Atmosferaning tuzilishi 

37 284

  Atmosferaning ahamiyati. Atmosfera – Yerni o‘rab turgan havo qobig‘i. Yunoncha atmos – bug‘, sphairo – shar ma'nosini bildiradi. Atmosfera Yer bilan birga aylanadi. Yer yuzini samodan keladigan meteor jismlardan, Quyoshning tirik jonlar uchun zararli bo‘lgan ultrabinafsha nurlaridan saqlaydi. Atmosfera bo‘lmaganida Yer yuzi kunduzi +120°C gacha qizib, tunda esa - 180° -200°C gacha sovib ketar edi. Havo qobig‘i Yer yuzini shaffof ko‘rpa kabi asrab turadi.
  Yerning havo qobig‘i asosan ikki xil gazdan, ya'ni, azot va kislorod aralashmasidan iborat. Havodagi gazlarning 78% ini azot, 21% ini kislorod tashkil etadi. Bulardan tashqari havoda karbonat angidrid, boshqa qazlar, suv bug‘lari, changlar ham bor.
  Azot va kislorod nisbati o‘simliklar ta'sirida saqlanib turadi. Lekin avtomobillardan chiqadigan is gazi, issiqlik elektr stansiyalardan, yirik korxonalardan chiqadigan tutun havoni ifloslaydi. Shuning uchun ham havo tarkibini, uning tozaligini qattiq nazorat qilib turish, ifloslanishining oldini olish zarur. Negaki, insonning sog‘ligi atmosferaning holatiga juda bog‘liq.
  Yer havo qobig‘ining yuqori aniq chegarasi yo‘q, taxminan 3000 km balandda deb hisoblanadi. Lekin turli balandlikda havoning tarkibi, harorati, zichligi har xil. Shuning uchun atmosfera bir qancha qatlamlarga ajratiladi.
Troposfera.
 Troposfera – atmosferaning quyi qatlami (tropos – yunoncha so‘z bo‘lib, aylanmoq, o‘zqarmoq degani). O‘rtacha qalinligi 10-11 km, qutblar ustida 8-9 km, ekvatorda 18 km gacha yetadi. Havodagi barcha suv bug‘lari shu qatlamda. Bu qatlamdabulutlar paydo bo‘ladi. Yog‘inlar yog‘adi, ob-havo o‘zgarib turadi, tirik mavjudotlar shu qatlamda yashaydi. Yuqoriga ko‘tarilgan sari har 1000 m da harorat 6°C pasayadi.
Stratosfera.
  Stratosfera – (yunoncha stratum – qatlam) troposferadan yuqorida joylashgan. Yuqori chegarasi 40-50 km balandda. Stratosferaning quyi qismida harorat -45°C dan -75°C gacha pasayadi. Lekin yuqoriga ko‘tarilgan sari havo isib, +10°C gacha ko‘tariladi. 
Mezosfera va termosfera.
  Mezosfera va termosfera - (yunoncha mesos – o‘rta va therme - issiq) atmosferaning yuqori qatlamlaridir. Bu qatlamlarda havo juda siyrak va koinotdan keladigan nurlar ta'sirida elektr tokini yaxshi o‘tkazadigan bo‘lib qolgan. Qutb yog‘dulari, «Yulduz uchishi» hodisalari shu qatlamlarda ro‘y beradi. 
  Atmosferani o‘rganish. Inson qadim zamonlardan ob-havoni, atmosferada bo‘ladigan hodisalarni kuzatib keladi. Atmosferada ro‘y beradigan ayrim hodisalar havo aynib, yomg‘ir yog‘ishidan, boshqa hodisalar esa havo ochilishi, quyoshli kunlar bo‘lishidan darak berishini odamlar qadimdan anglab olganlar. Inson uchun ob-havoni oldindan bilish juda zarur.
 Hozirgi vaqtda atmosfera, unda ro‘y beradigan hodisalar dunyoning turli joylardagi minglab meteorologik stansiyalar ida o‘rganiladi. Bu ishda elektron hisoblash mashinalari, kompyuterlar, havo sharlari, meteorologik raketalar, Yerning sun'iy yo‘ldoshlaridan foydalaniladi. Barcha ma'lumotlar maxsus ilmiy tadqiqot institutlarida o‘rganilib, ob-havo xaritalari tuziladi va ob-havoda ro‘y beradigan o‘zgarishlar e'lon qilib turiladi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.