Mavrikiy 

2 901

  Rasmiy nomi — Mavrikiy Respublikasi. Poytaxti — Port-Lui. Hududi — 2040 km.kv. Aholisi – 1,2 mln kishi ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini — induizm (50%), xristianlik (32,2%), islom (16,1%). Pul birligi — mavrikiy rupiyasi.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Mavrikiy Hind okeanining g‘arbiy qismidagi orollarda joylashgan. Sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 177 km. Vulqonlar otilishi natijasida vujudga kelgan tepaliklar bu orollarda ko‘p bo‘lib, dengiz sathidan 826 m balandlikda joylash­gan. Yuqori nuqtasi — Pitondela-Ptit-Rivere-Nuar. Qirg‘oqlari korall riflari bilan qoplangan. Tabiiy resurslari deyarli yo‘q. Ishlov beriladigan yerlar — 54%, o‘rmon va changalzorlar 31% ni tashkil qiladi.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 10 ta rayonga bo‘lingan. Mavrikiy 1968-yili 12-martda Buyuk Britaniya hamdo‘stligidan mustaqillik oldi. 1992-yil 12-martgacha davlat boshlig‘i Buyuk Britaniya qirolichasi bo’lib keldi. Uning hokimiyatini general-gubernator amalga oshirar edi. 1992-yil 12-martda Mavrikiyda rasmiy ravishda respublika boshqaruvi shakli joriy qilindi. 12-martda ikkita milliy bayram — Mustaqillik kuni va Respublika kuni nishonlanadi. Ijroiya hokimiyat prezident (davlat boshlig‘i) va premyer-ministr (hukumat boshlig‘i) tomonidan, qonun chiqaruvchi hokimiyat esa bir palatali parlament — Xalq Yig‘ini tomonidan amalga oshiriladi. Yirik siyosiy partiyalari: Jangovar sotsialistik harakat, Mavrikiy jangovar harakati, Leyboristlar partiyasi, Mavrikiy ijtimoiy-demokratik partiyasi.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyotining nisbatan muhim tarmoqlari — shakar ishlab chiqarish, to‘qimachilik va turizm hisoblanadi. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari (tamaki, makkajo‘xori, kartoshka, sholi, maniok, banan yetishtirish) rivojlanganligiga qaramasdan shakarqamish asosiy ekin hisoblanadi va eksportdan keladigan foydaning 40% ini tashkil qiladi. Asosiy savdo hamkorlari — YI mamlakatlari, AQSH va JAR. Temiryo‘llari yo‘q, avtomobil yo’llari — 1800 km. Asosiy porti — Port-Lui.
  Tarixi. Mavrikiy 1505-yili portugallar tomonidan ochilgan edi, biroq XVII asrdan gollandlar boshqaruvi ostiga o‘tdi. 1715-yili bu orol fransuz mustamlakasiga aylandi va Il-de-Frans deb ataldi. 1810-yilda esa Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi. 1868-yilda mustaqil­lik olgan Mavrikiy 1992-yili Respublika deb e’lon qilin­di.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.