Eritreya 

6 049

 Rasmiy nomi — Eritreya davlati. Poytaxti — Asmera. Hududi – 117,6 ming km.kv. Aholisi – 5 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — arab, tigre. Dini — islom, xristian. Pul birligi — efiopiya biri.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Sharqiy Afrikadagi davlat. G‘arbda va janubda Efiopiya (chegaraning uzunligi — 912 km), shimolda va shimoli g’arbda Sudan (605 km), janubi sharqda Jibuti (113 km) bilan chegaradosh. Sharqda mamlakat Qizil dengiz bilan tutashgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 1630 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 1151 km. Eritreya togii mamlakatdir. Uning hududi Efiopiya tog‘ligining bir qismi hisoblanadi. G‘arbda tog‘lik sekin-asta pasayib Sudan tekisligiga aylanadi. Sharqda esa sohilbo’yi tekisligi joylashgan. Eritreyada oltin, mis, temir, nikel, xrom, titan, neft konlari bor. Haydaladigan yerlar mamlakat hududining 3%ini, yaylov va o‘tloqlar 40% ini tashkil etadi. Iqlimi — quruq va issiq. O‘simlik dunyosini cho‘l o‘simliklari tashkil etadi. Hayvonot olami timsoh, tuyaqush, burgut, marabu, kalxat va turli dengiz baliqlaridan iborat.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Eritreya o‘z mustaqilligini 1993-yilning 24-mayida e’lon qilgan (avval Efiopiyaning bir qismi). Milliy bayramlari: 24-may — Mustaqillik kuni va 1-sentabr — Mustaqillik uchun qurollangan kurash boshlangan kun (1961).. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Eritreya Milliy Assambleyasi. Yagona siyosiy partiya — Eritreyani ozod qilish milliy fronti.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Eritreya jahonning iqtisodiy jihatdan kam taraqqiy etgan davlatlaridan biridir. Iqtisodining asosiy tarmog‘i aholi- ning 60% i band bo’lgan qishloq xo’jaligidir (YIMning 50%i, eksportning 70%i). Sanoatining rivojlangan tarmoqlari: neftni qayta ishlash, yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik, teri-poyabzal, tikuvchilik, oziq-ovqat. Portlari: Aseb, Massaua.
  Tarixi. Eritreya eramizgacha vujudga kelgan efiop qirolligi — Aksum tarkibiga kirgan. 1890-yildan Italiya mustamlakasi. 1941-yildan BMT mandatiga ko‘ra Buyuk Britaniya tomonidan boshqarilgan. 1952-yilda Eritreya federatsiya a’zosi sifatida efiop imperiyasi tar­kibiga kirgan. 1962-yilda, Efiopiya Eritreyani provinsiya deb e’lon qilgandan so’ng, mamlakatda mustaqillik uchun harakat boshlanib, bu harakat 1975-yilda keng miqyosga ko’tariladi. Eritreyalik qo‘zg‘olonchilar hukumat qo’shinlaridan ustun kelgach, 1993-yilda Eritreya referendum natijalariga ko‘ra mustaqil bo‘ldi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.