Bagam orollari 

5 866

  Rasmiy nomi — Bagam orollari Hamdo‘stligi. Poytaxti — Nassau. Hududi – 13,9 ming km.kv. Aholisi – 317 mingdan ortiq (2012). Davlat tili ingliz. Dini — katoliklar (26%), anglikanlar (21%), boshqa konfessiyalar (18%). Pul birligi-Bagam dollari.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Vest-Indiyada, 700 dan ortiq orollarda va ko‘plab (2500 ta atrofida) Florida qirg‘oqlaridan Kubaning sharqiy qirg‘oqlarigacha cho’zilib ketgan marjonli qoyalarda joylashgan davlat. Yirik orollari: Nyu-Providens, Andros, Katta Bagama, Katta Abako, Kichik Abako, Berri va boshqalar. Bagam orollarining relyefi tekis bo‘lib, uncha baland bo‘lmagan tepaliklar dengiz sathidan 60 metrgacha balandlikda joylashgan.
  Iqlimi — tropik, passat. Orollarda daryolar yo‘q, lekin dengiz bilan tutashib turadigan ko‘plab sho’r ko‘llar bor. Orollar tabiiy resurslardan tuz, bo‘r, aroganitlarga boy. Orollar asosan savanna va to‘qaylar bilan qoplangan. Qarag‘ayli o‘rmonlar bor. Yirik orollardan Andros va Katta Abakoda qimmatbaho daraxt turlari (qizil, sariq, temir) bor doimiy yashil tropik o‘rmonlar saqlanib qolgan. Qirg‘oq bo’ylarida kokos palmalari o‘sadi. Bagam orollarining hayvonot dunyosi kambag‘al, asosan qushlar ko‘p, ko’rshapalak, kaltakesak, ilonlar uchraydi. Dengizda turli baliqlar, qisqichbaqa va mollyuskalar ko’p.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Bagam orollari Buyuk Britaniya rahbarligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. BMT va XVF a’zosi. Davlat boshlig’i — Britan monarxi, uning nomidan general-gubernator ish yuritadi. Hukumat boshlig‘i — premyer-ministr. Qonun chiqaruvchi organi — Senat va Yig‘ilish palatasidan iborat ikki palatali parlament. Asosiy siyosiy partiyalari — Taraqqiyot liberal partiyasi, Ozod milliy harakat.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Davlat iqtisodiyotining asosini chet el turizmi va bank offshori tashkil etadi. Mamlakat dunyoning ilg‘or moliya markazlaridan biridir. Soliq imtiyozlari mavjudligi bois ko‘plab kompaniyalar Bagam orollarida o‘z banklarini ochishgan. Turizm industriyasidan tashqari sanoatning quyidagi sohalari rivojlangan: neftni qayta ishlash, farmatsevtika, sement, tuz ishlab chiqarish va rom tayyorlanadi. Qishloq xo’jaligida shakarqamish, pomidor, ananas, sitruslar yetishtiriladi, baliq ovlash va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash rivojlangan. Yog‘och tayyorlanadi. Eksporti: neft mahsulotlari, kimyo-sanoat mahsulotlari, tuz, baliq, rom. Importi: mashina va trans­port uskunalari, benzin va neft mahsulotlari, to’qimachilik mahsulotlari. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Daniya. Temiryo‘llari yo‘q, mamlakat iqtisodida undagi ko‘plab avtomobil yo‘llarining ahamiyati katta.
  Tarixi. Qadimda mamlakat hududiga dastlab hindular kelib joylashgan. Orollar       1492-yilda X. Kolumb tomonidan kashf qilingan. Oldin Ispaniya koloniyasi, 1783-yildan esa Buyuk Britaniya koloniyasiga aylantirilgan. 1964-yili mamlakatga o‘z-o‘zini boshqarish huquqi berildi. 1973-yili Bagam orollari mustaqil davlatga aylandi, lekin Britan Hamdo‘stligi tarkibida qoldi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.