgan sharbati bilan yuz terisini arting-da, 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chaying. Bu mevali loson yuz terisining ortiqcha yog`lanishiga yo`l qo`ymaydi.
  • Qirg`ichdan chiqarilgan behi bo`tqasidan husnbuzarni yo`q qilishda foydalanish mumkin. Buning uchun meva bo`tqasi namlangan yuz terisiga tekis surtilib, 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayiladi.
  • Behi urug`ini 100 gr. qaynagan suvga damlab, 5 daqiqa davomida chayqatib turing. So`ng aralashmani dokadan o`tkazib, quyoshda qoraygan yoki qizargan terini engil artishingiz mumkin. Behi urug`idan tayyorlangan ushbu aralashma terini oqartirib, avvalgi holatini tiklaydi.
  • Bir dona tuxum oqini ko`pirtirib, teng miqdorda behi sharbati, odekolon va kamfora spirti bilan aralashtirib, yuz terisi artiladi. 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayiladi. Bunday niqob yuz terisini oqartirish va turli toshmalardan holi bo`lishda qo`llanadi.  

Behi cho`pidan...

Behi daraxtining tozalangan cho`plariga go`sht qiymasidan lo`likabob yasab, o`simlik yog`ida qovuring. So`ng archilgan sabzavotlar bilan qozonga terib, dimlang. Bunday usulda tayyorlangan lo`likabob behining o`ziga xos ta`mi bilan birlashib, yanada xushxo`r va mazali bo`ladi.

 

Samira tayyorladi

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.