Belgiya 

12 548

Rasmiy nomi — Belgiya Qirolligi. Poytaxti Bryussel. Hududi — 30500 km.kv. Aholisi 10,4 mln kishi (2012). Davlat tili — flamand, fransuz, nemis. Dini — katolik. Pul birligi — yevro.
    Geografik joylashuvi va tabiati. Yevropaning shimoli g‘arbida joylashgan davlat. Belgiya shimolda — Niderlandiya, sharqda — Germaniya, janubi sharqda — Lyuksemburg, janub va janubi g‘arbda Fransiya bilan chegaradosh. G’arbiy qirg’oqlari Shimoliy dengiz bilan tutashgan. Belgiyani uch geografik hududga bo‘lish mumkin, bular: sohilbo‘yi tekisligi, markaziy yassitog1 va Ardenn tepaliklari. Sohilbo‘yi tekisliklari mamlakatning shimoli g‘arbida joylashgan bo‘lib, qumli tepaliklar va to‘g‘onlar vositasida dengizdan ajratib olingan yer maydonlaridan iborat. Markaziy yassitog`liklar past tepaliklardan iborat unumdor joylardir. Ardenn tepaligi mam­lakatning janubi sharqida joylashgan bo’lib, o‘rtacha balandligi  460 metrni tashkil etadi. Belgiyaning eng yuqori nuqtasi — Ardenndagi Botranj tog‘i (694 m).
   Iqlimi — mo‘tadil. Mamlakatning asosiy daryolari — Shelda va Maas. Foydali qazilmalardan ko‘mir, tabiiygaz mavjud. Keng bargli o‘rmonlarda eman, qora qayin, grab kabi daraxtlar o‘sadi. Qo‘riqxonalar va tabiat parklari ko’p. Hayvonlardan qobon, quyon, o’rmon sichqonlari, olmaxon, ohularni uchratish mumkin. Valdshnep, tustovuq, o’rdak, kaklik kabi qushlar mavjud.
    Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitusion monarxiya (Qirollik). Ijro etuvchi hokimiyat monarx va Vazirlar Mahkamasi boshlig’i — premyer-ministrga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali parlament (yuqori palata — Senat va Vakillar palatasi)dan iborat. Mamlakat 9 provinsiyadan tashkil topgan, bular: Antverpen, Brabant, Sharqiy Flandriya, G’arbiy Flandriya, Lyej, Limburg, Lyuksemburg, Namyur, Eno. Siyosiy partiyalari: Sotsialistik partiya, Sotsial-xristianlar partiyasi, Flamand liberallari va demokratlari partiyasi, Belgiya kommunistlari ittifoqi.
    Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Asosiy sanoat tarmoqlari — oziq-ovqat, kimyo, metallurgiya, metallni qayta ishlash, mashinasozlik, to‘qimachilik, oyna ishlab chiqarish (oyna va toshoyna eksporti bo’yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi). Qishloq xo‘jaligida qandlavlagi, meva va sabzavotlar, bug’doy yetishtiriladi. Chorvachilik ham rivojlangan. Belgiya Yevropada yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biridir. Asosiy savdo hamkorlari: YI mamlakatlari, AQSH.
    2012-yil YIM miqdori — 373,1 mrd dollarni (aholi jon boshiga — 35,1 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy portlari: Antverpen, Bryugge, Gent, Ostends va Zebryugge.
Tarixi. Mamlakat hududida qadimda belg qabilalari istiqomat qilishgan. M.a. 57-yilda Belgiya Sezar tomonidan bosib olindi va Rim imperiyasi takibiga qo’shildi. O’rta asrlarda Belgiya hududlari (Braband gersogligi, Flandriya, Lyuksemburg grafliklari) tarixiy Niderlandiya tarkibiga kirgan. XVI asrdagi Niderlandiya burjua inqilobi Belgiya hududida mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Ispan taxti uchun olib borilgan urushlar oqibatida Belgiya Avstriya Gabsburglari hukmronligi ostiga o’tdi. 1813— 1830-yillarda mamlakat Niderlan­diya qirolligi tarkibida bo’ldi. 1830-yildagi Belgiya inqilobi mustaqil Belgiya qirolligining e’lon qilinishiga olib keldi. Tez orada uning umrbod betarafligi e’lon qilindi. 1908-yilda Belgiya mustamlaka mulk — Belgiya Kongosiga, 1922-yilda esa Ruanda-Urundu mandatiga ega bo’ldi. I va II jahon urushlari davrida Belgiya hududlari nemis qo’shinlari tomonidan ishg’ol qilingan. 1960-yilda Belgiya Kongoga, 1962-yili esa Ruanda-Urunduga mustaqillik berdi. 1949-yildan buyon Belgiya NATO a’zosi. Bryusselda Yevropadagi qo’shma qurolli kuchlar Bosh qo‘mondonligi va NATO kengashi shtab-kvartiralari joylashgan. 1958-yilda Belgiya Niderlandiya va Lyuksemburg bilan bojxona ittifoqchilik shartnomalarini imzolaydi. XX asrning 60-70-yillarida Belgiyadagi flamandlar va vallonlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuvi oqibatida vaziyat birmuncha murakkablashdi. 1993-yilda ushbu mojaro konstitutsiyaga o’zgartirish kiritilishiga olib keldi va unga ko’ra Belgiya federativ davlat bo‘lib, Flandriya va Valloniya o‘z hukumatlariga ega bolish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Belgiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1992-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.