Yuklanmoqda...

Samarqand iqtisodiy-geografik rayoni 

2327

  Maydoni 16,8 ming km.kv. Aholisi 3 million 380 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati). Samarqand viloyatida 14 ta tuman, 11 ta shahar va 88 ta shaharcha mavjud.
 Iqtisodiy geografik o'rni va tabiiy boyliklari. Bu iqtisodiy geografik rayoni O'zbekistonning markaziy qismida joylashgan bo'lib, Samarqand viloyati hududidan iborat. U aholi soni hamda yalpi sanoat mahsuloti bo'yicha mamlakatimizda yetakchi o'rinlardan birida turadi (xaritadan mazkur rayonning chegaralarini aniqlang). U tabiiy geografik o'rniga ko'ra Zarafshon vodiysining o'rta qismiga to'g'ri kelib, uch tomondan Nurota, Turkiston va Zarafshon tizma tog'lari bilan o'ralgan. Tog' tizmalari shimoldan esadigan sovuq havo oqimini birmuncha to'sadi. Yog'in ko'proq (250-800 mm) yog'adi. Sho'rxok maydonlar deyarli yo'q. Bo'z va o'tloq-allyuvial tuproqli yerlar kattagina maydonni tashkil etadi. 
  Iqtisodiy geografik rayon hududidan oqib o'tuvchi Zarafshon daryosi suvni muz va qorlardan oladi. Shunga ko'ra Zarafshon daryosi sug'orishga ehtiyoj katta bo'lgan yoz oylarida to'lib oqadi. Suvdan yanada samarali foydalanishni ko'zlab, daryoning o'rta oqimida Kattaqo'rg'on suv ombori, quyi oqimida esa Quyimozor suv ombori barpo etilgan. Shu bilan birga Eski Anhor kanali orqali Zarafshon suvi (Darg'om kanalidan) Qashqadaryo viloyatiga oqizilmoqda. Xullas, suvdan xo'jalikda to'la foydalanish bo'yicha O'rta Osiyoning bironta daryosi Zarafshonga tenglasha olmaydi. Uning 90 foiz suvi sug'orishga sarflanadi. 
  Adirlar qisman haydalgan, unga g'alla ekiladi. Tog'larda yog'ingarchilik yetarliligidan o'tloqlar ham ko'p. Chorva yozda shu yerlarda boqiladi. O'simliklarning o'sish davri cho'l bilan adirda bir vaqtga to'g'ri kelmasligidan qorako'l qo'ylarini yil bo'yi yaylovda boqish mumkin. Iqtisodiy geografik rayonning tabiiy sharoiti mevali daraxtlar o'stirish uchun ham qulay. Bu yerda shirindan shakar gilos, o'rik, shaftoli erta pishadi. 
  Iqtisodiy geografik rayonda mineral boyliklar ham ko'p. Bu yerda nodir metallar (Ingichka, Zarmitan koni), binokorlik materiallari (marmar, ohak, granit, mergel, grafit), mineral bo'yoqlar, asbest konlari topilgan. Xullas, rayonning yuksalishida uning tabiiy va iqtisodiy geografik o'rnidagi qulayliklar qatori tabiiy sharoiti va boyliklari ham talay imkoniyatlar yaratadi.
  Aholisi. Rayon aholisining 3/5 qismi qishloqda yashaydi. Butun aholi sonida mehnatga yaroqli kishilar salmog'i mamlakatdagi o'rtacha ko'rsatkichdan kam bo'lsa-da, lekin ishchi kuchlari iqtisodiyotni yuksaltirish uchun keragicha topiladi. Tabiiy sharoit va xo'jalik yuritishdagi tafovutlarga muvofiq aholi joylashuvida ham tafovut yaqqol ko'zga tashlanadi. Inson faoliyati uchun eng qulay Zarafshon vodiysida aholi nihoyatda zich yashaydi. Bu yerlarda bir km.kv ga 150 va undan ortiq kishi to'g'ri keladi. Adirlarda va tog'larda har bir km.kv ga 5-10 kishi to'g'ri keladi. 
 Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: donchilik, paxtachilik,, bog`dorchilik, uzumchilik, go`sht-sut chorvachiligi, qorako`lchilik, ipakchilik.
  Sanoatning asosiy tarmoqlari: rangli metallurgiya, mashinasozlik (avtomobilsozlik), yengil va oziq-ovqat.
 Xo'jaligi. Samarqand iqtisodiy geografik rayoni hududida aholi qadimdan obikor dehqonchilik bilan shug'ullanib kelgan. Dehqonchilik bilan birga savdo va hunarmandchilik ham taraqqiy etgan. Temiryo'l qurilgach, Samarqand iqtisodiy geografik rayonidagina emas, balki butun O'rta Osiyoning xo'jalik hayotida jonlanish yuz berdi. Endilikda rayonning agrosanoat majmui barcha iqtisodiy geografik rayonlardagi kabi yuksak darajada rivojlangan. 
  Rayonda sanoat yetakchilik qiladi. Og'ir sanoat tarmoqlaridan mashinasozlik va metallsozlik, kimyo tez rivojlanmoqda. Samarqand shahrida 1999-yili yuk tashish va sayyohlarga xizmat ko'rsatadigan 4 turdagi mashinalarni ishlab chiqaruvchi «SamKochavto» zavodi ish boshlagan edi. Hozirda mazkur zavod «SamAvto» deb nomlangan bo'lib, u yerda «Isuzu» rusumli mikroavtobuslar hamda yuk mashinalari ishlab chiqarilmoqda. 
  Yengil sanoatning 50 ga yaqin korxonasi ishlab turibdi. Oziq-ovqat sanoati mahalliy xomashyolardan konserva va sharob, o'simlik moyi, tamaki, sut va go'sht, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaradi. Samarqand hududiy-ishlab chiqarish majmuida qishloq xo'jalik alohida o'rin tutadi. Dehqonchilik qishloq xo'jaligi yalpi mahsulotining 75 foizini beradi. Dehqonchilikning yetakchi tarmog'i bu rayonda ham paxtachilikdir. Boshqa texnik ekinlardan tamaki, kunjut, zig'ir va safsar (maxsar) yetishtiriladi. 
  Urgut tumani tamaki yetishtirishga ixtisoslashgan. Bu yerda mamlakatdagi tamakining 96 foizi yetishtiriladi. Bahorikor yerlarda bug'doy va arpa ekiladi. Bog'dorchilik va uzumchilik tarmoqlari yuksak taraqqiy etgan. Shaharlar atrofidagi jamoa va shirkat xo'jaliklarida, aholining tomorqa yerlarida ko'plab turli xil sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi. 
  Mamlakat aholisining 11 foizi yashaydigan bu viloyatga mevali daraxtlarning 15 foizi va tokzorlarning 30 foizi to'g'ri keladi. Chorvachilik agrosanoat majmuining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Qoramollar soni jihatidan iqtisodiy geografik rayon mamlakatda birinchi o'rinni egallaydi, qorako'lchilikda esa uchinchi o'rinda turadi. Bu yerda qorako'lchilikni rivojlantirish choralarini tadqiq etuvchi ilmiy tadqiqot instituti bor.
  Transporti. Viloyat hududidan ikkita temiryo’l o’tadi. Toshkent-Turkmanboshi (sobiq Krasnovodsk), Toshkent-Dushanbe temiryo’lida asosan tranzit yuklar tashiladi. Rayonda avtomobil yo’llari ko’p, ular orqali temiryo’lga va bir viloyatdan boshqa viloyatga yuklar tashiladi. Havo transporti mamlakatning barcha yirik shaharlarini hamda xorijiy davlatlarni bog’laydi. Quvur transporti va elektr uzatgich liniyalari ko’p tarmoqli. Rossiya Federatsiyasiga paxta tolasi, paxta moyi, ho’l meva, uzum, mayiz va qorako’l terilari yuboriladi. Mineral o’g’it, tamaki, choy, poyabzal, shoyi va boshqa iste’mol mollari barcha qo’shni viloyatlarga va O’rta Osiyo davlatlariga ham chiqariladi. Viloyat asosan, yog’och-taxta, g’alla, shakar-qand, mashinalar, ko’mir, neft, neft mahsulotlari hamda keng iste’mol mollari oladi. Viloyat hududiy ishlab chiqarish majmui tarkibida Samarqand, Kattaqo’rg’on sanoat tugunlari tarkib topgan.
  Shaharlari. Samarqand shahri. U Zarafshon daryosining o’rta qismida joylashgan bo’lib, dunyodagi juda qadimiy shaharlardan hisoblanadi. Arxeologik izlanishlar natijasi shaharning yoshi 2750 ekanligi aniqlandi. Geografik o’rnining qulayligidan Samarqand o’rta asrlarda O’rta Osiyoning muhim savdo markazlaridan biriga aylandi. Hindiston, Eron va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan olib borilgan savdo aloqalari shaharning iqtisodiy hamda madaniy jihatdan yuksalishiga ta’sir ko’rsatdi. O’sha davrlardayoq zargarlik buyumlari, kulolchilik bo’yoqlari, ipak va ip-gazlamalar ishlab chiqarish va kashtachilik yaxshi rivojlandi. Qog’oz va duxobalar ishlab chiqarishni samarqandliklar bundan ming yil burun keng yo’lga qo’ygan edilar. 
  Amir Temur va temuriylar davri (XV-XVII asrlar) da Samarqandda hashamatli machit, madrasa, maqbara va saroylar qurildi. Ular Hindiston, Misr, qadimgi Yunoniston va Rim me’morchiligining noyob yodgorliklari qatorida umumjahon ahamiyatiga egadir. O’rta asr shoir va olimlari Samarqandni «sayqali ro’yi zamin» deb ulug’laganlar.
  1999-yilda Samarqanddan shimoldagi Chelak shahrida buyuk hadisshunos olim imom al-Buxoriyga bag’ishlab me’moriy majmua barpo qilindi.
  1924-1930-yillarda Samarqand shahri O`zbekistonning poytaxti bo`lgan. Hozirda ham Samarqand mamlakatning yirik sanoat tuguni sifatida ham, madaniyat markazi sifatida ham ahamiyatlidir.
  Samarqand bilan Jomboy, Juma va boshqa shaharchalar ishlab chiqarish bo’yicha bog’liq. Shahar qishloq xo’jaligi rivojlangan hudud markazida joylashganidan unda qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan ulkan korxonalar ko’p.
  Samarqand mamlakat fan va madaniyatining yirik markazidir. Shaharda universitet, 6 ta oliy va 17 ta o’rta maxsus o’quv yurti bor. Shahar tarixi Ro’dakiy, Navoiy, Xo’ja Ahror, Bobur, Jomiy, Ulug’bek, Ahmad Donish, Abu Lays Samarqandiy singari olimlar, yozuvchilar, mutafakkirlar nomlari bilan bog’liq. Shahar xo’jaligining yuksalishi bilan aholisi ham tez ko’paymoqda. So’nggi 70 yil ichida uning aholisi 3 baravar ko’paydi. Aholining o’sish sur’atlari jihatidan Samarqand Qo’qon, Namangan va Andijon kabi shaharlardan oldinda turardi.
  Kattaqo’rg’on (aholisi 81 ming kishi) viloyatda Samarqanddan keyingi ikkinchi o’rinni egallagan sanoat tuguni va madaniyat markazidir. Shahar yonidan Samarqand-Buxoro temiryo’li o’tadi. Shaharda Kattaqo’rg’on paxta tozalash mashinasozligi zavodi, motor tuzatish, paxta va g’isht zavodlari hamda mahalliy sanoat korxonalari bor. Moy eritish va go’sht kombinatlari hamda yiliga 2 million jo’ja ochiriladigan broyler fabrikasi oziq-ovqat sanoatining respublikadagi yirik korxonalari hisoblanadi. Moy eritish kombinati mamlakatdagi eng yirik korxonalardan biridir. Sanoat korxonalarini katta IEM elektr energiya bilan ta’minlaydi.
 Cho’ponotada cherepitsa, sopol quvurlar hamda tarixiy obidalarni tiklashda ishlatiladigan sopol plitalar ishlab chiqariladi. Ularga zarur xomashyo - maxsus tuproq shu yerda mavjud.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash