Toshkentdagi eng so'lim 10 ta dam olish maskani
My Day "Sirli
O'zbekiston" va kun.uz jamoasi hamkorlikda dam olish kunlarida hordiq
chiqarish uchun eng maqbul bo'lgan maskanlar ro'yxatini taqdim etdi.
1. Urungach nefrit
ko'llari

Ugam-Chotqol milliy parki
hududi o'zining shaffof ko'llari va so'lim daraxtlari bilan ajoyib tabiiy
manzara kashf qiladi. Urungach nefrit ko'llari milliy parkning gavhari
hisoblanadi. Urungachning quyi va yuqori ko'llari bo'ylab sayohat qilar
ekansiz, tiniq suvlarda suzish, to'g'ongacha sayr qilish va yuqori ko'l
suvlarida aks etuvchi qoyalar bilan tanishish mumkin.

Shahargacha bo'lgan masofa: 150
kilometr
2. Ispay darasi

Ispaysoy Qorabuloq postidan o'tganda joylashgan. Bu yerda Ispay
daryosining suvida zavq olib cho'milish mumkin. Mahalliy aholi mehmonxona
uylariga joylashish, shuningdek sharsharagacha otda sayr qilishni taklif
qiladi.
Pskom tizmasidagi muzliklar va tog'
yo'llarining ko'pligi bu hududni tog' turizmi uchun qulay qiladi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 130
kilometr
3. Marmar daryo darasi

Marmar daryosi - Beldirsoy yaqinida joylashgan mashhur dam olish
maskani. Beldirsoyning osma doriga yetmasdan chapga qayirilganda, biroz yayov
yurilib, Marmar daryosining birinchi katta sharsharasi oldidan chiqiladi.
Sharsharaning chap tomonidan aylanib o'tib, yuqoriga ko'tarilganda,
ajoyib dam olish maskanlari mavjud. Sershovqin soy, yashil daraxtlar va ko'plab
suzish havzalari - Marmar daryosi o'z mehmonlarini shunday kutib oladi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 75
kilometr
4. Parkentsoy bo'ylab sayr

Bu Toshkentga eng yaqin joylashgan ajoyib tosh darali manzaraga ega
ko'rkam maskan. Bu yerda "Kumushkon” dam olish uyiga joylashib, mazmunli hordiq
chiqarish mumkin. Buloq, soy, qoyalar – bularning hech biri sizni befarq
qoldirmaydi. Oqim bo'ylab yuqoriga harakatlanib, sharsharalar chekkasiga borib
ajoyib manzaraning guvohi bo'lishingiz mumkin.

Shahargacha bo'lgan masofa: 50
kilometr
5. So'qoqda sayr

Ushbu maskan o'z landshaftining noan`anaviyligi bilan ajralib turadi. Bu
yerda paydo bo'lgan yo'lovchi o'zini xuddi Rossiyadagidek tasavvur qilishi
mumkin. Sershox qarag'ayzor shaharda yetishmaydigan salqin havo bilan
ta`minlaydi. Bu yerda sayyoh tanlashi mumkin: meteostansiyagacha borish yoki
Shoxqo'rg'on tog'iga ko'tarilish. Shoxqo'rg'ondan tog' tizmalari, Zarkent va
So'qoq qishloqlarining ajib manzarasi kishiga o'zgacha zavq bag'ishlaydi.
Tog'ga yaxshi jismoniy tayyorgarlik bilan 1,5-2 soatda ko'tarilish mumkin.
Bundan tashqari, mahalliy kaboblar ham mehmonlarni befarq qoldirmaydi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 60
kilometr
6. Gulkamsoy

Katta Chimyon atrofidagi hudud ko'plab tasviriy zonalarga bo'lingan.
Agar siz tirband shahardan dam olishni ixtiyor qilgan bo'lsangiz, Gulkamsoy
daralari dam olish uchun yana bir maqbul joy hisoblanadi. Soy atrofidagi
soya-salqin joylar, kichik suv to'siqlarini yengib o'tish, sharshara sizga
unutilmas taassurotlar va ekstremal his-tuyg'ularni taqdim etadi. Hudud qulay
yozgi supalar bilan jihozlangan, bu yerda oilaviy hordiq chiqarish mumkin.

Shahargacha bo'lgan masofa: 110
kilometr
7. Katta Chimyon cho'qqisiga ko'tarilish

Bu yerga borish g'oyasi faol hordiq tarafdorlariga mo'ljallangan.
Chimyon – O'zbekistonning tog' turizmi markazi. Qishda bu yerda chang'ichilarni, yozda esa - mahalliy cho'qqini zabt etish uchun kelgan
ko'plab guruhlarni uchratish mumkin.
Sayohat balandlikka harakatlanishdan
iborat bo'ladi. 3000 metr balandlikkacha yo'nalish nisbatan oson bo'ladi - aniq
yo'l, keng joy. Biroq so'nggi 300 metr masofada yo'lda qoyalar uchraydi, bu
yerda gid ko'rsatmalariga rioya qilish zarur. O'rta tayyorgarlik ko'rgan kishi
uchun 3309 metr balandlikka ko'tarilish 6-8 soat vaqtni oladi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 80
kilometr
8. Kumbel tog'i

O'zbekiston tog'lari - quyoshli o'lkaning eng diqqatga sazovor
joylaridan. Cho'qqiga chiqish istagini bildirayotganlar soni tobora oshib
bormoqda. Ortiqcha qiyinchilik tug'dirmaydigan sayohatsevarlarni Beldirsoyga,
Kumbel tog'iga taklif qilish mumkin. Uning balandligi - 2350 metr.
Yo'lning bir qismini osma dorda kesib
o'tish mumkin. yuqori stansiyada tushib, yana 40 daqiqa yurish kerak bo'ladi.
Tog'da meteorologik stansiya joylashgan. U yerga tushdan keyin quyoshning
botishini tomosha qilishga chiqqan kishi go'zal manzaraning guvohi bo'ladi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 75
kilometr
9. Oqsoq ota darasi

Bu yerda O'zbekiston Milliy universitetining yozgi oromgohi joylashgan.
Oqsoq ota - 30 kilometrdan ziyod chuqurlikka qarab ketuvchi keng dara. Bu
maskanda qoyalar, soya-salqin o'rmonlar va qarag'ayzorlarni uchratishingiz
shubhasiz. Shaharning shovqinidan keyin bu go'zal maskanda bo'lishni kim ham
orzu qilmaydi deysiz?! Ushbu maskan ham sokin, ham faol dam olish
tarafdorlariga to'g'ri keladi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 120
kilometr
10. Beldirsoy yaylovlari

Tasavvur qiling: yozgi quyosh taftida toblangan hamda musaffo tog'
havosi bilan to'yingan xushbo'y maysalar... Oilaviy hordiq uchun bundan
yaxshisi bormi?! Beldirsoy nomini olgan yaylov aynan sayyohlarbop maskandir.
Archazorlarni kezib, suvning tovushiga quloq tutish albatta oldinda kutayotgan
ish kunlariga yangi kuch-quvvat baxsh etadi.

Shahargacha bo'lgan masofa: 75
kilometr
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.