O’zbekistondagi albatta borish kerak bo’lgan 20 ta ajoyib joy
O’zbekiston
aholisi ajoyib manzaralar va arxeologik yodgorliklarni faqatgina xorijda topish
mumkin, degan fikrga o’rganib qolishgan. Ha, xorijiy turizm mahalliyga qaraganda
bir necha bora yaxshi rivojlangan. Biroq ajoyib yo’nalishlar va sirli joylarga sayohat
qilish uchun mamlakatdan chiqish shart emas. O’zbekistonda ham asrlar osha saqlanib
kelayotgan va xalq afsonalariga uzviy bog`langan joylar ko’p.
1. Borsa
Kelmas ko’li (Orol dengizidagi xuddi shu nomdagi boshqa orol bilan adashtirmaslik
kerak)

Borsa
Kelmas chuqur ko’li Ustyurt platosida joylashgan bo’lib, taxminan 30 million yil
muqaddam Tetis qadimiy dengizining bir qismi bo’lgan. Hozirda dengiz o’rnida Qoraqum,
Qizilqum, Ustryurt platosi va ushbu ko’l qolgan. Ko’lning nomi haqiqatga mos tushadi,
unga yaqinlashish juda xavfli – ko’plab jarliklar va ingicha tuz qatlami bilan qoplangan
daryoning muzlamay qolgan joylariga duch kelish mumkin. Biroq, mahalliy fuqarolarning
so’zlariga ko’ra, agarda rezina etiklar kiyib olib, botqoqlikdan eson-omon o’tib
olsa, ko’lning ustki qismigacha chiqish mumkin, u yer esa xuddi tosh kabi qattiq,
hamda ko’l bo’ylab sayr qilsa bo’ladi. Hattoki suvda yurish! Biroq, juda-juda sho’r suvda.
2. Paltov
daryosi vodiysi

Paltov
so’zi "temir tog`” ma’nosini anglatadi. Qadimgi davrlardan vodiyda temir rudasi
qazib olingan. Paltov daryosi vodiysi Toshkentdan taxminan 100 km masofada joylashgan
bo’lib, o’zida tashrif uchun birdaniga bir necha joyni qamrab oladi. Odatda turistik
yo’nalish 38 metrlik Paltov sharsharasidan boshlanadi. Undan biroz yuqoriroqda qayinzor
bor, u yerda esa Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni uchratish mumkin. Paltov kanoni
alohida e’tiborga loyiq, unda ajoyib manzara beruvchi releflar bor, ular tabiat
va vaqtning naqadar buyukligini eslatib yuboradi. Eng katta taassurotlardan biri
esa – Paltov daryosi bo’ylab sayohat. Bu yerda paleolit davrida qadimiy kishilar
yashagan bo’lib, Obi-Rahmat sun’iy g`orlari sifatida mashhurdir. U yerdan biroz
yuqoriroqda yana bir ajoyib joy bor – g`or. Bu yerda aprelda, vodiy bo’ylab lolalar
ochilgan payt kelgan yaxshiroq. Lolalar orasida esa – Kaufman lolasi, Greyg lolasi
va boshqa turlarni uchratish mumkin.
3. Varaxsha

Buxoroga borsangiz, Varaxsha – Buxoroda arablar istilosiga
qadar hukmronlik qilgan Buxorxudotlar qarorgohi joylashgan qadimiy shaharni albatta
borib ko’ring. Varaxsha Buxoro g`arbida, yarim soatlik yo’lda joylashgan bo’lib,
100 ga. maydonni egallaydi. Varaxsha saroyi freskalarini tadqiq qilish, shahar eramizning
V asridan 11-asriga qadar bor bo’lganini ko’rsatdi. Olimlarning taxminicha, Varaxshadagi
hayot mintaqada suvning yetishmasligi tufayli to’xtab qolgan. Qachonlardir esa bu
yer Buxoroga barobar joy bo’lgan. Bugungi kunda Varaxsha – bu xarobalar, ularni
ko’rib uzoq o’tmish haqida fikrlar uyg`onishi tabiiy.
4. Sitorai Mohi-hosa
— "Yulduzlar va oy bilan barobar saroy”

Buxoroning so’nggi amiri Said Olimxonning shahar tashqarisidagi
qarorgohi. Amir Olimxon Buxoroni Qizil armiya 1920-yilda bosib olgunga qadar boshqargan.
Bino ikki rus muhandisi tomonidan loyihalashtirilgan, uning bezak ishlari bilan
esa o’sha vaqtning eng yaxshi usta-hunarmandlari shug`ullangan. Arxitektura uslublarining
bunday noodatiy uyg`unligi boshqa hech qayerda uchramaydi. Ayni damda qarorgoh binosida
amaliy san’at muzeyi joylashgan. Biroq asosiy eksponat, albatta, saroy binosining
o’zidir. Aynan shu yerdan Buxoroning so’nggi amiri Afg`onistonga qochib o’tishga
majbur bo’lgan.
5. Fozilmon ko’li
(Sarbast)

Dengiz
sathidan 1650 metr balandlikda (bu esa Eyfel minorasidan besh barobarga ko’p degani)
Nurota tog`larining markazida ajoyib Fozilmon ko’li joylashgan. U bitta chashmadan
suv oladi hamda bahor oxirlarida ayniqsa juda go’zal bo’ladi. Afsuski, unda cho’milish
tavsiya etilmaydi, biroq osmonning undagi aksi (ayniqsa yulduzlisining) juda ham
noyob holatni ko’rish imkonini beradi.
6. Chilpiq-qal’a

Nukusdan 43 kilometr janubda, baland tepalikda Chilpiq-qal’a
joylashgan. Zardo’shtiylarning diniy joyi bo’lgan bu yer eramizning II—IV va
IX—XI asrlariga tegishli. Bu yerda zardo’shtiylar olamdan o’tgan shaxslarning jasadini
olib chiqib qo’yishgan. Jasad turli hayvonlar, qushlar tomonidan yo’q qilingach,
suyaklar maxsus idishga solinib, yerga ko’milgan. Chilpiq-qal’aning 15 metrlik devorlarida
hamon o’sha suyaklar saqlanmoqda.
7. Zomin qo’riqxonasi

Zomin – O’zbekiston hududidagi eng qadimiy davlat qo’riqxonasi
bo’lib, 1978-yilda O’zbekiston Xalq bog`i ochilgan. Bugungi kunda Zomin milliy bog`ining
maydoni 24 ming ga.dan ko’proqni tashkil etadi. Bog` Jizzax viloyatida joylashgan. Bu yerda
juda ham go’zal tabiat manzalariga duch kelish mumkin. Qo’riqxona hududida turizm
uchun maxsus zona ham ajratilgan – tabiat bilan birga bo’lish yoki ajoyib selfilar
qilish imkoni bor.
8. Tuzkon ko’li

Bu ko’l Jizzax viloyatida,
Jizzaxdan 56 km shimoli-sharqda, Qizilqum cho’lining sharqiy qismida joylashgan.
Taxminlarga ko’ra, Tuzkon ko’li – Orol-Kaspiy davridagi suv havzasining bir qismidir.
Ko’ldagi suv hech qayerga oqmaydi, shuningdek, u biroz sho’rroq bo’lib, shimoli-g`arbda
Aydarko’l bilan bog`lanadi. Bu ko’llarning umumiy maydoni – taxminan 3750 km.kv. Bir
yilda ko’llar tizimida 2000 tonnagacha baliq ovlanadi.
9. Rishtondagi kulolchilik ustaxonalari

Farg`ona vodiysidagi Rishton
azaldan ajoyib kulolchilik mahsuloti vatani sanaladi. Rishtonda kulolchilik mahsulotlari
yaratishning maxsus texnologiyasi, ularni pishirish va sirlash ishlab chiqilgan.
Ayni damda Rishtonda 1000 dan ortiq kulolchilar ishlamoqda, ulardan 100 ga yaqini
kulolchilik san’atining barcha texnologiyalarini biladi. Rishton ustalarining yaratgan
mahsulotlari dunyodagi ko’plab muzeylar kolleksiyasidan joy olgan.
10. Qanqa qo’hna shahri

Toshkentdan 60 km janubi-g`arbda,
sobiq "Leninizm” sovxozidan uncha uzoq bo’lmagan yerda tepalik bor. Bu tepalik qo’hna
shahardan qolgan yagona narsa joy juda kam inson bilsa kerak. Qanqa mil. av. III asr boshlarida shakllanib, XI asrning oxiriga qadar hayot
uzluksiz davom etgan. Bu yodgorlik o’rta asrlar davri mualliflari asarlarida keltirib
o’tilgan Xarashket bilan qiyoslanadi. Shahar Yer yuzidan deyarli butunlay yo’q bo’lib
ketganiga qaramay, bu yerga kelish albatta tavsiya etiladi.
11. Zangi ota maqbarasi

Toshkent yaqinidagi shaharchada
joylashgan bu maqbara Amir Temurning buyrug`iga ko’ra qurilgan. Zangi ota turk-islom
olamidagi ulug` mutafakkir hamda mutasavvif donishmandlardan biri bo’lgan. Zangi
ota Himmatiy laqabi bilan ham mashhur edi. U qora tanli, ushturlab (tuya lab), baquvvat,
barvasta gavdali odam bo’lgan. Bu yerda uning rafiqasi Anbar ona ham dafn etilgan.
Maqbara majmuasi bir necha zonalardan iborat: katta bog` va XIV—XIX asrlarda qurilgan
hamda masjid, madrasa, minora va Anbar ona maqbarasi. 1914—1915 yillarda masjid
oldida minora qurilgan. 2013-yilda esa bog` va Namozgoh masjidini kengaytirish bo’yicha
ishlar amalga oshirildi.
12. Omonqo’ton g`ori

Omonqo’ton karst g`ori Samarqand
viloyatidagi Zarafshon tog`lari shimoliy yonbag`rida joylashgan. G`orni arxeolog David Lev 1947-yilda topgan. Bu yerdan sinantrop insonning
son suyagi aniqlangan. Omonqo’ton g`ori O’zbekistondagi eng qadimgi manzilgohlardan
biridir. G`or chuqurligi 80 metr atrofida,
u yerda bir-biri bilan kichik o’tish joylari orqali bog`langan o’ziga xos zallar
bor. Omonqo’tonga yozning ikkinchi yarmida borgan yaxshiroq, u iyun o’rtalariga
qadar suv bilan to’lgan holatda bo’ladi.
13. Qonbeshbuloq meteorit ko’li

O’lchami 800 metr keladigan
ushbu kichik ko’l Surxondaryo viloyatidagi Xomkon darasida joylashgan. Olimlarning
fikricha, tabiiy yo’l bilan emas, balki meteorit qulashi tufayli yuzaga kelgan.
Tuproqdan esa tektitlar topilgan. Bunday ajoyib meteorit ko’lga tashrif buyurishni
unutmang. Katta ehtimol bilan, Qonbeshbuloq aslida bir meteorit krateridir.
14. "Yodgorlik” fabrikasi

1972-yilda Marg`ilonda Farg`ona
vodiysidagi eng yirik fabrikaga asos solingan. 2000 yilda esa bu fabrika "Yodgorlik”
xususiy korxonasiga aylandi. Qadimda ipak ortilgan karvonlar Buyuk ipak yo’li bo’ylab
Marg`ilondan Qoshg`ar, Bag`dod va hattoki Yunonistonga borgan. Bu ipak go’zallik
va sifat borasida Xitoynikidan qolishmagan, sababi farg`onalik ustalar bu borada
o’zlarining maxsus noyob texnologiyalarini o’ylab topishgan. "Yodgorlik” fabrikasi
butun dunyodan turistlarni faol jalb qiladi – ularga ipak matoni qo’lda ishlab chiqarish
jarayoni namoyish etiladi.
15. Oq Ostona bobo maqbarasi

Telpakchinordagi (Surxondaryo
viloyati) Oq Ostona bobo maqbarasi X asr oxiri, XI asrning boshlarida bunyod etilgan.
Ba’zi olimlarning taxminiga ko’ra, maqbara Muhammad payg`ambar s.a.v.ning izdoshlaridan
biri, avliyo Abu Hurayra qabri ustida barpo etilgan.
16. Teshiktosh

G`or dengiz sathidan 1500
kilometr balandlikda, Surxondaryo sharqidagi Boysun tog` tizmasida joylashgan.
1938–1939 yillarda taniqli arxeolog Aleksey Okladnikov shu g`ordan muste davriga
oid neandertal qiz bolaning qoldiqlarini topgan.
17. Krasnogorsk. O’tmishga sayohat


Krasnogorsk konchilar shahri
Toshkent viloyatida 1953-yilda tashkil etilgan. Bu yerda butun sobiq Ittifoqdan
mutaxassislar ishga kelgan. 90-yillarda esa shaharni odamlar ommaviy tashlab ketishni
boshlashdi, ular kvartiralari, mashinalari ham bu yerda tashlab ketishgan. Krasnogorsk
ko’chalari bo’ylab sayr qilinsa, sobiq Ittifoq 80-yillarda qanday ko’rinishda bo’lganini
aniq tasavvur qilish mumkin – o’sha davrga xos eski buyumlar va narsalar saqlanib
qolgan.
18. Zarautsoy

Surxondaryo viloyatida,
Termizdan 100-110 km g`arbda, Hisor tizmasining janubi g`arbida. joylashgan bo’lib,
bu yerda O’zbekiston hududidagi eng qadimiy qoyatosh rasmlari topilgan. 200 dan
ortiq rasmlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida
kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. U yerda odamlarning
itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan.
19. Qo’yqirilgan qal’a

Qo’yqirilgan qal’a – qadimiy
otashparastlar ibodatxonasi va qishloq xarobasi bo’lib, To’rtko’l shahridan 22 km
shimoli-sharqda joylashgan. Qal’a atrofida xandaq (eni 15 m, chuqurligi 3 m) bo’lib,
qadimda suv bilan to’ldirilgan. Qo’yqirilgan qal’a devorida O’rta Osiyo, Yaqin va
O’rta Sharq quldorlik davri shaharlar qurilishi uslubiga xos bo’rtib chiqib turgan
maxsus burjlar bo’lib, ularda o’q otish uchun nishon tuynuklari bor. Qo’yqirilgan
qal’a markazidagi 2 qavatli binoga maxsus zinapoyalarda chiqilgan. 1-qavatda alohida-alohida
8 ta gumbazli xonalar bo’lib, ular ichidan sopoldan yasalgan tobutlar, idish-tovoqlar,
har xil rasmlar solingan yog` idish (xum va ko’zacha)lar, naqshinkor suvdonlar topilgan.
Topilmalar ichida ma’budlarning terrakota haykalchalari, devorga ishlangan rangli
naqshlar, osmon jismlarini kuzatishga mo’ljallangan buyumlar bor.
20. Qirq qiz qal’a

Qirq qiz qal’a Xorazm hududida
1938-yilda o’tkazilgan arxeologik qazilma ishlari vaqtida, Beruniy shahridan 30
km shimolroqda aniqlangan. Olimlarning fikricha, qal’a eramizning I—VI asrlariga
tegishli. Qazilma ishlari davomida
zardo’shtiylar qabrlari topilgan. Afsonalardan biriga ko’ra, bu qal’ada Guloyim
ismli malika yashagan bo’lib, u o’zining qirq nafar safdoshi bilan chegarani mustahkam
saqlab, raqiblari hujumlaridan himoyalangan. Bugungi kungacha istehkom tuynuklari bo’lgan tashqi devorlar saqlanib qolgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.