Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari 

12 871

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son qaroriga
3-ilova

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha

MALAKA TALABLARI

I-bob. Umumiy qoidalar

1-§. Qo‘llanish sohasi

1. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari (keyingi o‘rinlarda — Malaka talablari deb ataladi) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standartlarining negizi hisoblanadi va standartlashtirishning umumta’lim fanlarini o‘rganishning bosqichlarini, o‘quv fanlari bo‘yicha ta’lim mazmuni va malaka talablarining tuzilishini belgilaydi.

2. Malaka talablari ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan qo‘llanilishi majburiydir.

3. Malaka talablari asosida ta’lim muassasasining turi va xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘quv dasturlari, davlat attestatsiyasi uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha nazorat-baholash ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi va vakolatli vazirliklar, idoralar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

2-§. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida umumta’lim fanlarini o‘rganish bosqichlari

4. O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida davlat ta’lim standartlariga asoslangan holda umumta’lim fanlarini o‘rganish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

Standart darajalari

Darajalarning nomlanishi

A1

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning boshlang‘ich darajasi

A1+

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan boshlang‘ich darajasi

A2

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning tayanch darajasi

A2+

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan tayanch darajasi

B1

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning umumiy darajasi

B1+

Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan umumiy darajasi

3-§. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablarining tuzilishi

5. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari:

o‘quv fanini o‘rganishning bosqichlarini;

tayanch va fanga oid umumiy kompetensiyalarni;

o‘quv fanining maqsad va vazifalarini;

umumta’lim fanlarini o‘rganishning mazmunini;

umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha majburiy tayyorgarlik darajalarini hamda ta’lim muassasalarini bitiruvchilariga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilab beradi.

4-§. Tayanch va fanga oid umumiy kompetensiyalar

6. O‘zbekiston Respublikasida ta’limning uzluksizligi, uzviyligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqib, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantiriladi.

Kommunikativ kompetensiya — ijtimoiy vaziyatlarda ona tilida hamda birorta xorijiy tilda o‘zaro muloqotga kirisha olishni, muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishni, ijtimoiy moslashuvchanlikni, hamkorlikda jamoada samarali ishlay olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi — mediamanbalardan zarur ma’lumotlarni izlab topa olishni, saralashni, qayta ishlashni, saqlashni, ulardan samarali foydalana olishni, ularning xavfsizligini ta’minlashni, media madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi — doimiy ravishda o‘z-o‘zini jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga intilish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib borish, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashni nazarda tutadi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi — jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiya — vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish, badiiy va san’at asarlarini tushunish, orasta kiyinish, madaniy qoidalarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi — aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shaxsiy, oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarni tuza olish, kundalik faoliyatda turli diagramma, chizma va modellarni o‘qiy olish, inson mehnatini yengillashtiradigan, mehnat unumdorligini oshiradigan, qulay shart-sharoitga olib keladigan fan va texnika yangiliklaridan foydalana olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Mazkur kompetensiyalar umumta’lim fanlari orqali o‘quvchilarda shakllantiriladi.

Shuningdek, har bir umumta’lim fanining mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar ham shakllantiriladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.