Chexiya 

10 996

 Rasmiy nomi — Chexiya Respublikasi. Poytaxti — Praga. Hududi – 78,9 ming km.kv. Aholisi – 10,1 mln kishidan ortiq (2012-yil). Davlat tili — chex. Dini — katolik (65%), protestantlar (15%), pravoslavlar (13%). Pul birligi — chex kronasi.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Yevropadagi davlat. Shimolda — Polsha (chegara uzun­ligi — 658 km), shimolda va g‘arbda — Germaniya (646 km), janubda — Avstriya (362 km), sharqda — Slovakiya (214 km) davlatlari bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi — 1880 km. Mamlakat hududini shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin: g’arbda — Bogemiya, sharqda — Moraviya. Hududining g‘arbiy qismi past tog‘lar bilan o‘ralgan tekisliklar, tepaliklar va yassitog‘liklardan iborat. Bu hududlarda ruda tog’lari, Chex o‘rmoni, Shumava joylashgan. Sudetdagi Snejka tog‘i (1602 m) mamlakatning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Sharqiy hududlar tepaliklardan iborat. Asosiy daryolari — Vltava, Morava, Laba (Elba), Oder. Asosiy tabiiy boyliklari — ko‘mir, kaolin, grafit.
 Iqlimi — mo‘tadil kontinental. Tog’larida ignabargli o’rmonlar, tekis hududlarida eman, zarang, qoraqayin o‘sadi. Qo‘ng‘ir ayiq, tulki, to‘ng‘iz, bo‘ri, sernalar hayvonot olamini tashkil etadi.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 8 ta o‘lkaga bo‘lingan. Chexiya 1993-yil 1-yanvarda Chexoslovakiyaning parchalanishidan so‘ng mustaqil davlatga aylandi. Milliy bayramlari — Kirill va Mefodiy kuni, 6-iyul — Yan Gus yondirilgan kun, 28-oktabr — Chexoslovakiya ozod etilgan kun. Davlat boshlig‘i — prezident, ijro etuvchi hokimiyat rais boshchiligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Senat (yuqori palata) va Deputatlar palatasi (quyi palata)dan iborat parlamentga tegishli. Yirik siyosiy partiyalari: Fuqarolik demokratik partiyasi, Chexiya va Moraviya kommunistik partiyasi, Chexoslovak xalq partiyasi, Fuqarolik demokratik alyansi, Chexoslovak sotsial-demokratik partiyasi.
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Chexiya sobiq sotsialistik blok davlatlari orasida iqtisodda sezilarli o‘zgarishlarga erishgan davlatdir. Sanoati- ning eng rivojlangan tarmoqlari: yoqilg‘i-energetika, mashinasozlik, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat. Mashinasozlik va transport uskunalari, yoqilg‘i, kimyo- viy moddalar, minerallar, metallar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinadi. Rivojlangan qishloq xo‘jaligi Chexiyaga oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘z ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi. 2012-yil YIM miqdori 225,5 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 21,8 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Slovakiya, Avstriya, Italiya, Rossiya.
 Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 9434 km, avtomobil yo‘llari — 55890 km.
 Tarixi. М. a. V asrda kelt qabilalari o‘mashgan hozirgi Chexiya hududi V-IV asrlarda slavyan qabilasi chexlar tomonidan egallanadi. IX asrda Kirill va Mefodiy tomonidan xristianlik tarqatilgan Bogemiya IX asrning oxirlarida Buyuk Moraviya qirolligi tar­kibiga kiradi. Chex qirolligi o‘zining qudrat cho‘qqisiga Muqaddas Rim imperiyasi imperatori Karl X hukmronligi davrida chiqadi. XV asrning boshlarida Praga universitetining rektori Yan Gus katolik cherkovini reformatsiya qilish tashabbusi bilan chiqa­di, lekin 1415-yil 6-iyulda inkvizitsiya tomonidan yoqib yuboriladi. 1620-yilda Bogemiya o‘zining avtonomiyasini yo‘qotib, gabsburglarga tobe bo‘ladi. 1918-yilda Avstriya — Vengriya imperiyasi parchalangandan so‘ng mustaqil Chexoslovakiya Respublikasi e’lon qilinadi. 1939-yilda Sudet viloyati Germaniya tomo­nidan bosib olinadi, mamlakatning qolgan hududlari Germaniya protektorati deb e’lon qilinadi. Mamlakat nemis qo‘shinlaridan ozod etilgach, kommunistlarning ta’siri kuchayadi va 1948-yilda ular hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishadi. 1968-yilda Chexoslavakiya kom­munistik partiyasining birinchi kotibi A. Dubchek «odambashara sotsializm» qurish to‘g‘risida e’lon qiladi, lekin mamlakatni liberallashtirish 1968-yil 21-avgustda Varshava Shartnomasi (Ruminiyadan tashqari) davlatlarining qo’shinlari tomonidan to‘xtatiladi. Parlament raisligiga A. Dubchek, Respublika prezidentligiga V. Gavel saylanadi. Mamlakat aholisi 1992-yilgi referendumda Chexoslovakiyaning ikki davlatga bo’linishi uchun ovoz beradi va 1993-yil 1-yanvarda Chexiya Respublikasi tashkil topadi.
      O’zbekiston — Chexiya munosabatlari.
 1992-yil Toshkentda Chexiya Respublikasi Savdo vakolatxonasini ochdi va u 1994 yilning 1-noyabrida Chexiyaning O’zbekistondagi elchixonasiga aylantirildi.  2004 yilning aprel oyidan boshlab Chexiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Alesha Foytik. Ikki mamlakat o’rtasidagi siyosiy munosabatlarga 1997 yil 14-16 yanvarda O’zbekiston Prezidenti I. A. Karimovning Chexiya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi chog`ida asos solindi. 1997 yil 27-29 oktyabrida Chexiya Respublika Bosh vaziri V.Klaus O’zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. 2004 yilning 8-10 sentyabr kunlari Chexiya Prezidenti Vatslav Klaus yana bir bor O’zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi. Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik ikki davlat o’rtasidagi "Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to’g`risida”gi Bitimga asosan rivojlanmoqda. 2003 yili ikki davlat o’rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 39,4 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Uning 19,8 mln. dollari eksport va 19,7 mln. dollari importdir. Bugungi kunda respublikamizda Chexiya investitsiyasi asosida Tashkil etilgan 28 ta qo’shma korxona mavjud. Bundan tashqari, madaniy va ta’lim sohasida ham aloqalar rivojlanib bormoqda. 1994 yili Liditse shahrida bo’lib o’tgan Butunjahon bolalar ijodiyoti ko’rgazmasida O’zbekistondan ham bolalar ishtirok etishdi va mukofotlarga sazovor bo’lishdi. Ta’lim sohasida har yili Chexiya hukumati O’zbekiston talabalariga Chexiya Oliy ta’lim muassasalarida o’qish uchun beshta stipendiya ajratib kelmoqda. 2003-yildan boshlab O’zbekiston FA Arxeologiya instituti Praga Universitetining Karlova nomidagi klassik arxeologiya Instituti bilan  O’zbekistonning janubiy mintaqalari antik madaniyatini  o’rganish yo’lida hamkorlik qilib kelmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.