Geografik kashfiyotlar va hozirgi zamon geografiyasi 

24 359

 Inson hayoti tabiat bilan bog‘liq bo‘lgani uchun kishilar qadim zamonlardanoq o‘zlari yashagan joy tabiatini yaxshi bilishga harakat qilishgan. Keyinchalik uzoqroq joylarga ham borishgan. Qayiqlar, yelkanli kemalar yasab, ularda dengizlarda suzishgan. Yangi yerlarni ko‘rishgan. Yozish va chizishni o‘rganib olishgandan keyin esa borgan joylari tabiatini, odamlarning yashash tarzini tasvirlab yozishgan. O‘zlari yashaydigan joyning hamda borgan yerlarining eng sodda xarita larini chizishga urinishgan. Shu yo‘l bilan geografik ma'lumotlar to‘plana borgan. Savdo aloqalarining o‘sishi, harbiy yurishlar, uzoq o‘lkalarga sayohatlar Yer haqidaga bilimlarning ko‘payishiga yordam bergan.

 Qadimgi kishilar bundan 7 ming yil ilgari Yerning shaklini chizmada tasvirlashga harakat qilishgan. Lekin Yerning shaklini odamlar turli joyda turlicha tasavvur qilishgan. Dengiz bo‘yida yashaydigan odamlar Yerni nahang baliqlar ko‘tarib turadi, deb o‘ylasalar, cho‘lda yashaydigan kishilar Yerni toshbaqalar ko‘tarib yuradi, deb faraz qilishgan. Yana bir toifa odamlar Yerni fillar ko‘tarib yuradi deb, boshqalari esa ho‘kiz shoxida ko‘tarib turadi, deb fikr yuritishgan.

 Yerni sharsimon, yumaloq bo‘lsa kerak, degan tasavvurning yuzaga kelganiga 2400 yilcha vaqt bo‘ldi. Bunga qadimgi kishilarning kuzatishlari dalolat berib turar edi. Masalan, kema qirg‘oqdan uzoqlashib ketayotganida ufqdan pastga tushishi, kelayotganda esa ufq ortidan ko‘tarilib chiqishi, Oy tutilganda Yerning Oyga tushgan soyasining doira shaklida ko‘rinishi Yerning yumaloq-sharsimon ekanini anglatar edi.

Dunyo xaritasini tuzishga urinishlar
  Eramizdan avvalgi III asr da qadimgi yunon olimi Eratosfen Yerning kattaligini ancha aniq o‘lchagan. U dunyoning birinchi xaritasini tuzgan. Uning xaritasida Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Osiyoning g‘arbiy qismlari tasvirlangan. Eramizning II asrida bu xaritaga nisbatan ancha mukammalroq xaritani Ptolemey tuzgan. Unda Yevropa va Osiyoning katta qismi hamda Afrikaning shimoli tasvirlangan.

 Bizning bobokalon olimlarimizdan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariylar ham geografiyaning rivojiga katta hissa qo‘shishgan va dunyo xaritalarini tuzishgan. VIII asr oxiri - IX asr boshida yashab, ijod qilgan Muhammad al-Xorazmiy Yerning sharsimon ekanligini aytib bergan. X asr oxiri XI asrning birinchi yarmida yashagan Abu Rayhon Beruniy Yerning birinchi modeli - globusni yasagan va asarlarida Yer sharining narigi tomonida ham quruqlik borligi haqida yozib qoldirgan. Dunyo xaritasini tuzgan. Mahmud Qoshg‘ariy (XI asr) «Devonu lug‘otit turk» asarida ko‘p geografik joy va terminlarga izoh yozgan, dunyo xaritasini ishlagan.

 O‘rta Osiyolik Nosir Xisrav (1004-1088 yy.) Janubi-G‘arbiy Osiyo va Shimoli-Sharqiy Afrikaga sayohat qilib, juda ko‘p geografik ma'lumotlar to‘plagan. Yetti yil davom etgan ikkita sayohatida 15 ming kilometr (km) dan ortiq yo‘lni bosib o‘tgan.

  1492-yilda Xristofor Kolumb boshchiligidagi ekspeditsiya Hindistonga dengiz orqali yo‘l topish maqsadida Ispaniyadan g‘arbga tomon suzib ketadi. U Atlantika okeanini kesib o‘tib, Amerika qirg‘oqlariga yetib bordi. Portugallar taxminan shu vaqtda Afrikani aylanib, Hindistonga borishdi.

 Zahiriddin Muhammad Boburning (1483-1530 yy) «Boburnoma» kitobida Farg‘ona vodiysi, Afg‘oniston, Hindiston tabiati haqida ko‘plab muhim ma'lumotlar to‘plangan.

1519-1522-yillarda Fernando Magellan boshchiligidagi ispanlar ekspeditsiyasi kemalarda Dunyoni g‘arbdan sharqqa aylanib chiqdi. Tinch okeanni kesib o‘tdi. Natijada Yerning sharsimonligi isbotlandi, Yer yuzining katta qismini suv qoplab yotishi aniqlandi.

  1821-yilda rus dengizchi sayyohlari eng uzoqda joylashgan, muzlar bilan qoplanib yotgan Antarktida materigini kashf etishdi.

Hozirgi zamon geografiyasi
  Yer yuzining ko‘p joylari ana shunday jasur sayohatchilar tomonidan kashf qilindi va o‘rganildi. Hozirgi vaqtga kelib Yer yuzida aniqlanmagan, xaritaga tushirilmagan joy qolmagan. Biroq Yer yuzi tabiatining barcha xususiyatlarini, ayrim tabiiy hodisalarni, ularning sabab va oqibatlarini olimlar yetarlicha tushuntirib berganlari yo‘q. Shuning uchun geograf olimlar Yer yuzasini, uning tabiatini yanada mukammal o‘rganishni davom ettirishmoqda. Ular quruqlik va okeanlardagi har xil ekspeditsiyalarda qatnashib, muhim kuzatishlar, tajribalar o‘tkazishmoqda. Geograflarning tadqiqotlari natijalaridan xalq xo‘jaligining turli sohalarida keng foydalaniladi, ilgarigi xaritalarga aniqliklar kiritiladi, yangi xaritalar tuziladi.

 Hozirgi vaqtda geograflar o‘zlarining tadqiqotlarida hisoblash texnikasidan, kompyuterlardan, kosmik suratlardan samarali foydalanishmoqda. Endilikda Yer yuzasidagi har bir nuqtaning aniq koordinatlarini Yerning sun'iy yo‘ldoshlari yordamida aniqlash mumkin.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.