Stressga qarshi apelsin 

7 206

  Ma’lum bo’lishicha, apelsinda asab tizimi faoliyati me’yorda ishlashi uchun zarur bo’lgan biologik faol moddalar bor. Apelsindagi S vitamini, karotin va V guruhidagi vitaminlar uyg`unlashgan holda bo’lib, gipotalamusda odamni stressdan himoya qiluvchi gormonlar ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Organizmda bu vitaminlar yetarli bo’lganda zarurat tug`ilgan paytda organizmda noradrenalin — stress vaziyatlarda himoya reaksiyasini ishga tushiradigan va yaxshi kayfiyatni ta’minlaydigan modda ishlab chiqarila boshlaydi. Bunday vitaminlar yetishmaganda esa noradrenalin o’rniga ishonchsizlik va qo’rquv gormoni — adrenalin sintezlanadi.
  Apelsindagi biologik tarkib odam organizmidagi hujayralari membranalarini erkin radikallardan himoya qiladi. Membranada yetarli miqdorda himoyachilar — antioksidantlar  bo’lsa, bu dushman hujayraga ziyon yetkaza olmaydi. Oltinrang-malla bu meva tarkibidagi vitaminlar, bioflavonoidlar, marganets, magniy, rux kabi mikroelementlar  organizmda antioksidantlar vazifasini bajaruvchi enzimlar, ya’ni fermentlar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
  Apelsinda S vitamini ko’p bo’lgani uchun (6,6 mg foiz) uning ahamiyatini har bir odam salomatligi uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanini eslatib o’tmoqchimiz. Ayniqsa, qish va bahor paytida bu vitamin asab tizimi bilan uzviy bog`liq bo’lgan immun tizimini mustahkamlaydi. Gipertoniya bilan og`rigan bemorlarda S vitamini ta’sirida  qon tomirlarining chidamliligi va qa-yishqoqligi ortadi,  bu esa o’z navbatida infarkt va insultning oldini oladi.
 S vitamini kalsiy va temir almashinuvchiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, bu mikroelementlarning ichakda so’rilishini yaxshilaydi, kalsiyni eruvchi holatga, temir ionlarini esa ikki valent­li shaklga keltiradi va shu bilan hujayralar bo’linish jarayonini tezlashtirib, qarishni sekinlashtiradi.
  Odam organizmi S vitaminini ishlab chiqarmaydi va uni zarur miqdorda zaxira qilish xususiyatiga ham ega emas.  Agar odam hayvon oqsillari — go’sht, baliq, tvorog, tuxumni qancha ko’p iste’mol qilsa, organizmi shuncha ko’p S vitamini talab qiladi. Shu sababli bu taomlar bilan bir bo’lak limon yoki apelsin tanovul qilish foydadan holi bo’lmaydi. Chekadiganlar esa o’z salomatliklarini tiklab turish uchun to’yib apelsin yeyishlari kerak.
  S vitaminining (askorbin kislotasi) o’rtacha kundalik miqdori 100 mg dan iborat, ammo ko’pgina mutaxassislar biz yashayotgan noqulay ekologik sharoit tufayli bu miqdor 2-3 barobar oshirilishi kerak deb hisoblashmoqda. Miqdorning ortib ketishidan qo’rqmaslik kerak, ayniqsa, bu tabiiy mahsulot apelsindan olinadigan bo’lsa.
 Askorbin kislotasining sitrus mevalar, shu jumladan apelsin po’sti ostida to’planadigan rutin bilan biologik faol qo’shiluvi ham antistress hisoblanadi. Bundan tashqari, bu vitaminlar odam organizmini stressdan himoya qiladi, tomirlarni mustahkamlaydi, yurak ishini yaxshilaydi, qon bosimining pasayishiga zamin yaratadi.
  Organizmni bu moddalar bilan to’ldirish uchun apelsinni po’sti bilan yoki shakarlangan po’stini yeyish maqsadga muvofiq.
  Parhezshunos olimlarning fikricha, apelsin doimiy ovqatlanish ratsioniga kiritilishi kerak. Shu jumladan apelsinning o’zigina emas, uning sharbati ham juda foydali. Apelsin mevalari va uning yangi siqib olingan sharbati organizmdan ortiqcha xolesterinni chiqaradi, vitamin tanqisligida tavsiya etiladi, shuningdek gripp va yiringli yaralardan profilaktika qiluvchi samarali vosita sifatida qadr-lanadi.
  Apelsin efir moyidagi bioflavonoidlar depressiyani bartaraf etadi, shuningdek organizmning himoya kuchlarini oshiradi. Bu efir moyi apelsin mevasi po’stlog`i va apelsin daraxtining gullarini presslash usuli bilan olinadi. Apelsinli moy tinchlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi — tirishlarni, tomir tortishishlarni bartaraf etadi, organizmning infeksiyalarga qarshiligini oshiradi.
  Apelsin moyi bilan davolanganda uni ichga qabul qilish yoki aromaterapiya kurslarini o’tkazish mumkin. Apelsin efir moyidan 2-3 tomchisini 1 choy qoshiq asal yoki 1 stakan apelsin sharbatiga tomizib, bir kunda 2-3 marta qabul qilinadi.
  Nevrasteniya, neyrotsirkulyar distoniya, yurakning ishemik kasalligida (xuruj davrida emas) apelsin moyi ifori bilan to’lgan xonada har kuni ikki soat, I-II bosqichdagi gipertoniyada yarim soat bo’lish maqsadga muvofiq.
   Zarracha bo’lsa ham stress holatiga tushsangiz, apelsinli iforli vanna qabul qilish juda foydali. Bir stakan maydalangan apelsin po’stlog`ini qaynoq suvda damlab, tindiring va vanna uchun tayyorlangan suvga qo’shing (vannada suv harorati tanaga yoqadigan bo’lishi kerak). Vannada suvga 3-5 tomchi efir moyi qo’shib yuborsangiz foydaliligi yanada oshadi. Vanna 5-7 daqiqa qabul qilinadi. Agar siz hammom yoki saunaga boradigan bo’lsangiz, bir necha tomchi efir mo-yini bug` chiqaradigan suvga tomizib yuborsangiz bo’ladi.
  Shunday qilib, apelsinlar  asabni tinchlantiribgina qolmay, organizmning barcha funk-siyalarini, shu jumladan yurak va miya ishini faollashtiradi. Ammo apelsinning shifobaxsh xususiyatlari bu bilan cheklanib qolmaydi.
  Apelsin tarkibidagi pektin sog`lom odamlarda ham, qandli diabet bilan og`rigan bemorlarda ham qondagi qand miqdorini kamaytiradi. Shu sababli diabet bilan og`riganlar har kuni tabiiy apelsin sharbati ichishi kerak.
  Agar apelsinni nonushtadan yarim soat oldin yesangiz, ichak faoliyati yaxshilanadi, ayniqsa qabziyatda foyda bo’lib, gaz hosil bo’lishi kamayadi. Ammo oshqozon va o’n ikki barmoq ichak yarasi kasalliklarida, yuqori kislotalik bilan kechadigan gastrit hamda ichak yallig`lanish kasalliklarining xuruj paytida apelsin iste’moli ma’n qilinadi.
  Yangi yoki quritilgan apelsin po’stlog`idan tayyorlangan tinitma shamollash, yo’talda va ishtahani ochish uchun qo’llaniladi. Uni tayyorlash uchun 2-3 dona apelsinning po’stlog`ini termosga solib, ustidan yarim litr qaynagan suv quying. Bir soatcha tindirib, bir kunda 2-3 marta choy o’rnida iching.
  Apelsin po’stlog`i qaynatmasi klimaks davrida va hayz jarayonida ko’p qon ketganda bachadondan qon ketishini to’xtatadi (ammo bunday vaziyatlarda shifokor bilan maslahatlashib ish ko’rish kerak). Bir necha dona apelsin po’stlog`ini qaynating (1,5 litr suvdan qaynash jarayonida 0,5 litr suv qolishi kerak) va bir kunda 3 mahal 1-2 osh qoshiqdan iching.
  Depressiyaga qarshi apelsinli choy. 3 dona apelsin po’stlog`ini termosga solib, 0,5 litr qaynagan suv quying. Bir soatdan so’ng suzgichdan o’tkazib, bir kunda 2-3 marta choy kabi iching.
Apelsin quvvat beradi
  Surunkali quvvatsizlikda bosh miya faoliyatini yaxshilash uchun yarim piyola apelsin va olma sharbatini aralashtirib, 1 choy qoshiqdan maydalangan yong`oq va asal qo’shiladi. Ertalab va kechqurun 2 osh qoshiqdan ichiladi.
 Maza qilib apelsin yeyishdan tashqari uning yordamida davolanishni istaydiganlar mana bu qiziq faktni bilib qo’yganlari ma’qul. Gap shundaki, apelsin mevalari daraxtda bir yarim-ikki yil osilib turadi. Agar ularni qishgacha uzib olmasangiz, bahor kelishi bilan ular yana yashil tusga kiradi.
 Keyingi yozda ularning terisi qalinlashib, kuzda yana sarg`ayadi, go’yo ikkinchi marta yetiladi. Ushbu ikki yillik mevalar, yirik bo’lishiga qaramay, ta’mi va sifati bilan bir yillik apelsindan ortda qoladi. Shuning uchun terisi qalin apelsinlarni sotib olmang — ular eski bo’lishi mumkin.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.