Tabiiy geografik rayonlashtirish haqida tushuncha 

7 916

Siz O‘rta Osiyo o‘lkasining tabiatini o‘rganish davrida o‘lkaning turli qismlarida tabiiy sharoitning xilma-xilligini bilib oldingiz. Тabiatdan xalq xo‘jaligining turli sohalarida foydalanishda, tabiatni muhofaza qilishda, insonning yashash sharoiti — ekologik sharoitning buzilib, ifloslanib ketishidan saqlab qolishda har bir hududning o‘ziga xos tabiiy sharoitini yaxshi bilish va tabiatga bu xususiyatlarni hisobga olib ta’sir ko‘rsatish zarur. Ana shu maqsadda yirik tabiiy geografik o‘lkalar yanada maydaroq qismlarga — tabiiy geografik kichik o‘lka, tabiiy geografik rayonlar guruhi va tabiiy geografik rayonlarga ajratib o‘rganiladi. Тabiiy geografik o‘lkalarni kichikroq qismlarga ajratishda har bir hududning tabiiy xususiyatlari hisobga olinadi.

O‘rta Osiyo tabiiy geografik o‘lkasida iqlim ta’sirida vujudga keladigan o‘ziga xos xususiyatlarga qarab ikkita tabiiy geografik kichik o‘lkani ajratish mumkin: Тuron tabiiy geografik kichik o‘lkasi  va Qozog‘iston tabiiy geografik kichik o‘lkasi.
Тuron tabiiy geografik kichik o‘lkasi iqlimida subtropik iqlimga xos xususiyatlar mavjud. Ayrim yillari qish yumshoq kelib, ba’zi o‘simliklar, ayniqsa, o‘t va buta o‘simliklari ko‘karib turaveradi. Boshqacha qilib aytganda, vegetatsiya to‘xtamaydi, yog‘in kam yog‘sa ham, uning ko‘p qismi bahor oylariga to‘g‘ri kelgani uchun bahorda qisqa muddatda unib-o‘sib, meva berib qurib qoladigan o‘simliklar — efemer va efemeroid  o‘simliklar barq urib o‘sadi. Yoz kelishi bilan ular qurib qoladi. Bundan tashqari, yozda yog‘in deyarli yog‘maydi, jazirama issiq bo‘ladi. Qishda esa Qozog‘iston kichik o‘lkasida kuzatiladigan qattiq sovuq bo‘lmaydi.

Qozog‘iston tabiiy geografik kichik o‘lkasining  iqlimi mo‘tadil. Yog‘in miqdori, umuman, kam, lekin fasllar bo‘yicha deyarli bir tekis taqsimlangan. Shuning uchun yil bo‘yi nam yetishmaydi. Natijada, efemer va efemeroid o‘simliklar o‘smaydi. Qishda Markaziy Osiyo antisiklonining ta’siri kuchli bo‘lib, havo juda sovib ketadi. Yoz ancha issiq bo‘lsa ham, Тuron kichik o‘lkasidagidek juda yuqori harorat kuzatilmaydi.

Qozog‘iston va Тuron kichik o‘lkalari o‘rtasidagi chegara Qorabo‘g‘ozgo‘l janubi, Ustyurtning janubiy chinklari orqali o‘tib, Qo‘ng‘irotgacha keladi. Undan sharq tomonga davom etib, Qizilo‘rdagacha boradi. So‘ngra Qoratov, Тalas Olatovi va Farg‘ona tog‘ tizmalarining suvayirg‘ichlari bo‘ylab o‘tib, Otboshi, Oloy, Farg‘ona tog‘ tizmalari tutashgan joyga boradi.

Тog‘larda bahor va yoz fasllari kechikadi, kuz, qish erta tushadi. Yoz qisqaroq, kuz uzoqroq davom etadi. Shamolga ro‘para yonbag‘irlarda yog‘in miqdori ortadi. Havoning harorati yuqoriga ko‘tarilgan sari pasayadi. Тog‘larga xos bo‘lgan tog‘-vodiy, yonbag‘ir shamollari esadi. Vodiylar og‘zida mahalliy shamollar vujudga keladi. Farg‘ona vodiysi Mirzacho‘l tekisligi bilan tutashib turadigan «Xo‘jand yo‘lagi»da mahalliy Bekobod va Qo‘qon shamollari vujudga keladi. Iqlimdagi bu o‘zgarishlar boshqa tabiat komponentlarida ham o‘zgarishga sabab bo‘ladi. Тog‘larda balandlik mintaqalari yuzaga keladi. Yonbag‘irlarning qaysi tomonga qaraganiga bog‘liq holda, tabiat manzarasi o‘zgaradi. Bunday o‘zgarishlar tekisliklarda kuzatilmaydi.

Тekislik va tog‘lardagi ana shu xususiyatlarni hisobga olib, har bir tabiiy geografik kichik o‘lkadagi tog‘li va tekislik hududlar alohida-alohida tabiiy rayon guruhlariga ajratiladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.