Ko‘llari, suv omborlari va yerosti suvlari
O‘zbekistonda
ko‘llar hududi bo‘yicha notekis taqsimlangan. Ularning aksariyati kichik
ko‘llar bo‘lib, ko‘proq daryo vodiylari bo‘ylab joylashgan. Ko‘llar paydo
bo‘lishi jihatidan xilma-xildir. Tog‘lardagi ko‘llar tektonik, to‘siq (to‘g‘on)
va morena ko‘llar, tekislikdagilari esa qoldiq ko‘llar yoki zovur-drenaj
suvlarining to‘planishidan vujudga kelgan. O‘zbekistondagi tektonik yo‘l bilan
vujudga kelgan eng katta ko‘l Orol ko‘lidir.
Respublikamizning
tekislik qismidagi asosiy ko‘llari Orol, Mirzacho‘ldagi Arnasoy, Aydarko‘l,
Tuzkon, Zarafshon daryosining quyi oqimidagi Dengizko‘l, Qoraqir, Sho‘rko‘l, Farg‘ona vodiysidagi Axsikentko‘l,
Damko‘l, Quyi Amudaryodagi Sariqamish, Sudochye, Ulug‘sho‘rko‘l va boshqalar.
Bu ko‘llar kichik bo‘lib, ular suv yuzasining maydoni bir necha yuz gektardan
bir km.kub gachani tashkil etadi.
O‘zbekistonda
sun’iy suv havzalari — suv omborlari ham ko‘p. Ularning eng muhimlari
Tuyamo‘yin, Chordara, Chorvoq, Kattaqo‘rg‘on, Tuyabo‘g‘iz va boshqalardir. Bu
suv omborlari, asosan, daryo suv rejimini tartibga solib, bahorgi, qishki,
kuzgi suvlarni to‘plab, yozda ekin dalalariga berish maqsadida qurilgan.
Respublikamizda
yerosti suvlari — grunt (sizot suvlari), artezian (qatlamlar orasidagi)
suvlaridan va mineral suvlardan iborat. Artezian suvlari ko‘pincha toza va
chuchuk bo‘ladi.
Grunt
suvlari yer betiga yaqin joylashgan paytda buloq bo‘lib oqib chiqadi yoki quduq
qazib olinadi. Grunt suvlari yog‘inlar, daryo, ariq, ko‘l, suv omborlarining
suvi yerga shimilishidan hosil bo‘ladi.
Qatlamlar
orasidagi suv ancha chuqurda joylashgan bo‘lib, bosimli va bosimsiz bo‘ladi.
Qatlamlar orasidagi suv ko‘proq botiqlarda to‘planadi va bosim ostida
bo‘lganligi sababli otilib chiqadi. Bunday suvlar artezian suvlari deyiladi.
Qatlamlar orasidagi suv grunt suviga qaraganda toza, chuchuk va tiniq bo‘ladi.
Paleozoy va
mezozoy davr yotqiziqlari orasidagi 1500-3000 m chuqurliklarda issiq mineral suvlar
joylashgan. Bu suvlarning harorati +40, +70°C ga yetadi. Bu suvlar tarkibida
turli xil minerallar (karbonat kislota, vodorod sulfid, yod, brom, litiy, bariy
va h. k.) bor. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 60 dan ortiq shifobaxsh mineral
suv manbayi aniqlandi. Bularning eng muhimlari Toshkent, Chortoq, Farg‘ona, Chimyon,
Jayronxona, Oltiariq va boshqa mineral suvlaridir.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.