Yangi Kaledoniya 

4 203

  Rasmiy nomi — Yangi Kaledoniya. Poytaxti — Numea. Hududi — 19100 km.kv Aholisi – 207 ming kishidan ortiq.(2012). Davlat tili — fransuz.Dini — katoliklar (60%), protestant — kalvinchi lar(30%). Pul birligi — kaledoniya franki.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Fransiyaning mulki, Okeaniyada, Tinch okeanining janubi g‘arbiy qismida joylashgan. Fransiyaning «dengizorti hududi» Yangi Kaledoniya (asosiy orol), Luayote va Cheterfild orollari guruhidan, Pen va boshqa orollardan iborat. Orollarning qirg‘oqlari marjon riflari bilan o‘ralgan bo‘lib, dunyoda eng uzun (600 km) to‘siqli riflarni tashkil etadi. Yangi Kaledoniya orolining sharqida vulqon otilishi natijasida paydo bo‘lgan yassitog‘lik mavjud. Eng yuqori cho‘qqisi — Pane tog’i (1628). Mayda daryolar tarmog‘i mavjud. Asosiy qazilma boyliklari: nikel (dunyo zaxiralarining 20% i), kobalt, xrom, temir rudasi, marganes, mis, ko‘mir. Iqlimi — tropik. 3000 ga yaqin o’simlik turlari mavjud. 10% hududi o‘rmonlar bilan qoplangan (araukariya, agatis va boshqa daraxtlar). 61 turdagi qushlar, ko’plab ilonlar mavjud.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. 1946- yildan Fransiya mulki. Hudud boshqaruvini Oliy komissar amalga oshiradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — hudud Kongressi (54 deputat 6 yilga 3 ta provinsiya nomidan saylanadi). Fransiya parlamenti — Milliy yig‘inda Yangi Kaledoniya 2 deputat va 1 senator vakilligiga ega. Ma’muriy jihatdan 3 provinsiyaga bo‘lingan. Siyosiy partiyalari: Respublika tarkibida Kaledoniya uchun birlashma, Kanaklar ozodligi milliy sotsialistik fronti, Yangi Kaledoniya barcha uchun.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyoti asosini tog‘-kon sanoati tashkil etadi. Yangi Kaledoniya nikelning eng yirik zaxiralari egasidir (nikel eksporti valuta daromadlarining 75% ini tashkil etadi). Metallurgiya, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish korxonalari bor. Qishloq xo’jaligida aholining 70%i band. Chorvachilik va baliqchilik rivojlanib bormoqda. Asosiy savdo hamkorlari: Fransiya, AQSH, Avstraliya, Yaponiya. Asosiy dengiz porti: Numea.
   Tarixi. 1774-yili melaneziyaliklar yashayotgan bu orollar ingliz sayyohi J. Kuk tomonidan kashf qilingan va Shotlandiyaning eski nomi bilan Kaledoniya deb atalgan. 1843-yili orollarga fransuz katolik missionerlari yetib kelishdi. 1853-yildan Fransiyaga qarashli. 1860-yildan esa mustamlakaga aylantirilgan. 1864- 1896- yillarda Yangi Kaledoniya siyosiy mahbuslar surgun qilinadigan joyga aylantirildi. Bu yerga 4000 ga yaqin Parij Kommunasi ishtirokchilari ham surgun qilingan. 1879-yili mahalliy aholining yirik qo‘zg‘oloni fransuzlar tomonidan ayovsiz bostirildi. Yangi Kaledoniya 1946-yildan Fransiyaning «dengizorti hududi» maqomiga erishdi. 1984-yilning noyabrigacha Fransiya hukumati- ning Oliy komissari tomonidan boshqarilgan. 1988-yili Fransiyada o’tkazilgan referendumga ko‘ra 1989-yildan bevosita boshqaruv bekor qilinib, avtonomiya kuchaytirildi. 1998-yili Fransiya Bosh vaziri L.Jospen imzolagan shartnomaga ko‘ra Yangi Kaledoniyada 20 yillik mustaqillikka o‘tish davri e’lon qilindi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.