Guam 

3 523

Rasmiy nomi — Guam. Ma’muriy markazi — Aganya. Hududi — 541 km.kv. Aholisi – 200 ming kishidan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini — katolik. Pul birligi — AQSH dollari.
   Geografik joylashuvi va tabiati. Guam xuddi shu nom bilan ataladigan Tinch okeanning g’arbiy qismidagi Marian orollarining eng yirik orolida joylashgan. Orol balandligi 405 metrgacha yetadigan va okeanga yaqinlashgan sari pasayib boradigan marjon qatlamlaridan tashkil topgan yassitog’likdan iborat. Yassitog‘liklarning relyefi hamma joyda ham tekislikdan iborat bo‘lmay, ba’zi joylarida botiqlar ham bor.
   Iqlimi — tropik. Orolning florasini asosan pandanus, non daraxtlari hamda mangr daraxtlari tashkil etadi. Sohil bo‘ylarida 20-50 km masofagacha kokos palmalari va turli butalar o‘sadi. Guamning hayvonot dunyosi boy emas. Orolning faunasini sayroqi qushlar tashkil etadi. Sut emizuvchilar yo‘q. Sohilbo‘yidagi suvlarda turli baliqlar ko‘p.
   Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Guam AQSHning «qo‘shilmagan hudud»i hisoblanadi. Orolga o‘z-o‘zini boshqarish huquqi berilgan. Aholisi AQSH fuqarosi hisoblanadi, biroq ularning saylovlarda qatnashish huquqi yo‘q. Guam AQSH Kongressi Vakillari palatasida ikki yilga saylanadigan bir delegatga (ovoz berish huquqisiz) ega. Boshqaruv boshlig‘i — gubernator. U mahalliy aholi tomonidan 4 yilga saylanadi. Qonun chiqaruvchi organ bir palatali — Qonun chiqaruvchi majlis bo‘lib, uning yigirma bir a’zosi mahalliy aholi tomonidan har ikki yilda saylana­di. Siyosiy partiyalari — orolda AQSHning Respublikachilar va Demokratlar partiyalarining mahalliy bo‘limlari faoliyat yuritadi.
   Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodining asosini turizm tashkil etadi. Orol iqtisodidagi muhim o‘rinni AQSHning harbiy obyektlaridan keladigan daromadlar egallaydi. Orol aholisi mashg‘ul bo‘lgan qishloq xo‘jaligi aholining ehtiyojlarini qoplamaydi. Sabzavot va mevalar yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlanmoqda. Aholi olib kelinadigan xomashyoda ishlaydigan oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari hamda turmush elektronikasini yig‘ish korxonalarida band. Elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Eksport: kiyim-kechak, ichimliklar va tamaki mahsulotlari, elektronika. Import: oziq-ovqat, yoqilg’i (importning 50% atrofida). Asosiy savdo sheriklari: AQSH, Yaponiya, Tayvan.
   Tarixi. Yevropaliklardan birinchi bo‘lib Guamni F. Magellan 1521-yilda o‘zining birinchi yer aylana sayohati davrida kashf etadi. 1563-yildan orol Ispaniya mustamlakasi. 1568-yilda Guamda dastlabki missioner iezuitlar o’rnashadi. Yevropaliklar tomonidan olib kelingan kasalliklar hamda qattiq ekspluatatsiya natijasida mahalliy aholi yuz mingdan (1521-yil) 5 minggacha (1741-yil) qisqaradi. 1898-yilgi Ispan-Amerika urushida orolni AQSH egallab oladi. II jahon urushi davrida Guam Yaponiya tomonidan bosib olinadi (1941). 1944-yilning iyul, avgustida o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida orol yana AQSH tasarrufiga o’tadi. AQSH Kongressi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan Guam orolining asosiy qonuniga ko‘ra orolga o‘zini-o‘zi boshqarish huquqi beriladi. Uning aholisiga AQSH fuqaroligi berilib, ular milliy saylovlarda qatnasha olishmaydi. Hozirgi kunda Guam AQSHning Tinch okeandagi strategik harbiy bazasidir. Orolda Apra- Xarbor harbiy dengiz va Andersen aviatsiya bazalari joylashgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.