Argentina
Rasmiy nomi — Argentina Respublikasi. Poytaxti — Buenos-Ayres. Hududi — 2778417 km.kv. Aholisi – 41,6 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — ispan. Dini — katolik. Pul birligi — pyeso.
Geografik joylashuvi va tabiati. Janubiy Amerikaning janubiy qismida joylashgan. Janubda va g‘arbda Chili (chegara uzunligi — 5150 km), sharqda Braziliya (1224 km) va Urugvay (579 km), shimolda Boliviya (832 km) va Paragvay (1880 km) chegaradosh. Sharq va janubda Atlantika okeani joylashgan. Urugvay va Buyuk Britaniya bilan hududiy kelishmovchiliklar mavjud. Chili va Argentina chegarasida And tog‘lari mavjud. Janubiy Amerikaning eng baland cho’qqilari — Akonkagua tog‘i (6959 m), Mersedario tog‘i (6770 m). Tinch oqar daryo va o’simliklarga boy Gran-Chako tekisligi; Parana va Urugvay daryolari o‘rtasidagi Argentina Mesopotamiyasi; Patagoniya cho’llari Argentinaning shimolidan janubigacha joylashgan. Yirik daryolari: Parana, Paragvay, Rio-Salado, Rio-Kolorado. Foydali qazilmalari — qo‘rg‘oshin, rux, qalay, mis, temir rudasi, neft, uran. Haydaladigan yerlar — 9%, o‘tloq va yaylovlar — 52%, o‘rmon va butazorlar hududning 22% ini egallagan.
Iqlimi — tropik, subtropik va mo‘tadil. Mamlakat qarag‘ay, kedr, evkalipt, palma kabi daraxtlarga boy. Argentina shimolida maymunlar, puma va yaguarlar, otselot va tapirlar ko‘p. Qushlardan — to‘tiqush, flamingo va kolibri uchraydi. Sharqdagi pampaslarda tulkilar, yovvoyi mushuklar, kiyiklar ko‘p.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Ma’muriy-hududiy bo`linishi: 22 provinsiya, 1 milliy hudud va poytaxt federal okrugi. 1816-yil 9-iyulda Ispaniyadan mustaqil bo‘lib ajrab chiqqan. Milliy bayramlari: 25-may — May inqilobi kuni (1810) va 9-iyul — Mustaqillik kuni. Davlat va hukumat boshlig‘i — prezident. Parlamenti ikki pala- tali — yuqori (Milliy kongress) va quyi (Deputatlar palatasi). Nufuzli siyosiy partiyalari: Xustitsialistlar partiyasi (XP), Fuqarolar radikal ittifoqi (FRI), Demokratik markaz ittifoqi (DMI), Konservativ partiya.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Sanoatning asosiy sohalari: oziq-ovqat, avtomobil, to‘qimachilik, kimyo va neftkimyo, metallurgiya, matbuot. Qishloq xo‘jaligi (bunga baliq ovi ham kiradi) YMM 8% ini beradi. Yetishtiriladigan asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari — bug‘doy, sorgo, soya, shakarqamish. Argentina bug‘doy va mol go‘shti eksport qiluvchi dunyodagi 5 eng yirik davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatga mashina va asbob-uskunalar, ximikatlar, metall, yonilg’i va h.k. import qilinadi. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH, Braziliya, Germaniya, Boliviya, Yaponiya, Italiya.
Temiryo‘llari uzunligi — 34572 km, avtomobil yo‘llari — 208350. Dengiz portlari: Buenos-Ayres, La- Plata, Banya-Blanka.
Tarixi. Argentina ispaniyalik Dias de Solis tomonidan 1516-yilda kashf etilganda, bu yerda kam sonli hindu qabilalari yashaganlar, 1536-yilda asos solingan Buenos-Ayres hududi Peru vitse-qirolligiga qo‘shib olingan edi. Hozirgi kunda Argentina, Paragvay, Urugvay va Boliviya joylashgan hududda 1776-yili La-Plata vitse-qirolligi tashkil topgan. 1810-yilda qo‘zg‘olon ko‘targan kreol aholisi vitse-qirolni taxtdan ag‘darib La-Plata birlashgan provinsiyalar mustaqilligini e’lon qiladi. 1816-yilda ispan qo‘shinlari uzil-kesil mag‘lubiyatga uchraydilar. 1826-yilda La-Plata birlashgan provinsiyalari Argentina Federativ Respublikasi deb ataladi. XX asrda bir qator harbiy to‘ntarishlar amalga oshirilib, oqibatda hokimiyatga 1946-1955 va 1973-1974-yillarda Argentinada hukmronlik qilgan X.D.Peron keladi. 1982-yilda Malvin (Folklend) orollari masalasi bo‘yicha harbiy to‘qnashuvda Buyuk Britaniyadan mag‘lubiyatga uchragan Argentinada harbiy xunta ag‘darilib, 1983-yildan hokimiyat tepasiga fuqarolik hukumati keladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.