Toshkent shahri 

38 763

Toshkent shahri Markaziy Osiyoning eng yirik qadimiy shaharlaridan biri. O‘zbekiston Respublikasining poytaxtidir. Oʻrta Osiyoning yirik sanoat-transport chorrahasi va madaniyat markazlaridan biri. Mamlakatning shimoli-sharqiy qismida, Tyanshan togʻlari etaklarida, 440–480 metr tepalikda, Chirchiq daryosi vodiysida, Qozog`istonning chegarasiga yaqin joylashgan.  
 
Maydoni: 334,8 km.kv.
Aholi soni2 million 862 ming 400 kishidan ortiq (01.01.2022-yil).  
Ichki bo`linishi: 11 ta tuman 
Koordinatasi: 41°18′ sh.k.  69°16′ shq.uz
Iqlimi: kontinental
Dengiz sathidan balandligi: 455 metr
Geografik joylashishi
 Toshkent vohasi Tyan-Shanning g‘arbiy yonbag‘irlaridan boshlanib Sirdaryo etaklariga tushadigan keng tog‘oldi tekisligining bir qismida joylashgan. Sharqda u uchta — Ugom, Piskom va Chatqol tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan bo‘lib, bu tizmalarni shu nomlar bilan ataluvchi daryolar oqib o‘tuvchi daralar ajratib turadi. Bu daryolar qo‘shilibChirchiq daryosini hosil kiladi. Chirchiq daryosi Chorvoq havzasining tor darasidan o‘tib, G‘azalkentdan quyiroqqa tushganda kengligi baʼzi joylarda 20 kmdan oshadigan qadimiy tekislik bo‘ylab oqadi. G‘arbda Chirchiq vodiysiga Qizilqumning qaynoq nafasi uriladi. Bu qayirning bir qismini Chirchiq daryosining hozirgi o‘zani egallagan. Janubiy qismida esa vodiyga kirib boruvchi Ohangaron daryosi yastangan. Ushbu tekislik shimolida joylashgan Aris daryosining vodiysi bilan birga bu tabiiy suv tarmoqlari O‘rta Osiyo dehqonchilik vohalarining chekka mintaqasini tashkil etadi. Undan shimol tomonga qarab esa, yaylovlarga boy bo‘lgan poyonsiz cho‘l yastanib yotadi.

Chirchiq daryosi havzasi O‘rta Osiyoning qadimiy dehqonchilik va shahar madaniyatlari beshiklaridan biridir. Uning hududida Toshkentning markazi paydo bo‘lgan. Joydan joyga ko‘chib turgan bu markaz qadimda va o‘rta asrlarda Choch yoki Shosh, keyin esa Toshkent nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Toshkent vohasida barcha tarixiy davrlarda suv mo‘l-ko‘l bo‘lgan. Tarixan tarkib topgan kanallar tarmog‘i shaharni suv bilan taʼminlab turgan. Shu bois shahar xech qachon suv taqchilligini sezmagan. Buni o‘rta asrlardan to XIX asrgacha Toshkent to‘g‘risida yozgan mualliflar xamisha taʼkidlab kelganlar. Bu yerdagi iqlim hozirgi odamlarning ajdodlari paydo bo‘lgan, yaʼni bir necha o‘n ming yil muqaddam mavjud bo‘lgan iqlimdan farq qilgan. Issiq quruq yoz bilan yillik yog‘in miqdorining asosiy qismi yog‘adigan qahraton qish almashinib turgan.

Toshkentning tog‘ yonbag‘irlari va tekisliklar o‘simliklarga boy bo‘lib, ibtidoiy odamlar ovlaydigan yovvoyi hayvonlar juda ko‘p boʻlgan. Ularning aksariyati, jumladan,arxar, jayron, qulon va asl bug‘u kabi hayvonlar yaqin vaqtda yo‘qolib bitgan bo‘lsa, junli karkidon, g‘or ayig‘i, arslon singari hayvonlar esa ancha ilgari yo‘qolib ketgan. Ular haqida ibtidoiy odamlar manzillarini qazib o‘rganish chog‘ida topilgan qoldiqlar orqali maʼlumot olish mumkin.

Bu yerlarda bir necha yuz ming yil avval ovchilik va termachilik bilan kun kechiruvchi ibtidoiy jamoalar g‘orlar va tog‘ bag‘ri bostirmalarini, yoki daryo sohillari va chashmalar yonidagi ochiq manzillarni egallab makon qilganlar. Bunday joylar hozirgi Toshkent shahri hududida ham mavjud bo‘lgan.

Jumladan, Bo‘z suv yoqasidagi Qo‘shilish manzilgohidan birmuncha nozik ishlangan chaqmoqtoshlar, pichoqlar, bigizlar, ibtidoiy ustalar tomonidan bundan to‘qqiz ming yil avval yasalgan ov va mehnat qurollari topildi. Topilmalar orasidan yovvoyi buqa tur suyaklarining uchrashi, mutaxassislar fikricha, ularning o‘sha vaqtlardayoq xonakilashtirilgan deb taxmin qilishga asos bo‘ldi. Hayvonlarni xonakilashtirish jarayoni Toshkent vohasi hududida ham kechgan.

Miloddan oldingi uchinchi ming yillikdan boshlab, bu hudud dastlabki chorvadorlar tomonidan o‘zlashtira boshlashgan. Ular ish asboblari va jezdan qurollar tayyorlashni o‘rganganlar. Arxeologlar Toshkent shahri hududi va uning atrofida chorvadorning ko‘pdan ko‘p qabrlari hamda qo‘rg‘onli dahmalarini topganlar. Bu joylarda dafn etilganlarning yoniga jezdan yasalgan ish asboblari, qurollar, zeb-ziynatlar va qo‘lda yasalgan idishlar ham qo‘yilgan.

Toshkent shahri hududida bunday qabristonlar hozirgi shampan vinosi zavodi yaqinidan, shuningdek, Qoraqamish arig‘i bo‘yidan topilgan. Sirg‘alida esa dasht chorvadorlari va yilqichilarining manzili bo‘lganligi aniqlangan. Bu yerdan ish qurollaridan tashqari burama halqali jez bilaguzuklar ham topilgan.

 
Iqlimi
Iqlimi kontinental, jazirama, quruq yoz kunlari hamda sovuq qish iqlimi bilan Shahar boshqa dunyo shaharlaridan ajralib turadi. Yillik oʻrtacha harorat 13,5 °C. Yozda esa harorat 35 °C gacha yetish bilan birga, qish oylarida buning aksini kuzatish mumkin. Havo harorati −25,-30 C° gacha boradi. Asosiy yogʻinlar noyabr hamda mart oylarida kuzatiladi.

Toshkent iqlimi kontinental, yillik oʻrtacha harorati 13,3°, yanvarning oʻrtacha harorati —1,1°, eng past harorat —29°. Iyulning oʻrtacha trasi 27,5°, eng yuqori harorat 42°. Yiliga 360–390 mm yogʻin yogʻadi. Chirchiq daryosidan chiqarilgan va butun shahar boʻylab oʻtadigan Boʻzsuv, Salor, Anhor, Qorasuv, Oqqoʻrgʻon, Boʻrijar, Oqtepa, Qoraqamish va boshqa kanallar uning mikroiqlimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
 
Etimologiyasi
Toshkent 2200 yildan ortiq tarixga ega. Bu davr ichida u mudofaa devori bilan oʻralgan qalʼadan jahondagi yirik shaharlardan biri, Oʻzbekiston Respublikasining poytaxtigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Asrlar davomida shahar oʻzining tinch hayotidagi muhim voqealarni va suronli jangu jadallarni, yuksalish va inqiroz davrlarini boshidan kechirdi. Necha bor shahar vayron boʻlib, qayta qad koʻtardi. Toshkent oʻrnidan necha bor siljib, nomi xam bir necha marta oʻzgardi. Xoja Ahror Valiy, Shayx Umar Bogʻistoniy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy, Hofiz Koʻhakiy kabi butok allomalar shu hududda yashab, ijod etganlar.

Toshkent haqidagi dastlabki aniqroq maʼlumotlar mil.av.II asr — mil. V asrlarga mansub Xitoy manbalarida uchraydi. Ularda Toshkent viloyati qadimda Loyuyeni, Yuni, soʻngra Chjeshe, Chjechji, Chjesi va Shi deb nomlangan. Bu atamalar (avvalgi ikkitasidan tashqari) „Choch" soʻzining xitoycha talaffuz etilishi natijasida hosil boʻlib, hatto oxirgi „Shi" toponimi xitoychada „tosh" maʼnosini anglatgan.

Mil.av. III asrda qadimgi Choch viloyatida tashkil topib, milodning 3-asrlarigacha hukm surgan „Qangʻ" („Qangʻa" yoki „Qangʻxa") davlati Xitoy yozma manbalarida „Kangkiya" („Kanizyuy") nomlari bilan tilga olinadi. Qadimgi toxarlar tilida „qangʻ" soʻzi ham „tosh" maʼnosini anglatgan. Bu davlatning poytaxti — Bityan shahri boʻlib, u Iosha-Xasart daryosi (Sirdaryo) boʻyida joylashgan. Bityan shahri Davan (Fargʻona vodiysi)dan 1510 li (528 km) masofada boʻlgan. Bityan shahrining bizgacha saqlanib qolgan xarobalari mahalliy aholi oʻrtasida „Qanqatepa" nomi bilan mashhur. U Toshkentdan 70 km janubda — Sirdaryoga yaqin yerda, Ohangaron daryosining qurib qolgan qadimgi oʻzani boʻyida joylashgan. Arxeologik maʼlumotlardan maʼlum boʻlishicha, Qanqatepa mil. av. III asrdayoq atrofi mudofaa devori bilan oʻralgan hamda arkli katta shahar boʻlib, maydoni 160 gektarga teng boʻlgan. Qadimgi Qangʻ davlatining fuqarolari ham „qangʻar", „qanzar", keyinchalik „qanhi", „qangʻli" yoki „qaʼni" deb nomlangan. Ular (qanqalar) hindlarning qadimgi kitobi „Mahabharata"da saklar va toxarlar nomlari qatorida tilga olingan. Yozma manbalarda keltirilishicha, Toshkentning qadimgi nomi „Choch" boʻlgan. Toshkent arablar tasarrufiga oʻtgach, arab alifbosida „ch" harfining yoʻqligi bois arabiy asarlarda „Shosh" deb yuritilgan. Ilk oʻrta asrlarda u „Choch", „Shosh", „Shoshkent", „Madinat ash Shosh", „Binkat" va „Tarkan" deb nomlangan. Toshkent haqidagi dastlabki maʼlumotlar mahalliy olimlar (Xorazmiy) va tarixchi geograflardan Tabariy, Istahriy asarlarida uchraydi. Istahriyning „Kitob al masolik val mamolik" („Yoʻllar va mamlakatlar toʻgʻrisidagi kitob")ida Shoshning bosh shahri Binkat deb koʻrsatiladi. 10-asrda yozilgan (muallifi nomaʼlum) „Hudud ul Olam" („Olamning chegaralari") kitobida „Choch bu katta viloyat, xalqi jangovar va sahiydir. U yerda kamon va oʻqyoy yasaladi. Binkat Chochning poytaxti hisoblanadi. Bu katta shahar, ayni vaqtda podshoning qarorgohidir", deb taʼriflanadi. Firdavsiyning „Shohnoma" asarida Choch oʻzining kamoni Shoshiy (oʻqyoylari) bilan mashhurligi haqida misralar bor.

Shahar „Toshkent" nomi bilan dastavval XI asrning mashhur allomalari — Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshgʻariyning asarlarida tilga olinadi. Beruniy „Hindiston" asarida Toshkent nomining kelib chiqishi toʻgʻrisida soʻz yuritib, „Tosh" soʻzi asli turkcha boʻlib, Shosh koʻrinishini olgan. „Toshkand — toshli qishloq demakdir", deb izohlaydi. Mahmud Qoshgʻariyning maʼlumoti boʻyicha, Toshkent XI-XII asrlarda „Tarkan" deb ham yuritilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur„Boburnoma"da Toshkent nomi ustida toʻxtalib, asarlarda Toshkent nomini Shosh, baʼzan Choch yozadilar" deb qayd etadi. Biroq XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida Toshkent toponimi shuhrat topib, uning qadimgi Choch, Shosh va Binkat nomlari asta-sekin muomaladan tushib qoldi. XVII asrda yashagan tarixchi olim Mahmud ibn Vali shunday yozadi: „Shosh — Sayxun (Sirdaryo)ning u tomoniga joylashgan shahar va Turkiston (viloyat)ga qaraydi… Uni Choch ataydilar. Biroq hozirgi vaqtda u Toshkent nomi bilan mashhurdir". Toshkent vohasida shahar madaniyatining shaqllanib, shaharning qad koʻtarishi shu oʻlkada yashagan qadimgi chorvador va dehqonlarning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi ulkan tarixiy jarayon boʻlib, bu jarayon shubhasiz oʻlkaning oʻzlashtirilib, obod etilishi, ayniqsa, undachorvachilik va dehqonchilik xoʻjaliklarining tashkil topishi hamda hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning rivojlanish tarixi bilan uzviy bogʻliqdir. Bu jarayonning tarixiy manzarasi nihoyatda keng boʻlib, u yozma manbalarga nisbatan koʻproq arxeologik tadqiqotlar vositasi bilan tiklanmoqda. Shuning uchun ham Toshkent hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning natijalari qadimgi va oʻrta asrlarga oid manbalardagi maʼlumotlarni toʻldirib, ularga aniqlik kiritmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.