Chad 

4 995

  Rasmiy nomi — Chad Respublikasi. Poytaxti — Ndjamena. Hududi — 1284000 km.kv. Aholisi – 10,1 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — fran­suz va arab. Dini — musulmonlar (50%), xris tianlar (25%), majusiylar (25%). Pul birligi afrika franki.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Afrikadagi davlat. Sharqda — Sudan (chegara uzunli­gi — 1360 km), janubda — Markaziy Afrika Res­publikasi (1197 km), g‘arbda — Niger (1175 km), Kamerun (1094 km) va Nigeriya (87 km), shimolda — Liviya (1055 km) davlatlari bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi — 5968 km. Katta suvsiz tekisliklar mamlakatning markaziy qismida joylashgan. Shimoldagi hududlar Sahroi Kabir doirasida. Shimoli g’arbda mamlakatning eng baland nuqtasi — Emi Kusi (3415 m) bo’lgan Tibesti tog’lari mavjud. Janubda pasttekisliklar joylashgan. Eng katta ko’li — Chad. Mavjud neft konlari ekspluatatsiya qilinmaydi, uran konlari bor. Hududining kattaligiga qaramay haydaladigan yerlar 2%, yaylov va o’tloqlar 36%, o’rmon va to’qaylar 11% ni tashkil qiladi. Iqlimi — tropik cho‘l iqlimidir. Asosan cho’l va savanna o’simliklari o‘sadi. Daraxtlardan dum palmasi va boabab uchraydi. Fil, karkidon, yovvoyi ho’kiz, jirafa, antilopa, arslon, qoplon, gepard, shoqol, giyena, begemot, timsoh, flamingo, saqoqush, maymunlardan pavian va kolobuslar hayvonot olamini tashkil etadi.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 14 ta prefekturaga bo’lingan. Chad mustaqillikka 1960-yilning 11-avgustida erishdi (awal fransuz Ekvatorial Afrikasi hududining bir qismi bo’lgan). 11-avgust — Milliy bayrami (Mustaqillik kuni). Ijro etuvchi hokimiyat — prezident (davlat boshlig’i) va Bosh vazir boshchiligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Milliy Konfederatsiya. Siyosiy partiyalar orasida eng obro’lisi hukmron Najot vatanparvarlik harakatidir.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Chad Afrikaning fuqarolar urushi, Liviya bilan nizolar, tez-tez bo‘ladigan qurg’oqchiliklar tufayli nochor ahvoldagi iqtisodga ega bo’lgan kambag’al davlatlardan biridir. Iqtisodining asosiy tarmog’i — 80% mehnatga layoqatli aholi band bo’lgan qishloq xo’jaligi (YIMning 45% i)dir. Paxta umumiy eksport hajmining 48% ini tashkil etadi. Sorgo, yeryong’oq, sholi, tariq, kartoshka, maniok ekiladi. Chorvachilik rivojlangan. Sanoat qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va to’qimachilik bilan chegaralangan. Asosiy savdo hamkorlari — Fransiya, Nigeriya, Kamerun, AQSH. Temiryo’llari yo’q, avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi — 31322 km (asosan tuproq yo’llar), ichki suv yo’llari uzunligi — 2000 km.
  Tarixi. IX asrning boshlarida hozirgi Chad hududida Kanem qirolligi tashkil topadi. XI asrda ushbu qirollik hukmdorlari islomni qabul qilishadi va o‘z hududla- rini kengaytirishadi. Chad ko’lidan g‘arbda XIV asrda vujudga kelgan Borno qirolligi XVI asrda Kanemni o‘ziga bo‘ysundiradi. XIX asrning oxirida hozirgi Chad hududi Sudan imperatoriga qaram bo‘ladi, keyinroq esa Fransiya bu hududlarni bosib oladi va 1910-yilda Chadni Fransuz Ekvatorial Afrikasi tarkibidagi mustamlaka deb e’lon qiladi. 1958-yilda fransuz hamdo‘stligi doirasidagi muxtoriyatni qo‘lga kiritgan. Chad 1960-yilning avgustida mustaqillikka erishadi. 1968-yilgi Milliy ozodlik fronti va hukumat o’rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng mamlakatga fransuz qo‘shinlari kiritiladi. Fransuz qo‘shinlari Chadni 1975-yilda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga general Mallum kelganidan so‘ng tark etishadi. 1973-yildan 1989-yilgacha Chad Liviya bilan o‘zining shimoliy hududlari uchun urush olib boradi. 1979-yilda Milliy ozodlik fronti va hukumat o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuziladi, lekin bu shartnoma tez orada buziladi va mamlakatda davlat to’ntarishlari bo‘lib turgan (1982- va 1990-yy.), natijada fuqarolar urushi boshlanadi va hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.