Suriya 

10 720

 Rasmiy nomi — Suriya Arab Respublikasi. Poytaxti — Damashq. Hududi — 185200 km.kv. Aholisi – 19,7 mln.kishidan ortiq (2012-yil). Davlat tili arab.  Dini — islom.  Pul birligi — Suriya funti.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Suriya Janubi G‘arbiy Osiyoda joylashgan davlat. Shimolda Turkiya (chegara uzunligi — 822 km), sharqda Iroq (605 km), janubda lordaniya (375 km) va Isroil (79 km), g‘arbda Livan bilan (375 km) chegaradosh. Mamlakat hududining asosiy qismini tekisliklar egallagan. Janubda Suriya cho’llari joylashgan. G’arbda Suriya O`rtayer dengizi bilan tutashib ketgan. Mamlakatning g’arbiy qismida Ansoriya va Antilivan tog` tizmalari joylashgan. Suriyaning eng baland cho’qqisi — Xerman (2814) ham shu yerda joylashgan. Asosiy daryolari: Frot va Al-Asi. Mamlakat neft, fosfat, marganes konlariga boy. Hududining 28%ida dehqonchilik qilinsa, 46%i yaylovlardan iborat. Suriya iqlimi ancha iliq bo‘lib, O‘rta yer dengizi sohillari boshqa hududlardan keskin farq qiladi.
   Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — prezidentlik respublikasi. Mamlakat 14 ta ma’muriy hududga bo‘lingan. Suriya 1946-yil 17-aprelda o‘z mustaqilligini qo’lga kiritgan. Davlat va ijroiya hokimiyat rahbari — prezident. Oliy qonun chiqaruvchi organi bir palatali parlament — Xalq Kengashi. Yirik siyosiy partiyalari: Arab sotsialistik uyg’onish partiyasi, Milliy sotsialistik partiya, Taraqqiyot milliy fronti (7 ta partiyani birlashtirgan).
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. 1991-yil bo’lib o’tgan Iroq-Quvayt urushidan so’ng Suriya arab va G‘arbiy Yevropa davlatlaridan sezilarli darajada moliyaviy yordam oldi. Bu narsa mamlakatning tashqi qarzlarini to’lashga va neftni qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga yordam berdi. Neft va fosforit qazib olish Suriya sanoatining asosini tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligi umummilliy mahsulotning 30% ini yetishtiradi. Asosiy ekinlar: paxta, bug‘doy, arpa. Suriya o‘z-o‘zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlay olmaydi. Asosiy savdo hamkorlari: Yevropa Ittifoqi davlatlari. Temiryo‘llari uzunligi — 1998 km. Avtomobil yo’llari — 31569 km. Asosiy portlari — Tartus va Baniyaz.
  Tarixi. Bugungi Suriya hududlari tarixning turli davrlarida turli xil davlatlar tarkibiga kirgan. М. a. XVI asrda qadimgi Misr, m. a. XIV asrda Xett podsholigi, m. a. XII asrga kelib bu hududlar yahudiylar tomonidan ishg‘ol qilingan. М.a. VII-VI asrlarda bu hududlar ossuriyaliklar tomonidan egallangan. M. a. 539-yilda forslar, m.a. 333-yilda Aleksandr Makedonskiy imperiyasi tarkibiga kirdi. М.a. III asrda salavkiylar sulolasi Suriya podsholigiga asos soldi. M. a. 64-yildan bu podsholik Rim imperiyasi tarkibiga kiritildi. 636-yilda bu hududlar arablar tomonidan bosib olindi. Keyin Suriya salibchilar tomonidan tashkil etilgan Quddus podsholigi tarkibiga kirdi. 1516-yildan 1920-yilgacha Suriya Usmoniylar imperiyasining tarkibiy qismi bo’lib qoldi. 1920-yili Fransiya Suriyani boshqarish huquqini oldi. 1914-yil sentabrda Suriya o’z mustaqilligini e’lon qilgan bo’lsa-da, amalda 1946-yilning 17-aprelidan to’la mustaqillikka erishdi. 1958-yilda Suriya va Misr yagona Birlashgan Arab Respublikasini tashkil etishadi. 1962-yili Suriya bu ittifoqdan chiqib mustaqil Suriya Arab Respublikasini tuzadi. 

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.