Yuklanmoqda...

Buxoro-Navoiy iqtisodiy-geografik rayoni 

1082

  Iqtisodiy geografik o'rni va tabiiy boyliklari. Bu iqtisodiy geografik rayon Buxoro va Navoiy viloyatlari hududidan iborat. Maydonining kattaligi jihatidan Quyi Amudaryo iqtisodiy geografik rayonidan keyinda turadi. Uning hududi respublikadagi to'rtta iqtisodiy geografik rayonga va Qozog'iston bilan Turkmaniston respublikalariga tutashib turadi. Bularni barcha turdagi transport o'zaro bog'laydi.
 Maydonining 90 foizi tekislik (Qizilqum cho'li)dan iborat. U qorako'lchilik uchun ahamiyatlidir. Tekislik markazida Tomditog' (eng baland cho'qqisi 922 m), Bo'kantog', Ovminzatog', Quljuqtog' qad ko'tarib turadi. Tekislikning sharqida Nurota, Oqtog', Qoratog'larning g'arbiy qismi joylashgan. Bular ham iqtisodiyotda muayyan ahamiyat kasb etadi. Zarafshon vodiysining quyi qismlari obikor dehqonchilik uchun qulay.  Iqtisodiy geografik rayon iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o'rtacha harorati shimolda – 8°C, janubda -2°C, iyulning o'rtacha harorati esa 27°C dan 31°C gacha, yoz issiq va quruq. O'simlik o'sadigan davr haroratining yig'indisi shimolda 3000°C ni, janubda esa 5000°C ni tashkil etadi. Yog'in nihoyatda kam, yillik yog'in miqdori 100-300 mm, xolos. Qor qoplami yupqaligi yaylov chorvachiligiga qo'l keladi. Cho'lda yerosti suvlaridan chorvachilikda, kichikroq joylarda esa sabzavot yetishtirishda foydalaniladi. Tez-tez garmsel shamoli xuruj qilib, o'simliklarni qovjiratib ketadi.
  Suv muammosini hal qilish uchun Zarafshonning o'rta qismida Quyimozor suv ombori, Amu-Qorako'l va Amu-Buxoro mashina kanallari ishga tushirilgan. Suvni 64 metr balanddagi bu kanallarga qudratli nasoslar ko'tarib beradi. Suv omborga va undan kanallar orqali Buxoro vohasini sug'orishga sarflanadi.
  Buxoro-Navoiy iqtisodiy geografik rayonida xilma-xil mineral boyliklar ko'p. Jumladan, Gazli, Uchqir, Qorovulbozor, Sortosh tabiiy gaz konlari, Kogon yaqinida neft koni, Muruntov oltin koni, nodir metallar, tuzlar, oltingugurt konlari, qurilish materiallari va mineral bo'yoq konlari mavjud. Bu boyliklar iqtisodiy geografik rayonda energetika, rangli metallurgiya, kimyo hamda qurilish materiallari sanoatlarini rivojlantirish uchun baza hisoblanadi.
  Aholisi. Iqtisodiy geografik rayon aholisining ko'payish sur'ati mamlakat aholisining o'rtacha o'sishiga yaqinlashadi. Aholi hudud bo`ylab juda notekis joylashgan. Ayniqsa, cho`l mintaqasida aholli o`ta siyrak.
  Xo'jaligi va uning hududiy tashkil etilishi. Buxoro-Navoiy iqtisodiy geografik rayonida agrosanoat majmui tarkib topib bormoqda. Sanoat ko'p tarmoqlidir. Buxoro-Navoiy iqtisodiy-geografik rayonining energetika, rangli metallurgiya, neftni qayta iashlash, gaz-kimyo, neft kimyosi, qurilish, yengil va oziq-ovqat kabi tarmoqlari jadal rijovlanmoqda.
  Qorovulbozor shahrida yiliga 5 mln tonna neftni qayta ishlaydigan korxonaning ishga tushirilishi rayonda iqtisodiyotning yangi iqtisodiy sohasini vujudga keltirmoqda. Korxona mamlakatimiz neft mahsulotlariga bo'lgan ehtiyojning yarmini qondira oladi.    
  Iqtisodiy geografik rayon hosil etilayotgan elektr energiya miqdoriga ko'ra Toshkent va Mirzacho'l iqtisodiy geografik rayonlaridan keyin uchinchi o'rinda turadi. Elektr quvvati asosan Navoiy GRESidan olinmoqda, GRES tabiiy gaz bilan ishlaydi. Gaz sanoati bo'yicha rayon yaqin yillargacha O'zbekistonda yetakchi o'rinda edi. Qashqadaryodagi Sho'rtan gaz koni ishga tushirilgach, ikkinchi o'ringa tushib qoldi. Kimyo sanoati tabiiy gaz va boshqa mineral xomashyoga tayanadi. Buxoro-Navoiy hududiy ishlab chiqarish majmuining asosiy tarmoqlaridan biri yengil sanoatdir. Yengil sanoatning 50 ga yaqin korxonalari bo'lib, iqtisodiy geografik rayon yalpi mahsulotining 40 foizini ishlab chiqaradi.
  Qishloq xo'jaligi paxtachilik va qorako'lchilikdan iborat. Yurtimizdagi yaylovlarning yarmidan ko'pi shu rayonda. Yaylovlar mahsuldorligini oshirish uchun fitomeliorativ tavsiyalar tayyorlovchi 6 ta o'rmon xo'jaligi va 1 ta o'rmon-melioratsiya stansiyasi ishlab turibdi. O`zbekistondagi qorako`l qo`ylarining va tuyalarning yarmidan ko`pi shu iqtisodiy-geografik rayonda boqiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash