Joyning topografik planini tuzish 

16 637

Qutbiy usul.
  Joyning topografik ( topos – yunoncha so‘z bo‘lib joy, grafo – yozaman degan ma'nolarni anglatadi) planini turli usullarda tuzish mumkin. Bu usullardan biri qutbiy usuldeb ataladi. Bu qanday usul ekanligini ko‘rib chiqamiz.
  Biz yuqoridagi rasmda tasvirlangan joyning eng sodda topografik planini tuzmoqchimiz, deylik. Buning uchun ustiga planshet o‘rnatilgan uchoyoqni katta xarsang tosh yoniga o‘rnatamiz. Shu yerdan plan chizishni boshlaymiz. Masshtab tanlaymiz. Masalan, 1:5000. Shundan so‘ng planshetga shimol-janub strelkasini chizamiz. Keyin planshetni ufq tomonlariga oriyentirlaymiz. Ya'ni planshetni kerakli tomonga aylantirib, undagi shimol-janub chizig‘ini kompas strelkasi bilan moslaymiz.
  Endi planni tuzishga kirishamiz. Dastavval, turgan joyimiz katta tosh oldini planshetga nuqta bilan belgilaymiz va uning o‘rtasiga ignani tik qadab qo‘yamiz. Bu bizning turgan nuqtamiz bo‘ladi. Keyin vizir chizg‘ich olib, bir uchini ignaga taqaymiz. So‘ngra vizir chizg‘ichni biz planga tushirmoqchi bo‘lgan predmetlar (yakka daraxt, dala shiyponi, shamol tegirmoni)ga to‘g‘rilab, har bir yo‘nalishni qalam bilan chizamiz. Shundan keyin Siz bilgan masofani o‘lchash usullaridan biri (masalan, qadamlab o‘lchash) yordamida har bir predmetgacha bo‘lgan masofani o‘lchab, masshtab bilan belgilaymiz va o‘sha joyga shu predmet shartli belgisini chizamiz.
  Keyin daraxtni, dala shiyponini chizamiz. Vizirlash chiziqlarini o‘chiramiz. Yo‘llarni taxminan chizsa ham bo‘ladi. Shartli belgi bilan o‘tloq va paxtazorni tasvirlaymiz .
Biz joyda turib, vizirlash o‘tkazgan nuqta qutb deyiladi. Shuning uchun joy planini bunday usulda chizish qutbiy usulda plan tuzish deb ataladi.


Azimutli usul.
  Joy planini chizishning azimutli usuli ham bor. Bu qutbiy usuldan ham sodda. Bu usulda planshet va vizir chizig‘i kerak bo‘lmaydi. Bunda xarsang tosh oldida turib, ko‘rinib turgan barcha predmet (yakka daraxt, dala shiyponi, shamol tegirmoni)ga yo‘nalishlar azimuti aniqlanadi hamda shu predmetlargacha bo‘lgan masofa o‘lchanadi. Bularning hammasi yondaftarchaga tushunarli qilib yozib olinadi. Uyga kelib oq qog‘ozda turgan nuqta – qutb belgilanadi. Keyin transportir yordamida azimutlar aniqlanib, masofa masshtab bilan belgilanadi. Mahalliy predmetlar shartli belgilar bilan tushiriladi.
  Joydagi nisbiy va mutlaq balandliklar. Yer yuzidagi biror nuqtaning boshqa nuqtadan tik balandligiga nisbiy balandlik deb ataladi. Masalan, tepalikning atrofdagi tekislikdan balandligi uning nisbiy balandligi bo‘ladi.
 Nisbiy balandlikni nivelir yordamida ham aniqlash mumkin. Qo‘lbola nivelir ikkita taxtachadan yasaladi. Unga shovun bog‘lab qo‘yiladi, Shovun bilan nivelirning tik o‘rnatilgani aniqlanadi.
Mutlaq balandlik
  Yer yuzidagi quruqliklar turli qismlarining balandligi har xil bo‘ladi. Quruqliklarning okean sathidan va okeanlar bilan tutashgan dengizlar sathidan tik balandligi mutlaq balandlik deyiladi. O‘zbekistondagi barcha mutlaq balandliklar Atlantika okeanining Boltiq dengizi sathidan hisoblanadi. Masalan, Toshkent shahrining o‘rtacha mutlaq balandligi 400 m, Qamchiq dovoniniki 2267 m. O‘zbekistondagi eng baland nuqta Hazrati Sulton tog‘i – 4425 m.

 


Gorizontallar.
  Topografik planlarda tabiatdagi mahalliy predmetlardan tashqari Yer yuzasining notekisliklari ham tasvirlanadi. Yer yuzasining bunday notekisliklari geografiyada relyefdeb ataladi. Relyef topografik plan va xaritalarda gorizontallar bilan tasvirlanadi.Gorizontallar deb quruqlik yuzasidagi mutlaq balandligi bir xil bo‘lgan nuqtalarni tutashtiruvchi chiziqlarga aytiladi.

  Joy planida tepalar ham, chuqurlar ham gorizontallar bilan tasvirlanadi. Yer yuzasi qaysi tomonga qiya bo‘lsa, gorizontallarga qiya tomonni ko‘rsatuvchi chiziqcha qo‘yiladi. Bu chiziqcha bergshtrix deb ataladi. Bergshtrixga qarab chuqur va tepalar ajratib olinadi. Yonbag‘irlar juda tik bo‘lsa, planda mayda tishlarga o‘xshagan chiziqlar bilan ko‘rsatiladi. Jarlar ham shunday chiziqlar bilan tasvirlanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.